O‘zbekiston innovatsiyalar va xalqaro tajriba almashinuvi orqali davlat moliyasini boshqarish islohotlarini kuchartirmoqda  

25-August, 2026

Foto: O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Toshkent, O‘zbekiston, 2026-yil 21-avgust – O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasida davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish: islohotlar, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etdi. Konferensiyada davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirok etib, davlat moliyasini boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni muhokama qildilar, milliy va xalqaro tajriba almashdilar hamda mamlakatning davlat moliyasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy yechimlarni ko'rib chiqdilar. 
 
Muhokamalar davlat moliyasini boshqarish islohotlarining zamonaviy tendensiyalari, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt, yashil moliyalashtirish, genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish, davlat investitsiyalarini boshqarish, fiskal xatarlar, shuningdek, ichki audit va ichki nazorat kabi asosiy yo‘nalishlarni qamrab oldi. Konferensiya, shuningdek, tizimli islohotlarni hamda barqaror rivojlanish va yashil ustuvor yo‘nalishlarni davlat moliyasini boshqarish tizimiga integratsiya qilish masalalarini muhokama qilish uchun platforma bo‘lib xizmat qildi. 

"Davlat moliyasi haqida gapirganda, odatda, ko‘z oldimizga jadvallar, hisobotlar va yirik raqamlar keladi. Ammo davlat moliyasining haqiqiy mazmuni raqamlarning o‘zida emas, ular orqali odamlar hayotida yaratilayotgan o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. Har bir raqam ortida inson bor: maktabga qadam qo‘yayotgan bola, sifatli tibbiy xizmat kutayotgan oila, toza suv va ravon yo‘lga ehtiyoj sezayotgan mahalla, yangi ish o‘rni yaratayotgan tadbirkor bor. Shu ma’noda, byudjet — shunchaki daromad va xarajatlar jadvali emas. Byudjet — davlatning ustuvorliklari raqamlar tilida ifodalangan, mamlakat kelajagiga yo‘naltirilgan investisiyalar portfelidir", dedi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov davlat moliyasini boshqarish islohotlarini amalga oshirishda inson manfaatlariga yo‘naltirilgan yondashuv muhimligini ta’kidlab. 

“O‘zbekiston o‘z oldiga iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik sohalarda ulkan maqsadlarni qo‘ygan va ularga erishish davlat moliyasini boshqarish tizimidan ushbu ustuvor yo‘nalishlarni samarali byudjet qarorlari va investitsiyalarga aylantira olishni talab etadi. O‘rta muddatli fiskal rejalashtirishdan tortib dasturiy, yashil va Barqaror rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirilgan byudjetlashtirishgacha bo'lgan barcha olib borilayotgan islohotlar davlat resurslaridan yanada strategik, shaffof va samarali foydalanish yo‘lidagi muhim qadamdir. BMT Taraqqiyot Dasturi ushbu transformatsiya jarayonida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro tajriba va amaliy yechimlarni taqdim etish hamda davlat moliyasini mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirishga ko‘maklashishda davom etadi”, dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman. 

BMTTDning Istanbuldagi Mintaqaviy markazi Dasturlar va hamkorlik bo‘yicha mutaxassisi Viktoriya Mlynarchikova Slovakiyaning davlat moliyasini boshqarish sohasidagi islohotlar bo‘yicha tajribasi hamda o‘zlashtirilgan saboqlarni O‘zbekiston bilan bo‘lishish borasidagi hamkorlikni ta’kidlab o'tdi. Shuningdek, u O‘zbekistonda byudjet jarayonlarini takomillashtirish, jumladan, yashil va iqlim bilan bog‘liq byudjetlashtirish yondashuvlarini joriy etish borasida erishilgan yutuqlarni e’tirof etdi hamda o'zaro hamkorlik davlat moliyasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.  

Konferensiyada ishtirok etgan xalqaro ekspertlar mamlakatlar davlat moliyasini boshqarishda uzoq muddatli yondashuvni qo‘llashi, bunda rejalashtirish, samaradorlik va davlat xarajatlarining natijadorligiga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, panel ishtirokchilari zamonaviy davlat moliyasini boshqarishda davlat korxonalari, davlat-xususiy sheriklik, xatarlarni boshqarish hamda sun’iy intellektga asoslangan vositalarning tobora ortib borayotgan rolini muhokama qildilar. Ular islohotlar yagona yondashuv asosida emas, balki har bir mamlakatning ehtiyojlari va tajribasidan kelib chiqib amalga oshirilishi lozimligini qayd etdilar. 

Photo: large group of professionals posing for a conference group photo in a banquet hall.

BMTTD O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda hamda Slovakiya Respublikasi Moliya vazirligi ko‘magida amalga oshirilayotgan “Taraqqiyot uchun davlat moliyasi” loyihasi doirasida davlat moliyasini boshqarish sohasidagi islohotlarni kuchaytirishda O‘zbekistonni qo'llab-quvvatlashda davom etadi.