Samarqandda Orolbo‘yi suv barqarorligiga yangicha yondashuv taqdim etildi: SRIB rejasi konsepsiyasi imzolandi

3-June, 2026
Foto: UNDP O‘zbekiston

Samarqand, 2026-yil 2-iyun. "Eco Expo 2026" doirasida Quyi Amudaryo havzasi uchun Suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish (SRIB) rejasi konsepsiyasi imzolandi. Mazkur hujjat O‘zbekistonning eng zaif hududlaridan birida suvni yanada muvofiqlashtirilgan, ilmiy asoslangan va barqaror boshqarish uchun zamin yaratadi. Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Global ekologik fond (GEF) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan "Aral Sea Wetlands" loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.

Konsepsiyaning imzolanishi Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzasi ekotizimlarini tiklashga bag‘ishlangan qo‘shimcha tadbirning markaziy voqeasiga aylandi. Hujjat asosiy tarmoq idoralari rahbarlarining o‘rinbosarlari darajasida imzolandi: O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpulatov hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Alisher Shukurov.

Imzolash marosimining idoralararo darajada o‘tkazilgani Konsepsiyaning suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, ekotizimlarni muhofaza qilish va Quyi Amudaryo hududlarini barqaror rivojlantirish sohalarida kelishilgan qarorlar uchun umumiy platforma sifatidagi amaliy ahamiyatini yaqqol ko‘rsatadi.

Foto: UNDP O‘zbekiston

“Orol dengizi havzasi dunyodagi eng murakkab ekologik muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Biroq bugun fermerlar o‘zgaruvchan iqlimga moslashayotgani, mahalliy hamjamiyatlar esa o‘zgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanayotgani haqida ishonch bilan gapirishimiz mumkin, – deb ta’kidladi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov. – Bizning tajribamiz shuni ko‘rsatmoqdaki, iqlimga chidamli dehqonchilik va yer resurslarini barqaror boshqarish bir-birini to‘ldirgan holda rivojlanishi mumkin. Bunday yondashuv bir vaqtning o‘zida tanazzulga uchragan landshaftlarni tiklashga ham, aholi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga ham zamin yaratadi”.

Konsepsiyaning asosiy qimmati shundaki, u suv resurslarini boshqarishni ayrim suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va ekologik chora-tadbirlar rejimida emas, balki yaxlit havza rejalashtiruvi mantig‘i asosida yo‘lga qo‘yadi. Hujjatda suvni boshqarishning ma’muriy ko‘rinishidan gidrografik, ya’ni havza tamoyiliga o‘tishga alohida urg‘u berilgan. Bu shuni anglatadiki, Bunday yondashuv barcha suvdan foydalanuvchilarning manfaatlarini, tabiiy ekotizimlarning holatini, qishloq xo‘jaligi, kommunal soha, energetika, baliqchilik va mahalliy hamjamiyatlarning ehtiyojlarini inobatga olish, shuningdek, uzoq muddatli iqlimiy va ekologik xatarlarni hisobga olgan holda yechimlarni ishlab chiqish imkonini beradi.

Foto: UNDP O‘zbekiston

“Suv oziq-ovqat xavfsizligi, ekotizimlar salomatligi, iqtisodiyot barqarorligi va insonlar farovonligini o‘zaro bog‘lab turadi. Aynan shuning uchun suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning muhim vositasi hisoblanadi. Biz O‘zbekistonning Quyi Amudaryoda suv resurslarini boshqarishga havza yondashuvini ilgari surishdagi yetakchiligini olqishlaymiz hamda Orolbo‘yini tiklash yo‘lidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga umid qilamiz”, – deb ta’kidladi UNDPning O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Qarman.

Konsepsiya suv resurslarini tizimliroq baholash, turli suvdan foydalanuvchilarning manfaatlarini inobatga olish, har bir kub metr suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, resurslar uchun kelib chiqadigan nizolar xavfini kamaytirish hamda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik ehtiyojlar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga imkon beruvchi amaliy vosita bo‘lgan SRIB rejasini ishlab chiqish uchun zamin yaratadi.

Bo‘lg‘usi SRIB rejasi doirasida Quyi Amudaryoning bir nechta hududi — Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo va Mo‘ynoq tumanlari qamrab olinadi. Aynan mahalliy darajada suvga bo‘lgan talabni boshqarish, suv hisobini raqamlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, fermerlar va mahalliy hamjamiyatlarni qaror qabul qilish jarayoniga jalb etish bo‘yicha amaliy yondashuvlar ishlab chiqiladi.

"Eco Expo 2026" ko‘rgazmasi doirasida tashkil etilgan sayd-ivent tadbiri Aral Sea Wetlands loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan boshqa yondashuvlarni ham namoyish etish uchun muhim maydonga aylandi.

Tadbir suvli-botqoqli hududlarni tiklash, bioxilma-xillikni asrash, yer va suv resurslarini barqaror boshqarish hamda mintaqaning iqlim o‘zgarishlariga bardoshliligini oshirish sohasidagi amaliy yechimlarni muhokama qilish uchun davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamjamiyati va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar vakillarini bir joyga to‘pladi.

Tadbir ishtirokchilari – milliy va xalqaro ekspertlar – Orolbo‘yidagi ekologik muammolarni hamda suvli-botqoqli hududlar va qirg‘oqbo‘yi ekotizimlarining iqlim o‘zgarishiga moslashish, bioxilma-xillikni asrash va mahalliy aholi tirikchiligini ta’minlashdagi muhim rolini muhokama qildilar. Asosiy e’tibor yechimlarning amaliy mexanizmlariga: tanazzulga uchragan ekotizimlarni tiklash va yer degradatsiyasining neytral balansini ta’minlash vositalarini joriy etishdan tortib, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va mahalliy hamjamiyatlarni jalb etishgacha bo‘lgan masalalarga qaratildi.

Texnik sessiya doirasida "Aral Sea Wetlands" loyihasining xalqaro texnik maslahatchisi AQShlik Joshua Brann, «Tabiat qadrini baholash: Quyi Amudaryoda ekotizim xizmatlari va tirikchilik manbalarini saqlash» mavzusida so‘zga chiqdi. Shuningdek, BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiyasi bosh ilmiy xodimi German Kust ma’ruza qilib, yer degradatsiyasining neytral balansiga yondashuv doirasida yerdan barqaror foydalanishni baholash va rejalashtirish vositalarini taqdim etdi. Rossiyalik ekspert Vasiliy Lobkovskiy esa mahalliy darajada yerdan foydalanishni integratsiyalashgan rejalashtirishga doir amaliy yondashuvlarni namoyish qildi.

"Aral Sea Wetlands" loyihasi Orol dengizi havzasidagi ko‘llarni, suv-botqoq yerlarni va qirg‘oqbo‘yi hududlarini saqlash hamda barqaror boshqarishga qaratilgan. SRIB rejasi konsepsiyasining imzolanishi ushbu ishning amaliy asosini mustahkamlab, O‘zbekistonning Orolbo‘yini tiklashga nisbatan kompleks, tarmoqlararo va ekologik mas’uliyatli yondashuvga sodiqligini tasdiqlaydi.