Faqatgina namoyish emas: Eco Expo va GEFning Sakkizinchi Assambleyasi UNDPning O‘zbekistondagi faoliyati uchun nimani anglatdi?
2-July, 2026
Iyun oyining ilk haftasi davomida Samarqand dunyoning ekologiya sohasidagi eng muhim muloqot maydonlaridan biriga aylandi. Eco Expo Central Asia 2026 va GEFning Sakkizinchi Assambleyasida hukumatlar, olimlar, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari hamda mahalliy hamjamiyatlar vakillari jam bo‘lib, biologik xilma-xillikning kamayishi, iqlim o‘zgarishi, atrof-muhit ifloslanishi, yerlar degradatsiyasi va suv xavfsizligi kabi bugungi kunning eng dolzarb ekologik masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi uchun esa turli ekologik dasturlar doirasida yillar davomida amalga oshirilgan ishlarni bir maydonda jamlash va bir qarashda alohida ko‘rinadigan tashabbuslar aslida bitta ulkan maqsad, ya’ni inson va tabiatning uyg‘un ravnaq topishiga xizmat qilishini namoyish etish uchun noyob imkoniyat bo‘ldi.
Ortga nazar tashlar ekanmiz, bir nechta muhim xulosalar yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Ekologik muammolar davlat chegaralari va turli sohalarni qamrab oladigan hamkorlikni talab qiladi
Assambleya davomida muhokamalarda bir fikr qayta-qayta yangradi: ekologik muammolar davlat chegaralarida to‘xtab qolmaydi, demak, ularning yechimlari ham faqat bitta mamlakat doirasida bo‘lishi mumkin emas.
Bu yondashuv bir qator muhim tashabbuslarda o‘z ifodasini topdi. Jumladan, biologik xilma-xillik masalalariga bag‘ishlangan mintaqaviy tadbirda transchegaraviy bioxilma-xillikni muhofaza qilish va ekologik bog‘liqlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tadbir yakunida Markaziy Osiyoning besh davlati tog‘ ekotizimlarini barqaror boshqarish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan Niyat to‘g‘risidagi bayonotni imzoladi.
Shuningdek, Quyi Amudaryo havzasida suv resurslarini kompleks boshqarish bo‘yicha idoralararo bitim imzolandi. Mazkur hujjat O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga suv resurslarini rejalashtirish va boshqarishda ma'muriy chegaralardan emas, balki suv havzalarining tabiiy chegaralari, gidrologik sharoitlar, ekotizim ehtiyojlari hamda daryoning yuqori va quyi oqimida yashovchi aholi manfaatlaridan kelib chiqib qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik hamda degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash bo‘yicha o‘tkazilgan muloqotlar yana bir haqiqatni tasdiqladi: bugungi kunda samarali ekologik yechimlarga erishish mamlakatlar, davlat idoralari va mahalliy hamjamiyatlarning o‘zaro hamkorligisiz imkonsiz.
Har bir tashabbus turli ekologik masalalarga qaratilgan bo‘lsa-da, ularning barchasi birgalikda ekologik muammolarni hal etishda mintaqaviy va kompleks yondashuv tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini namoyon etdi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish endi faqat tabiatni asrash bilangina cheklanmaydi
Bu hafta yana bir muhim jihatni namoyon etdi: bugungi kunda ekologik harakatlar an'anaviy tabiatni muhofaza qilish yondashuvidan ancha kengroq mazmun kasb etmoqda.
Xususan, uzoq yillar davomida atrof-muhitda saqlanib qoladigan, oziq-ovqat zanjiri orqali to‘planadigan hamda inson salomatligi, biologik xilma-xillik va barqaror rivojlanish uchun jiddiy xavf tug‘diradigan barqaror organik ifloslantiruvchi moddalar(Persistent Organic Pollutants)ni samarali boshqarishga alohida e'tibor qaratildi. Shu maqsadda kimyoviy moddalar va chiqindilarni ekologik xavfsiz boshqarishni kuchaytirish hamda Stokgolm konvensiyasini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha Niyat to‘g‘risidagi bayonot imzolandi.
Shu bilan birga, barqaror moliyalashtirish ekologik yetakchilikning yangi bosqichiga aylanib bormoqda. Shu munosabat bilan ilk bor UNDPning BIOFIN metodologiyasiga asoslangan maxsus o‘quv moduli "Barqaror moliya" magistratura dasturi o‘quv rejasiga kiritildi.
2008-yilda ishga tushirilganidan buyon GEFning Kichik grantlar dasturi O‘zbekistonda ekologik muammolarning eng samarali yechimlari ko‘pincha mahalliy hamjamiyatlarning o‘zidan boshlanishini amalda isbotladi. Dastur doirasida mamlakat bo‘ylab mahalliy tashabbuslarga asoslangan 100 dan ortiq loyiha qo‘llab-quvvatlandi. Shu bois, Kichik grantlar dasturining yangi bosqichida ham jamoatchilik tashabbuslariga asoslangan innovatsion yechimlarni qo‘llab-quvvatlash davom etishi, shuningdek, ekotizimlarni tiklash va ularning barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladigan amaliy yechimlarni izlash ko‘lamining kengayishi quvonarli hol bo‘ldi.
Bu tashabbuslarning barchasi bir muhim haqiqatni ko‘rsatmoqda: bugungi kunda ekologik barqarorlikka erishish faqat tabiatni muhofaza qilish bilan cheklanmaydi. Buning uchun kuchli institutlar, samarali boshqaruv, innovatsion moliyalashtirish mexanizmlari, sifatli ta'lim, mahalliy salohiyatni rivojlantirish va o‘zgarishlarni boshqarishga qodir faol hamjamiyatlar ham birdek muhimdir.
Ekologik sa'y-harakatlar markazida hamon inson va mahalliy hamjamiyatlar turibdi
Muhokamalarning asosiy qismi siyosat, xalqaro hamkorlik va institutsional islohotlarga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, bu tashabbuslarning asl markazida odamlar va mahalliy hamjamiyatlar qolmoqda.
Hisor davlat qo‘riqxonasining sayyohlik markaziga uyushtirilgan tashrif ekologiyaga yo‘naltirilgan investitsiyalar amalda qanday natijalar berayotganini yaqqol namoyish etdi. Shuningdek, mahalliy aholi yashayotgan hududlarning biologik xilma-xilligi haqidagi bilimlarning ortishi inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani yana bir bor tasdiqlandi.
Zero, tabiatni anglash uni asrash yo‘lidagi eng kuchli vositalardan biridir.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan parallel sessiyalarda ham mahalliy hamjamiyatlar boshchiligidagi ekotizimlarni tiklash tashabbuslari, hududlarning o‘zida ishlab chiqilgan "yashil" yechimlar, barqaror turmush manbalarini yaratish, shuningdek, yoshlar va kelajakdagi ekolog mutaxassislarning barqaror kelajakni shakllantirishdagi beqiyos o‘rni alohida e'tirof etildi.
Biologik xilma-xillikni muhofaza qilish, suv resurslarini boshqarish, kimyoviy moddalar bilan xavfsiz muomala qilish yoki iqlim o‘zgarishiga moslashuv masalalari muhokama qilinganidan qat'i nazar, barcha sessiyalarda bir fikr yangradi: ekologik tashabbuslar faqat sog‘lom ekotizimlarga tayanib yashayotgan insonlarning hayoti va turmush farovonligini yaxshilagandagina haqiqiy natija beradi.
O‘ttiz yillik hamkorlik yo‘lini sarhisob qilish imkoniyati
Ehtimol, GEFning Sakkizinchi Assambleyasining eng muhim jihatlaridan biri O‘zbekiston, Global ekologik jamg‘arma (GEF) va BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) o‘rtasidagi hamkorlikning so‘nggi o'ttiz yil davomida bosib o‘tgan yo‘lini sarhisob qilish imkoniyatini yaratganidadir.
Bir vaqtlar nisbatan o‘rta ko‘lamdagi ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan boshlangan bu hamkorlik bugunga kelib biologik xilma-xillikni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, suv resurslarini barqaror boshqarish, ifloslanishning oldini olish, yashil moliyalashtirish, mahalliy hamjamiyatlarni rivojlantirish hamda davlat institutlari salohiyatini mustahkamlashni qamrab olgan keng qamrovli sheriklikka aylandi.
Samarqandda o‘tgan ushbu hafta ana shu turli yo‘nalishlarni yagona maydonda birlashtirdi. Beshta hamkorlik bitimi, bir qator parallel tadbirlar, strategik uchrashuvlar, texnik muhokamalar, netvorking va joylarga tashriflar orqali ishtirokchilar nafaqat alohida loyihalar bilan tanishish, balki ularning o‘zaro qanday bog‘liqligini ham yaqindan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.
Kelajakka nazar
Hafta yakunidagi eng muhim xulosa o‘tkazilgan uchrashuvlar yoki imzolangan bitimlar soni emas edi. Asosiy natija ekologik sa'y-harakatlarning tobora bir-biri bilan uzviy bog‘lanib borayotganini namoyish etish imkoniyati bo‘ldi.
Eco Expo va GEFning Sakkizinchi Assambleyasi biologik xilma-xillikni muhofaza qilish barqaror moliyalashtirishsiz amalga oshmasligini, ekotizimlarni tiklash esa mintaqaviy hamkorlikka tayanishini yana bir bor ko‘rsatdi. Suv resurslarini samarali boshqarish kuchli institutlarni talab qilsa, mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash ularning iqlim va ekologik xatarlarga nisbatan barqarorligini mustahkamlaydi. Hafta davomida taqdim etilgan har bir tashabbus ana shu keng qamrovli manzaraning muhim bo‘lagini tashkil etdi.
UNDPning O‘zbekistondagi vakolatxonasi uchun Assambleyaning eng katta ahamiyati ham aynan shunda bo‘ldi. Bu tadbir alohida loyihalarni namoyish etish bilan cheklanib qolmadi, balki o‘nlab yillar davomida shakllangan hamkorlik inson, davlat siyosati, moliyaviy resurslar va tabiatni barqaror rivojlanish yo‘lida qanday qilib yagona tizimga bog‘lab kelayotganini yaqqol namoyon etdi.