O‘zbekistonda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan GIS-texnologiyalar asosidagi innovatsion tizim joriy etilmoqda
22-January, 2026
O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish, prognozlash va ularga tezkor javob berish samaradorligini oshirish maqsadida geoinformatsion texnologiyalar (GIS) asosidagi innovatsion tizim joriy etilmoqda. Ushbu tizim hududlarning holati va yuzaga kelayotgan xavf-xatarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda yig‘ish va tahlil qilish, shuningdek yagona axborot-kartografik resurs asosida favqulodda vaziyatlarning rivojlanish ssenariylarini modellashtirish imkonini beradi.
Yuqori quvvatli axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan hamda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot hududiy bo‘linmalardan ma’lumotlarni markazlashgan tarzda yig‘ish, ularni fazoviy tahlil qilish va vizualizatsiya qilish, tezkor boshqaruvni amalga oshirish, shuningdek tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni prognozlash va rejalashtirish imkonini beradi. Bu aholini yanada tezkor va manzilli ogohlantirish, favqulodda xizmatlar resurslaridan samarali foydalanish hamda idoralararo hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
GIS-texnologiyalar asosidagi mazkur tizim Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) ko‘magida, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O‘zgidromet bilan hamkorlikda, Yashil iqlim jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida ishlab chiqilmoqda.
Loyiha doirasida O‘zgidromet bilan hamkorlikda qor ko‘chkilari, sel oqimlari va gidrologik qurg‘oqchilik xavflarini baholashga mo‘ljallangan ko‘p modulli platforma ham ishlab chiqilmoqda. Ushbu platforma Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimining funksional imkoniyatlarini kengaytirib, milliy erta ogohlantirish salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
GIS-texnologiyalar asosidagi tizimni ishlab chiqish va joriy etish BMTTDning iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga keladigan xavfli tabiiy hodisalarga nisbatan jamoalarning barqarorligini oshirishga qaratilgan O‘zbekistonning kompleks erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli faoliyatining muhim qismi hisoblanadi. Ushbu tizimning joriy etilishi kompleks erta ogohlantirish tizimi samaradorligini oshirib, aholining himoyasini kuchaytirish va mamlakatning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini mustahkamlashga bevosita hissa qo‘shadi.
***
BMTTD, FVV va O‘zgidromet xizmatining “O‘zbekiston aholisining iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan xavf-xatarlarga nisbatan chidamliligini oshirishgaqaratilgan kompleks erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish” nomli qo‘shma loyihasi Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha faoliyati Farg‘ona vodiysining aholisi zich va iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgan tog‘li hududlaridagi suv toshqinlari, sellar, ko‘chkilar, qor ko‘chkilari va gidrologik qurg‘oqchilik kabi tabiiy ofatlarga urg‘u bergan holda mamlakatdagi erta ogohlantirish tizimini modernizatsiya qilish va qayta shakllantirishga qaratilgan.