UNDP va Oʻzbekiston suv xavfsizligi hamda iqlim barqarorligi boʻyicha hamkorlikni mustahkamlamoqda

9-July, 2026
Executives sit around a long wooden conference table in a room with a blue logo backdrop.
Photo: UNDP

BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) va Oʻzbekiston hukumati mamlakat boʻylab suv xavfsizligini yaxshilash, iqlim barqarorligini mustahkamlash hamda suv resurslaridan yanada oqilona foydalanishni qoʻllab-quvvatlash borasidagi oʻz majburiyatlarini yana bir bor tasdiqladilar. Ushbu intilish AQShning Nyu-York shahrida BMT Bosh kotibi oʻrinbosari UNDP Administratorining oʻrinbosari Haoliang Xu janoblari, UNDP Yevropa hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori Ivana Jivkovich xonim, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari Timur Butunbayev janoblari va Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Xamrayev janoblari oʻrtasida boʻlib oʻtgan yuqori darajadagi uchrashuvda alohida qayd etildi.

Uchrashuv davomida hukumat vakillari Oʻzbekistonning suv xoʻjaligi sohasidagi islohotlar doirasida erishilgan natijalar bilan oʻrtoqlashdilar. Bular qatoriga yangi Suv kodeksi, Suv strategiyasi – 2030, sugʻoriladigan yerlarning 60 foizdan ortigʻida suvni tejaydigan texnologiyalarning kengroq qoʻllanilishi hamda suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish jarayonlarining jadallashuvi kiradi. Mazkur saʼy-harakatlar mamlakatda suvdan yanada samarali foydalanish hamda aholining asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

five professionals in business attire pose in a line in front of a UNDP emblem backdrop.
Photo: UNDP

Hukumat UNDPga suv siyosatini takomillashtirish, suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarishni ragʻbatlantirish, Orolboʻyi mintaqasida iqlim barqarorligini oshirish, moliyaviy resurslarni safarbar etish va suv xoʻjaligi sohasi mutaxassislarining malakasini oshirishda koʻrsatib kelayotgan koʻp yillik koʻmagi uchun minnatdorlik bildirdi.

30 yildan ortiq davom etib kelayotgan sheriklikka tayanib, UNDP va Oʻzbekiston raqamli vositalar, iqlimga moslashish, innovatsion texnologiyalar, salohiyatni oshirish hamda suv masalalari boʻyicha mintaqaviy hamkorlik yoʻnalishlarida birgalikda ishlashning yangi imkoniyatlarini muhokama qildilar. UNDP Oʻzbekistonning 2027–2050-yillarga moʻljallangan Suv resurslaridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish milliy konsepsiyasini ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.

Shuningdek, joriy yilning 29-sentabridan 1-oktabriga qadar Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Butunjahon suvni tejash forumi kun tartibidan oʻrin oldi. UNDP xalqaro miqyosda targʻib qilish, ekspertlarni jalb etish va dasturlarni ishlab chiqish orqali ushbu Forumga hissa qoʻshishga tayyorligini bildirdi va bu tadbir suv sohasidagi innovatsiyalar, investitsiyalar hamda tajriba almashish uchun muhim global platformaga aylanishiga koʻmaklashishini qayd etdi.

UNDP Oʻzbekistonning suv resurslarini muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishiga moslashish hamda aholi va jamoalar uchun yanada barqaror kelajakni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga sodiq qoladi.