O‘zbekistonning rivojlanayotgan ESCO bozorini qo‘llab-quvvatlash uchun energiya auditi ko‘nikmalarini mustahkamlash

Amaliy treninglar energiya auditorlari, xususiy sektor mutaxassislari va davlat tashkilotlarini energiya samaradorligi loyihalarini ishlab chiqish, baholash va tekshirish uchun amaliy vositalar bilan ta’minladi.

3-September, 2026
Foto: UNDP O‘zbekiston

2026-yil 13–28-avgust kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining (UNDP) O‘zbekistondagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasi Energiya samaradorligi milliy agentligi Energiya xizmatlari kompaniyalari (ESCO) loyihalari uchun energiya auditlari bo‘yicha ikki kunlik treninglar seriyasini tashkil etdi.

Qarshi, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridan 80 nafar energiya auditori, istiqboldagi ESCO kompaniyalari vakillari, xususiy sektor mutaxassislari va tegishli davlat tashkilotlari vakillari ushbu moslashtirilgan trening dasturida ishtirok etdi.

ESCO bozori uchun asos yaratish

O‘zbekiston davlat infratuzilmasida energiya iste’molini kamaytirish va energiya samaradorligiga investitsiyalar kiritishda xususiy sektorning rolini kuchaytirishga qaratilgan islohotlarni ilgari surmoqda. Maktablar, shifoxonalar, bog‘chalar va boshqa davlat binolari energiya xarajatlarini kamaytirish, shu bilan birga binolardagi qulaylik va davlat xizmatlari sifatini yaxshilash uchun katta salohiyatga ega.

Ishonchli energiya auditlari ushbu salohiyatni investitsiya kiritish mumkin bo‘lgan loyihalarga aylantirish uchun muhim ahamiyatga ega. Ular energiyaning hozirda qanday iste’mol qilinayotganini aniqlash, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli choralarni belgilash va erishish mumkin bo‘lgan tejash hajmining ishonchli hisob-kitoblarini taqdim etishga yordam beradi.

ESCO loyihalari uchun energiya auditlari, shuningdek, energiya iste’molining boshlang‘ich ko‘rsatkichlarini belgilash, samaradorlik talablarini aniqlash hamda loyihani amalga oshirish davomida erishilgan tejashni o‘lchash va tekshirish uchun texnik asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ishonchli ESCO bozori energiya tejashni shaffof tarzda hisoblash va tekshirish mumkinligiga bo‘lgan ishonchni talab qiladi. Energiya auditorlari va xususiy kompaniyalarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash orqali ushbu trening davlat tashkilotlari, ESCOlar va potensial moliyalashtiruvchilar o‘rtasida ishonchni shakllantirishga hissa qo‘shadi”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Energiya samaradorligi milliy agentligi vakili Shohjahon Islomov.

Foto: UNDP O‘zbekiston

Energiya auditi tamoyillaridan amaliy qo‘llashgacha

Har bir treningning birinchi kunida ishtirokchilarga O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqida energiya auditining huquqiy va texnik asoslari tanishtirildi. Mashg‘ulotlarda ESCO loyihasi sikli davomida turli audit turlarining roli, jumladan, Walk-Through Audit va Investment Grade Audit turlari ko‘rib chiqildi.

Ishtirokchilar, shuningdek, energiya iste’molining boshlang‘ich ko‘rsatkichlarini belgilash, ma’lumotlarni ob-havo va foydalanish sharoitlariga muvofiq normallashtirish hamda Xalqaro samaradorlikni o‘lchash va tekshirish protokoli (IPMVP) asosida tegishli o‘lchash va tekshirish yondashuvlarini tanlashni o‘rgandilar.

Ikkinchi kun amaliy qo‘llashga bag‘ishlandi. Guruhlarga bo‘lingan ishtirokchilar har bir hududdagi tanlangan davlat binolariga tashrif buyurib, boshlang‘ich ko‘rsatkichlarni belgilash, energiya iste’molini iqlim sharoitlariga moslashtirish, potensial tejash hajmini baholash va tegishli tekshirish usullarini tanlash uchun hisob-kitob vositalarini qo‘lladilar.

Amaliy mashg‘ulotlar ayniqsa foydali bo‘ldi, chunki biz bino darajasidagi ma’lumotlar bilan ishladik va vositalarni o‘zimiz qo‘lladik. Bu bizga umumiy energiya auditidan ESCO loyihasini qo‘llab-quvvatlay oladigan va tejash natijalarini ham mijozga, ham investorga ko‘rsatib bera oladigan hisob-kitobga qanday o‘tishni tushunishga yordam berdi”, — dedi Farg‘onadagi energiya auditori Muxayo Latipova.

Dastur davomida taqdim etilgan hisob-kitob shablonlari va qo‘shimcha materiallardan ishtirokchilar kelgusidagi faoliyatlarida foydalanishlari mumkin. Ular energiya samaradorligi choralarini baholash va rejalashtirilgan hamda erishilgan tejash bo‘yicha hisob-kitoblar asosidagi taxminlarni hujjatlashtirish uchun tizimli yondashuvni taqdim etadi.

Bozorni rivojlantirish va investitsiyalarga tayyorgarlikni qo‘llab-quvvatlash

Trening energiya samaradorligi bo‘yicha texnik jihatdan puxta loyihalarni tayyorlay oladigan mutaxassislarga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojga javob berdi. Shuningdek, u energiya auditorlari, davlat tashkilotlari va xususiy kompaniyalar o‘rtasida energiya samaradorligini qanday baholash va tekshirish kerakligi bo‘yicha yagona tushunchani shakllantirishga xizmat qildi.

O‘zbekistonning ESCO bozori shakllanishi nafaqat qulay qonunchilik va moliyalashtirishga, balki ishonchli loyihalarni tayyorlay oladigan mutaxassislarga ham bog‘liq bo‘ladi. Ushbu treninglar xalqaro metodologiyalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirilgan amaliy mashg‘ulotlar bilan birlashtirib, ishtirokchilarga davlat binolarida bevosita qo‘llash mumkin bo‘lgan ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam berdi”, — dedi UNDPning xalqaro eksperti Yuray Klukan.

Treninglar “Energiya auditlari — davlat binolarida energiya samaradorligi salohiyatini ro‘yobga chiqarish” loyihasi doirasida o‘tkazildi. Loyiha kengroq “Rivojlanish uchun davlat va xususiy moliyalashtirish” (PPFD) tashabbusi doirasida Slovakiya Respublikasi Moliya vazirligining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.