O‘zbekistonda iqlim harakati ta’limi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish loyihasi
Loyihaning qisqacha mazmuni:
BMTTD, "Ta’lim hamma narsadan ustun" jamg‘armasi (EAA-Qatar) va O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ushbu uch yillik qo‘shma tashabbusi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi 1,3 million maktab o‘quvchilari va yoshlarni iqlim bo‘yicha bilimlar, yetakchilik qobiliyatlari va "yashil" ko‘nikmalar bilan ta’minlashga qaratilgan.
Iqlim o‘zgarishi ta’limini rasmiy maktab o‘quv dasturiga kiritish va 50 000 o‘qituvchini tayyorlash orqali, loyiha har bir o‘quvchiga interaktiv ta’lim vositalaridan foydalanish imkoniyatini yaratadi. Bu vositalar o‘quvchilarga iqlim o‘zgarishining asosiy mavzularini o‘rganishga, iqlim fanlari, moslashuv va yumshatish strategiyalari, ekologik barqarorlik haqidagi tushunchalarini shakllantirish va rivojlantirishga yordam beradi. Shuningdek, ular shaxslar va jamoalar iqlim inqirozini hal qilish uchun qo‘llay oladigan amaliy chora-tadbirlarni o‘rganish imkonini beradi.
Shuningdek, loyiha doirasida 800 nafar Yosh Yashil Elchilar tarmog‘i tashkil etiladi. Ular o‘z jamoalaridagi boshqa yoshlar bilan hamkorlikda 48 ta mahalliy iqlim harakatlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Bu harakatlar Mo‘ynoqda qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik turlarini ekishdan tortib, barqaror akvakultura tashabbuslarini yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida 12 ta kasb-hunar ta’limi markazi bilan hamkorlikda 4000 nafar yosh uchun ikkita maxsus kurs - qayta tiklanadigan energiya va iqlimga moslashgan qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘quv dasturlari tashkil etiladi. Ushbu kurslar kam uglerodli hayot tarzini targ‘ib qilish bilan birga yoshlarning ish topish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi. Loyihada gender tengligiga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, ishtirokchilarning kamida 48 foizini ayollar tashkil etadi. Bundan tashqari, ta’lim samaradorligini oshirish uchun raqamli texnologiyalardan foydalaniladi. Umuman olganda, mazkur loyiha O‘zbekistonning Parij bitimi doirasidagi majburiyatlari va Milliy yashil iqtisodiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga (4-, 7-, 8- va 13-maqsadlar) erishishga hissa qo‘shadi.
Asosiy maqsadlar:
Loyihaning asosiy maqsadi 1,3 million maktab o‘quvchilari (15-18 yosh) va yoshlar (19-24 yosh) orasida iqlim ta’limi va yashil ko‘nikmalarni rivojlantirish orqali ularning salohiyatini oshirishdir. Bu esa ularga O‘zbekistonning yanada yashil, bardoshli va barqaror kelajagiga hissa qo‘shish imkonini beradi. Bundan tashqari, loyiha qishloq jamoalarining barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, 800 nafar yoshni o‘z hududlarini ko‘kalamzorlashtirishga jalb etish va ularga mamlakatda yashil rivojlanish yo‘nalishini ilgari surish uchun ikkita yangi yashil ko‘nikma o‘rgatish orqali amalga oshiriladi.
Loyiha uchta o‘zaro bog‘liq maqsadlarga ega:
1-maqsad: “Yashil” ta’limga o‘tish: O‘zbekistonning barcha yuqori sinf maktablarida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ta’lim asosiy o‘quv dasturiga kiritiladi. Bunda ishlab chiqilgan o‘quv dasturi, tayyorlangan o‘qituvchilar orqali 1,3 million maktab o‘quvchilarga mo‘ljallangan. Kutilayotgan aniq natijalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1. Mavjud fanlarni takomillashtirish orqali iqlim masalalarini integratsiyalash va "Iqlim qutisi" to‘plamini o‘quv dasturiga kiritish yo‘li bilan 1,3 million maktab o‘quvchilari (kamida 48% qizlar) 15-18 yosh oralig‘ida iqlim ta’limini oladilar.
2. 50 000 nafar o‘qituvchi iqlim pedagogikasi, interaktiv usullar va raqamli/sun’iy intellekt vositalari bo‘yicha o‘qitiladi.
2-maqsad: Yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish va harakatga undash: Mamlakatning 7 hududidan 800 dan ortiq maktab va jamoat yoshlari o‘z jamoalarining iqlim muammolariga bardoshliligini oshirish, moslashish va yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun imkoniyat va ko‘nikmalar bilan ta’minlanadi. Kutilayotgan aniq natijalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1. 800 nafar Yosh Yashil Elchilar jamiyat barqarorligiga oid loyihalarga rahbarlik qilish uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi.
2. Yoshlar tomonidan 48 ta tashabbus amalga oshiriladi, jumladan 100 gektar qurg‘oqchilikka chidamli daraxtlar ekiladi va to‘rtta akvakultura sinov maydonchasi yaratiladi.
3. Eng yaxshi amaliyotlarni almashish va innovatsiyalarni kengaytirish maqsadida maktablar o‘rtasida kamida 20 ta o‘zaro tajriba almashish tashriflari uyushtiriladi.
3-maqsad: "Yashil" ko‘nikmalarni rivojlantirish: Qishloq joylardagi 4000 nafar yosh "yashil" iqtisodiyot imkoniyatlaridan foydalanish uchun malakasini oshiradi. Kutilayotgan aniq natijalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1. 12 ta Monomarkaz zamonaviy axborot texnologiyalari va o‘zbek, qoraqalpoq hamda rus tillaridagi o‘quv materiallari bilan ta’minlanadi.
2. Ikkita kasb-hunar kursi yo‘lga qo‘yiladi, 4000 nafar yosh qayta tiklanadigan energiya va iqlimga moslashgan qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ta’lim oladi.
3. 100 nafar yosh ish bilan ta’minlash yarmarkalarida qatnashadi hamda qishloq xo‘jaligi va qayta tiklanadigan energiya sohalaridagi "yashil" sektor korxonalarida amaliyot o‘tashadi.
Loyiha ushbu uchta komponenti o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni ta’minlaydi.
Barcha komponentlar uzviy bog‘liq holda ishlaydi: maktabga asoslangan iqlim ta’limi xabardorlikni oshiradi; Yosh yashil elchilar bilimlarni amaliy harakatlarga aylantiradi; kasbiy yashil ko‘nikmalar esa iqtisodiy yo‘llarning barqarorligini ta’minlaydi. Har bir mahallada xotin-qizlar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ishtirokida rejalashtirish bo‘yicha seminarlar o‘tkaziladi. Iqlimga mos, genderga e’tiborli yechimlar va raqamli vositalar o‘quv dasturlari, jamoat harakatlari va kasbiy ta’limni birlashtiradi. 3-komponent uzoq muddatli mahalliy egalikni ta’minlaydigan ishtirokchilik boshqaruvi va barqaror infratuzilma nazoratini tizimlashtiradi.
Kutilayotgan natijalar:
Loyiha xalq ta’limi va kasb-hunar ta’limi tizimlarida iqlim bilan bog‘liq bilimlarni institutsiyalashtirish, qishloq yoshlari orasida yashil ko‘nikmalarni rivojlantirish va jamiyatning iqlim o‘zgarishiga bardoshliligini oshirishga hissa qo‘shadi. Iqlim ta’limini asosiy yo‘nalishga aylantirish, yoshlarni jalb etish va iqlim bo‘yicha harakatlarga “pastdan yuqoriga” yondashuvni qo‘llab-quvvatlash orqali, loyiha O‘zbekistonning Parij bitimi doirasidagi majburiyatlari va uning Milliy belgilangan hissalariga (MBH) sezilarli darajada ko‘maklashishni maqsad qilgan.