Akiko Fujii xonim
BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi
Akiko Fujii xonim 2024-yil iyul oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining (BMT Taraqqiyot Dasturi) O‘zbekistondagi doimiy vakilasi etib tayinlandi.
Fujii xonim BMT Taraqqiyot Dasturi tizimida yigirma besh yildan ko‘proq vaqt davomida ishlab kelmoqda: Maldiv orollaridagi doimiy vakil; Vyetnamdagi doimiy vakil o‘rinbosari, Fijidagi ko‘p mamlakatli idora (Fiji, Mikroneziya federal shtatlari, Kiribati, Marshall orollari, Nauru, Palau, Tonga, Tuvalu, Vanuatu uchun) va Yamayka; shuningdek Sudan, Tokio (BMT Taraqqiyot Dasturining Yaponiyadagi amaldagi vakolatxonasi) va Pokistondagi vakolatxonalarda turli lavozimlarda ishlagan.
Fujii xonim BMTning barqaror rivojlanish kun tartibiga qat’iy sodiqdir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori darajadagi menejeri sifatida u iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelayotgan iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bilan faol shug‘ullangan, inqirozli va mojaroli vaziyatlarda keng ko‘lamli gumanitar yordam missiyalarini boshqargan va barcha uchun adolatli hamda barqaror inson rivojlanishiga erishish tizimlari bo‘yicha maslahatlar bergan.
BMT Taraqqiyot Dasturida o‘z faoliyatini boshlashdan avval u rivojlanish sohasidagi turli tashkilotlarda, jumladan, bosh qarorgohi Venada (Avstriya) joylashgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish bo‘yicha tashkiloti (UNIDO) hamda Kiotodagi hamjamiyatlarni rivojlantirish masalalari bilan shug‘ullanadigan nodavlat tashkilotida ishlagan; talabalik davrida esa u 1995-yilda Kobedagi kuchli zilzila qurbonlariga yordam berish uchun ko‘ngilli bo‘lgan.
Fujii xonim Buyuk Britaniyaning Sasseks universitetida gender masalalari va rivojlanish, Yaponiyaning Kioto universitetida inson va atrof-muhit tadqiqotlari bo‘yicha magistrlik, shuningdek, Osaka xorijiy tadqiqotlar universiteti va Musasino san’at universiteti (Yaponiya) bakalavri darajalariga ega.
Akiko Fujii’ni X (Twitter) platformasida kuzatib boring: @AkikoFujii1