O‘zbekistonda Qo‘shma Kreditlash Mexanizmini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat inshootlari va jamoat transporti dekarbonizatsiya salohiyatini namoyish etish orqali innovatsion dekarbonizatsiya yechimlarini ilgari surish
Loyihaning qisqacha tavsifi:
O‘zbekiston iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan davlatlardan biridir. So‘nggi yillarda kuzatilgan keskin ob-havo hodisalari, 2022–2023 yillardagi anomal qishdan tortib 2023–2024 yillardagi jazirama to‘lqinlarigacha, elektr energiyasi va isitish tizimlarining uzluksiz ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, aholi, davlat xizmatlari va muhim infratuzilmalarda uzilishlarga sabab bo‘ldi. Bu holatlar energiya tizimini yanada barqaror qilish va toza hamda barqaror energiya yechimlariga o‘tishni tezlashtirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Ushbu xatarlarni bartaraf etish maqsadida, O‘zbekiston 2018-yilda Parij kelishuvini ratifikatsiya qilib, 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2010-yil darajasiga nisbatan 35 foizga kamaytirishni o‘z zimmasiga oldi. Bu maqsadga erishish uchun mamlakatda keng ko‘lamli ichki choralar, mustahkam institutsional asoslar hamda global moliya, texnologiya va ekspertizaga kengroq kirish talab etiladi.
Asosiy faoliyat yo‘nalishlari:
Parij kelishuvi 6-moddasi doirasida hamkorlikni kuchaytirish
O‘zbekistonning past-uglerod rivojlanish yo‘liga o‘tishida xalqaro hamkorlik muhim o‘rin tutadi. 2022-yilda O‘zbekiston va Yaponiya Parij kelishuvining 6.2-moddasi doirasida Qo‘shma Kreditlash Mexanizmini amalga oshirish bo‘yicha o'zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Ushbu mexanizm orqali Yaponiya O‘zbekistonda past-uglerod loyihalarini qo‘llab-quvvatlashi va natijada yuzaga keladigan emissiya qisqarishlarini xalqaro uzatiluvchi mitigatsiya natijalari sifatida baham ko‘rishi mumkin.
BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida hukumat Qo‘shma Kreditlash Mexanizmini amaliyotga joriy etish uchun zarur bo‘lgan siyosiy va institutsional asoslarni yaratmoqda. Bunga loyihalarni tasdiqlash tartib-taomillarini aniqlashtirish, institutsional vazifalarni belgilash, monitoring tizimlarini mustahkamlash hamda xalqaro uzatiluvchi mitigatsiya natijalarni avtorizatsiya qilish jarayonlarini ishlab chiqish kiradi. Ushbu ishlar yangi investitsiyalarni jalb etishga, texnologiyalar transferini tezlashtirishga va mamlakatning milliy belgilangan hissasi (NDC) bo‘yicha maqsadlariga erishishga ko‘mak bermoqda.
Energiya samaradorligi bo‘yicha yechimlarni amaliyotda namoyish etish
Milliy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda, BMT Taraqqiyot dasturi talabga yo‘naltirilgan energiya samaradorligi bo‘yicha amaliy pilot tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Ushbu tajribalar iqlimga do‘st texnologiyalar qanday qilib chiqindilarni kamaytirishi, davlat xizmatlarining sifatini yaxshilashi va energiya xavfsizligini mustahkamlashini ko‘rsatib beradi.
Hozirda Mirobod tumani va Sirdaryo viloyatining qishloq hududlarida oltita pilot tashabbus amalga oshirilmoqda. Ular maktab, shifoxona va uchta bog'cha kabi obyektlarda energiya samaradorligini oshirish choralari bilan sinovdan o‘tkazilmoqda.
Joriy etilayotgan choralar:
Devorlar, tom va yerto‘lalarni issiqlik izolyatsiyasidan o‘tkazish va energiya tejamkor oynalarni o‘rnatish orqali binolarning energiya samaradorligini oshirish
Zamonaviy isitish va sovutish tizimlari, jumladan issiqlik nasoslarini joriy etish
Yuqori samarali split-tizimlar orqali isitish va konditsionerlik
(YaIM/GEF TAILEV loyihasi doirasida qo‘llab-quvvatlangan) yashil transport yo‘lagida elektron avtobuslar uchun issiqxona gazlari va havo ifloslanishini kuzatuvchi monitoring stansiyasi o‘rnatish
Salohiyatni oshirish va o‘rganilgan saboqlar asosida kengaytirish
BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekistonning past-uglerod rivojlanishini adolatli va inklyuziv tarzda amalga oshirish uchun institutsional salohiyatni mustahkamlashga ko‘maklashmoqda. Xususan, “adolatli o‘tish” tamoyillarini tushuntirishga qaratilgan o‘quv dasturi ishlab chiqilmoqda. Ushbu trening kamida 40 ta institutsional hamkorni qamrab oladi va ularda, ayniqsa, bino sektori hamda jamoat transporti kabi sohalarda tenglikka asoslangan dekarbonizatsiya choralarini rejalashtirish ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Bunga parallel ravishda, pilot loyihalarning texnik, moliyaviy, ijtimoiy, ekologik va gender jihatdan ta’sirlari o‘rganilmoqda. Olingan saboqlar respublika bo‘ylab energiya samarador va iqlimga moslashtirilgan yechimlarni keng ko‘lamda tatbiq etish bo‘yicha amaliy tavsiyalarga aylantiriladi.
Kutilayotgan natijalar
1-natija: Loyihalarni tasdiqlash bo‘yicha aniq tartib-taomillarni ishlab chiqish, institutsional vazifalarni belgilash, monitoring tizimlarini yaxshilash va xalqaro uzatiluvchi mitigatsiya natijalarni avtorizatsiya qilish jarayonlarini shakllantirish.
2-natija: Maktab, uchta bolalar bog‘chasi va shifoxonada talabga asoslangan energiya samaradorligi bo‘yicha amaliy pilot sinovlarini o‘tkazish.
3-natija: Kamida 40 nafar institutsional manfaatdor tomonlarni “adolatli o‘tish” tamoyillari bilan tanishtiruvchi o‘quv dasturini yetkazish va ishtirokchilarning kamida 30 foizini ayollar tashkil etishini ta’minlash.
O‘zbekistonning kelajakdagi dekarbonizatsiyasini qo‘llab-quvvatlash
Siyosiy islohotlarga ko‘maklashish, salohiyatni rivojlantirish va amaliy tajribalarni yo‘lga qo‘yish orqali BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekiston hukumati va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda barqaror, past-uglerod va iqlimga chidamli energiya kelajagini shakllantirmoqda, bu esa jamiyatning iqlim o‘zgarishiga nisbatan bardoshliligini oshiradi hamda aholiga zamonaviy va toza energiya xizmatlaridan teng foydalanish imkonini yaratadi.
Loyiha haqida batafsil ma’lumot olish uchun loyiha hujjatini yuklab oling.