Fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kichik grantlar tanlovi natijalari
6-July, 2026
Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlaridan fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida oʻtkazilgan “Korrupsiyaga qarshi fuqarolik tashabbuslari: ishtirok etish, shaffoflik va yechimlar” kichik grantlar tanlovi yakunlari sarhisob qilindi. Tanlov korrupsiyaning oldini olishga, fuqarolarning ishtirokini kengaytirishga, shaffoflik va hisobdorlikni oshirishga, shuningdek, milliy va mahalliy darajada halollik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan amaliy, barqaror va innovatsion tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
G‘olib loyihalarning amalga oshirilishi Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi bilan ta’minlanadi. Ushbu loyihalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida hayotga tatbiq etiladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mamlakatning deyarli barcha hududlarini qamrab olgan holda 70 dan ortiq loyiha arizalari kelib tushdi.
Joriy yilda tanlov doirasida ilk bor ikki bosqichli baholash tizimi joriy etildi. Unda arizalar dastlab texnik talablarga muvofiqligi boʻyicha baholanib, anonimlashtirilgan loyiha takliflari Tanlov komissiyasi tomonidan mazmunan mustaqil baholandi. Mazkur yondashuv barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratish, shaffoflik va xolislikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tanlov yakunlariga koʻra quyidagi loyiha tashabbuslari gʻolib deb topildi:
- “Azim Tafakkur” nodavlat notijorat tashkiloti (Fargʻona viloyati)
Loyiha nomi: “Mahalliy darajada korrupsiyaga qarshi kurashish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.”
Loyiha maqsadi: Fuqarolik jamiyati ishtirokida korrupsiya xavflarini aniqlash va tahlil qilish, amaliy takliflar ishlab chiqish hamda davlat boshqaruvida shaffoflik va hisobdorlikni aholi ehtiyojlarini inobatga olgan holda oshirish orqali mahalliy darajada korrupsiyaning oldini olish. - Fargʻona viloyati Inson huquqlari madaniyati markazining hududiy boʻlimi (Fargʻona viloyati)
Loyiha nomi: “Ochiq hisobot: Fargʻona viloyatining 19 ta shahar va tuman mahallalarida davlat xizmatlari hamda byudjet mablagʻlari sarfi monitoringining raqamli tizimini joriy etish”
Loyiha maqsadi: Fargʻona viloyati mahallalarida byudjet mablagʻlari sarfi va davlat xizmatlari koʻrsatilishi ustidan ochiq raqamli monitoring tizimini joriy etish orqali shaffoflikni oshirish, korrupsiyaga nisbatan “nol toqat” madaniyatini shakllantirish, fuqarolar ishtirokini kengaytirish va mahalliy darajadagi korrupsiya xavflarini kamaytirish. - Oʻzbekiston Nodavlat Notijorat Tashkilotlari Milliy Assotsiatsiyasi (OʻzNNTMA)
Loyiha nomi: Hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati tizimida NNTlarning rolini kuchaytirish.
Loyiha maqsadi: Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridagi nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillarini amaliy korrupsiyaga qarshi kurash ko‘nikmalari va shaffoflikni taʼminlash vositalariga o‘qitish, shuningdek, har bir maqsadli hududda monitoring tadbirlarini oʻtkazish orqali ularning jamoatchilik nazoratidagi rolini kuchaytirish. - Oʻzbekiston Yuristlar assotsiatsiyasi (Toshkent shahri)
Loyiha nomi: Fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi qonunchilikni isloh qilishdagi ishtirokini takomillashtirish.
Loyiha maqsadi: Fuqarolik jamiyati tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazishning barqaror mexanizmini yaratish orqali qonun ijodkorligi jarayonida shaffoflik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish. - “UMID” Respublika jamoat birlashmasi (Toshkent viloyati)
Loyiha nomi: “Shaffof mahalla — adolatli hayot sari”
Loyiha maqsadi: Toshkent viloyati mahallalarida “Ayollar daftari” orqali ijtimoiy nafaqalar va imtiyozlarni taqsimlash jarayonining shaffofligini taʼminlash, korrupsiya xavflarini kamaytirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali, ayniqsa ayollarning adolatli va teng ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.
Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun jami 355.000.000 so’m miqdorida grant mablagʻlari ajratiladi.
Yaqin kunlarda gʻolib tashkilotlar bilan grant shartnomalari imzolanadi va loyihalarni amaliy amalga oshirish bosqichi boshlanadi. Loyihalar ijrosi davomida BMTTD va Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ularning amalga oshirilishi muntazam monitoring qilinadi hamda erishilgan natijalar rasmiy axborot resurslari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilikka yetkazib boriladi.
BMTTD, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Yevropa Ittifoqining O’zbekistondagi Delegatsiyasi tanlovda ishtirok etgan barcha fuqarolik jamiyati institutlariga bildirilgan qiziqish, taqdim etilgan tashabbuslar hamda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida fuqarolik ishtirokini rivojlantirishga qoʻshayotgan hissalari uchun oʻz minnatdorligini bildiradi.