Fuqarolik jamiyati tashkilotlari uchun Kichik grantlar dasturi doirasida loyiha takliflarini qabul qilish bo‘yicha tanlov

10-August, 2026

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (UNDP) O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida UNDP, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) va BMTning Gender tengligi va ayollar huquqlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha tuzilmasi (UN Women) tomonidan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Gender tengligiga erishish uchun zararli qarashlar va me’yorlarga qarshi kurasish (CHANGE)” mintaqaviy loyihasi doirasidagi Kichik grantlar dasturi uchun loyiha takliflarini qabul qilish bo‘yicha tanlov e’lon qiladi.

Dastur O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar uchun barqaror iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan fuqarolik jamiyati tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, ayollarning ish bilan ta’minlanishi, daromad topish imkoniyatlari va barqaror daromad manbalariga ega bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirish orqali gender asosidagi zo‘ravonlikning oldini olishga hissa qo‘shadi.

Ustuvor yo‘nalishlar

Loyiha takliflari quyidagi yo‘nalishlardan biri yoki bir nechtasini qamrab olishi lozim:

1. Mehnat huquqlari va xabardorlikni oshirish

Loyihalar mehnat huquqlari, munosib mehnat va qulay mehnat sharoitlariga bo‘lgan huquq, shu jumladan uy mehnati bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning huquqlari to‘g‘risida xabardorlikni oshirishga qaratilishi lozim.

Tadbirlar norasmiy sektorda mehnat qilayotgan ayollarning mehnat huquqlari va mavjud ijtimoiy himoya choralaridan foydalanish imkoniyatlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish, rasmiy mehnat faoliyatining afzalliklarini targ‘ib qilish, shuningdek, uy mehnati va haq to‘lanmaydigan parvarishlash mehnati bilan bog‘liq ijtimoiy qarash va me’yorlarni o‘zgartirishga qaratilishi mumkin.

2. Ko‘nikmalarni rivojlantirish

Loyihalar mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda amaliy kasbiy va texnik ko‘nikmalar, tadbirkorlik, moliyaviy savodxonlik hamda raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan o‘quvlarni nazarda tutishi lozim.

Tadbirlar qiymat yaratish zanjirlarini rivojlantirish, raqamli ko‘nikmalar, elektron tijorat, ijtimoiy tarmoqlarda marketing, frilans, moliyaviy boshqaruv va biznes-rejalashtirish bo‘yicha treninglarni o‘z ichiga olishi mumkin. Bunday chora-tadbirlar ayollarning ishga joylashish va barqaror daromad topish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi lozim.

3. Malakani tasdiqlash, ishga joylashtirish va tadbirkorlik

Loyihalar doirasida egallangan ko‘nikmalarni sertifikatlash, ishga joylashishda ko‘maklashish, ish beruvchilar bilan hamkorlik qilish, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini tashkil etish hamda o‘z biznesini boshlayotgan yoki faoliyatini kengaytirayotgan ayollarga maslahat xizmatlarini ko‘rsatish mumkin.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash biznes-reja ishlab chiqish, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, moliyalashtirish manbalaridan foydalanish va bozorga chiqish bo‘yicha ko‘makni o‘z ichiga olishi mumkin.

Kimlar ariza topshirishi mumkin?

Tanlovda O‘zbekiston Respublikasida qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) ishtirok etishi mumkin. Bunda tashkilotlar:

  • ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kamida besh yillik tajribaga ega bo‘lishi;
  • Dastur maqsadlariga mos yo‘nalishlarda faoliyat yuritishi; va
  • taklif etilayotgan loyihani amalga oshirish uchun zarur institutsional va operatsion salohiyatga ega bo‘lishi lozim.

Quyidagi toifadagi ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarga ustuvor ahamiyat beriladi:

  • qishloq va olis hududlarda yashovchi ayollar;
  • nogironligi bo‘lgan ayollar;
  • kam ta’minlangan oilalardagi ayollar;
  • ijtimoiy jihatdan zaif vaziyatdagi ayollar; va
  • gender asosidagi zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar.

Tijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, diniy tashkilotlar, iste’mol kooperativlari, uy-joy mulkdorlari shirkatlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tanlovda ishtirok eta olmaydi.

Ariza topshirish tartibi

  • Tanlov konsepsiyasi va ariza topshirish bo‘yicha yo‘riqnoma bilan tanishib chiqing.
  • Tanlovda ishtirok etish uchun loyiha taklifi va ma’muriy shakl taqdim etilishi lozim.
  • Loyiha taklifi o‘zbek yoki ingliz tilida tayyorlanishi va ariza beruvchi tashkilotni aniqlash imkonini beruvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olmasligi kerak.
  • To‘ldirilgan arizalar elektron shaklda quyidagi elektron pochta manziliga yuborilishi lozim: gulnoza.akhmedova@undp.org

Ariza topshirishning oxirgi muddati 2026-yil 31-avgust, soat 23:59 (Toshkent vaqti bilan). Belgilangan muddatdan keyin kelib tushgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

Kichik grantlar dasturi bo‘yicha qo‘shimcha savollar yuzasidan UNDP loyiha jamoasiga quyidagi elektron pochta manzili orqali murojaat qilishingiz mumkin: gulnoza.akhmedova@undp.org.

Arizalar shakli: 

  1. Ariza shakli: Ko‘chirib olish
  2. Kalendar rejasi: Ko‘chirib olish
  3. Loyiha Budjeti: Ko‘chirib olish
  4. Salohiyatni baholash (CACHE): Ko‘chirib olish
  5. Kafolat formasi (self-certification form): Ko‘chirib olish
  6. Nozim: Ko‘chirib olish