O‘zbekiston va Yaponiya shaharlarning tabiiy ofatlarga va iqlim o‘zgarishiga barqarorligini oshirish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlamoqda
13-August, 2026
Toshkent, 2026-yil 13-avgust – Bugun Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (UNDP), O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarvazirligi hamda Yaponiya Yer, infratuzilma, transport va turizm vazirligi (MLIT) tomonidan yuqori darajadagi muloqot tashkil etildi. Mazkur tadbir UNDPning Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyo shaharlarining tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishiga barqarorliligini oshirish” hamda “Markaziy Osiyo mintaqasida ofatlar xavfini kamaytirish tizimini mustahkamlash” nomli ikki mintaqaviy loyihasi doirasida o‘tkazildi.
Tadbirda hukumat vakillari, Yaponiya va O‘zbekistonlik hamkorlar, shuningdek, mintaqa mamlakatlarini iqlim o‘zgarishiga moslashishni shaharsozlikka integratsiya qilishda qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik platformasini mustahkamlash orqali xavfsizroq va barqaror shaharlarni yaratish bo‘yicha strategik ustuvor yo‘nalishlarni o‘rganish maqsadida ekspertlar ishtirok etdi.
O‘zbekistonRespublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ushbu muloqotning O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, erta ogohlantirish tizimlari hamda barqaror shaharsozlik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
“Biz O‘zbekistonda tabiiy ofatlarga tayyorgarlikni kuchaytirish bilan bir qatorda ekologik barqarorlikni ham mustahkamlamoqdamiz. Bu ishlar havo sifati monitoringi, yashil infratuzilmani rivojlantirish, erta ogohlantirish tizimlarini joriy etish hamda xavf-xatarlarni hisobga olgan holda shaharlarni rejalashtirishni qamrab oladi. Mazkur muloqot yapon kompaniyalari va texnik ekspertlar bilan hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa, erta ogohlantirish tizimlari, barqaror infratuzilma, barqaror shahar rivojlanishi va ilg‘or ekologik texnologiyalar yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi”, - dedi u.
Shuningdek, Yaponiya Yer, infratuzilma, transport va turizm davlat vaziri janob Xadzime Sasaki Toshkentdagi tadbirdagi nutqida shunday dedi:
“Yaponiya ko‘p sonli tabiiy ofatlarni boshdan kechirib, har qanday falokat yuz berishidan avval xavf-xatarlarni anglash hamda shahar va infratuzilmalarning chidamliligini oshirish naqadar muhim ekanini tushunib yetdi. Biz tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohasidagi Yaponiyaning bilim, texnologiyalari va davlat-xususiy sheriklik tajribasini O‘zbekiston bilan baham ko‘rishga hamda iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlarga bardosh bera oladigan xavfsiz va barqaror shaharlarni rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz”.
Tadbir davomida ishtirokchilar seysmik xavfsizlik, suv toshqinlariga tayyorgarlik va xavf-xatarga asoslangan shaharsozlikni joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar va innovatsion yondashuvlarni muhokama qildilar. Yaponiyalik ekspertlar tabiiy ofatlarga qarshi kurashish sohasidagi bilimlari bilan o‘rtoqlashdi, o‘z navbatida O‘zbekiston vakillari ham Toshkent va Namangan kabi shaharlarda amalga oshirilayotgan milliy strategiyalar va amaliy chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
“Bugungi muloqot doirasida ko‘rib chiqiladigan masalalar - erta ogohlantirishtizimlari, xavfga asoslangan shaharsozlik, seysmik xavfsizlik va integratsiyalashgan monitoring yechimlari -bevosita fuqarolarimiz hayotiva xavfsizligiga daxldordir. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ushbu sohadagi barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga va amaliy natijalarga yo‘naltirilgan hamkorlikni kengaytirishga tayyor” — dedi O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Xurshid Sotiev.
O‘z navbatida Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Kenji Xirata shunday ta’kidladi:
"Markaziy Osiyo plyus Yaponiya" muloqoti doirasida mamlakatlarimiz tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, shaharlarning barqarorligini oshirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishni hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida belgiladi. Yaponiya hukumati Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (UNDP) bilan hamkorlikda shaharlar chidamliligi va mintaqaviy darajada ofat xavfini kamaytirish bo‘yicha ikkita loyiha orqali ushbu hamkorlikni amaliy harakatlarga aylantirmoqda. Ishonchim komilki, bugungi muloqot ikki mamlakatning bilim va tajribasini birlashtirib, yanada mustahkam shaharlar va hamjamiyatlarni barpo etish yo‘lida keyingi o‘zaro hamkorlikka zamin yaratadi”.
“Urbanizatsiya iqtisodiyo‘sishning kuchli harakatlantiruvchi omili hisoblanadi. Rasmiy baholashlarga ko‘ra, urbanizatsiya darajasining har bir foiz punktga oshishi hududiy yalpi ichki mahsulotning kamida bir foizga o‘sishi bilan bog‘liq bo‘lib, investitsiyalar, innovatsiyalar va tijorat faoliyatini ham rag‘batlantiradi. Biroq shaharlarning jadal rivojlanishi kelajakdagi tabiiy ofatlardan insonlar hayotini himoya qilish uchun barqarorlikni oshirishga qaratilgan shunga mos darajadagi investitsiyalar bilan birga olib borilishi zarur”, — dedi BMT Taraqqiyot dasturining (UNDP) O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii.
“Shu nuqtai nazardan, bizning qo‘shma tashabbusimiz strategik ahamiyatga ega. O‘zbekistonda, xususan Namangan shahri misolida, mamlakat tarixida ilk bor Iqlim va tabiiy ofatlar xavfi profili ishlab chiqildi. Bu esa O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari, jumladan, BRM 11 (barqaror shaharlarni rivojlantirish) va BRM 13 (iqlim hamda tabiiy ofatlar xavfini boshqarish) bo‘yicha erishayotgan yutuqlariga bevosita hissa qo‘shadi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Muloqot yakunida Markaziy Osiyoning barcha fuqarolari uchun barqaror va xavfsiz kelajakni ta’minlash maqsadida institutsional salohiyatni yanada mustahkamlash, erta ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish va mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma tavsiyalar ishlab chiqildi.