Jurnalistik surishtiruvlari bo‘yicha amaliy trening uchun arizalar qabuli boshlandi!
29-June, 2026
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda jurnalistik surishtiruvlar sohasida amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan ikki kunlik treningga qabul e’lon qiladi.
Sana: 2026-yil 7–8-avgust
O‘tkazilish joyi: Toshkent viloyati
Treningga quyidagilar taklif etiladi:
- korrupsiyaga qarshi kurash mavzularini yoritayotgan yoki ushbu yo‘nalishga qiziqish bildirayotgan jurnalistlar va blogerlar;
- jurnalistika fakulteti talabalari.
Trening dasturida nimalar mavjud?
Ishtirokchilar ekspertlar rahbarligida nazariy bilimlarini mustahkamlash hamda amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Dastur quyidagi mavzularni qamrab oladi:
- jurnalistik surishtiruvlarni tayyorlash va o‘tkazishning zamonaviy usullari;
- ochiq manbalar va hujjatlar bilan ishlash, ma'lumotlarni izlash, tekshirish va tahlil qilish, shuningdek raqamli vositalar hamda sun'iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish;
- jurnalistlarning huquqiy va raqamli xavfsizligi, axborot manbalarini himoya qilish, kasbiy etika va axborotdan foydalanish huquqi;
- surishtiruv jurnalistikasi bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tajriba hamda jurnalistlar o‘rtasidagi professional hamkorlikni rivojlantirish.
🗣 Trening o‘zbek va rus tillarida o‘tkaziladi (ketma-ket tarjima ta'minlanadi).
📌 Hududlardan keladigan ishtirokchilarning transport xarajatlari tashkilotchilar tomonidan qoplanadi.
Ishtirokchilar qanday tanlanadi?
Arizalar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
- Treningda ishtirok etish motivatsiyasi va olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash rejalari — 15 ballgacha (Nomzodning qiziqishi, ishtirok etish sabablari hamda bilim va ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llash rejalari baholanadi.)
- Korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida tayyorlangan materiallar tajribasi — 5 ballgacha. (Maqolalar, reportajlar, bloglar va boshqa mualliflik materiallari inobatga olinadi.)
- OAV, PR yoki blogerlik sohasidagi ish tajribasi — 10 ballgacha. (Dastur amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgani sababli, 1 yildan 5 yilgacha ish tajribasiga ega nomzodlarga ustuvorlik beriladi.)
📌 Qo‘shimcha:
Ishtirokchilarning yakuniy ro‘yxatini shakllantirishda mintaqaviy va gender xilma-xilligi hisobga olinadi.
So‘nggi 12 oy davomida korrupsiyaga qarshi kurashish va surishtiruv jurnalistikasi bo‘yicha o‘xshash treninglarda qatnashganlik ballarga ta'sir qilmaydi, ammo barcha nomzodlar uchun teng imkoniyatlarni ta'minlash maqsadida yakuniy tanlovda inobatga olinishi mumkin.
Arizalar qanday topshiriladi?
📝 Ro‘yxatdan o‘tish shaklini 2026-yil 10-iyul, soat 23:59 (Toshkent vaqti)gacha to‘ldiring.
🔗 Ro‘yxatdan o‘tish havolasi: https://forms.gle/2KtaQQnZZFcYA46u7
Mazkur trening Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot Dasturining "O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish milliy ekotizimini mustahkamlash" qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.
📞 Tanlovdan o‘tgan ishtirokchilar 2026-yil 24-iyuldan kechiktirilmagan holda xabardor qilinadi.
Ro‘yxatdan o‘tish va trening bo‘yicha savollar yuzasidan:
📧 anti-corruption.uz@undp.org
📱 +998 90 330 41 70
Nomzodlar uchun eng ko‘p beriladigan savollarga javoblar barcha uchun ochiq bo‘lishi va teng axborot olish imkoniyatini ta'minlash maqsadida mazkur Telegram-kanalda e'lon qilib boriladi: https://t.me/BMTTD_Jurnalistik_Surishtiruv