17 ta avtomatik havo monitoringi stansiyalari ikki milliondan ortiq aholining sog‘lig‘ini himoya qiladi va ekologik siyosatda asosli qarorlar qabul qilish uchun asos bo‘ladi.
Iqlim adolati amalda: BMTTD Orolbo‘yi mintaqasida havo sifati monitoringi tizimini ishga tushirdi
19-June, 2025
Qoraqalpog‘iston, O‘zbekiston - 2025-yil 27-maydan 16-iyungacha bo‘lgan davrda dunyoning ekologik jihatdan eng og‘ir hududlaridan biri bo‘lgan Orolbo‘yi hududida atmosfera havosi sifatini avtomatik nazorat qilishning ilg‘or tarmog‘i ishga tushirildi. Qoraqalpog‘iston aholisi uchun chang bo‘ronlari va iqlim o‘zgarishi mahalliy aholi salomatligi va atrof-muhit uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda, profilaktika tadbirlarini qiyinlashtirmoqda va oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu muammolarga javoban havo sifati monitoringi bo‘yicha 17 ta yuqori texnologiyali stansiyalar atrof-muhit monitoringi milliy tizimiga integratsiya qilindi.
Yangi tarmoq havoni ifloslantiruvchi asosiy moddalar: vodorod sulfidi (H2S), ozon (O3), azot dioksidi (NO2), ammiak (NH3), uglerod oksidi (CO), oltingugurt dioksidi (SO2), shuningdek, mayda dispers zarrachalar PM2.5 va PM10 ni kecha-yu kunduz avtomatik o‘lchashni ta’minlaydi. Bundan tashqari, meteorologik parametrlar - shamol tezligi va yo‘nalishi, namlik, harorat va atmosfera bosimi qayd etiladi.
Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘zgidromet, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi real vaqt rejimida ma’lumotlar almashishi hamda aholi va fermerlarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar to‘g‘risida xabardor qilish bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlarini ishlab chiqishi mumkin.
Tibbiyot xodimlari uchun tarmoq nafas olish yo‘llari kasalliklarining kuchayishini oldini oluvchi erta ogohlantirish tizimi vazifasini bajaradi. Qishloq xo‘jaligi korxonalari va fermerlar dala ishlarini optimallashtirish uchun iqlim sharoitlari bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ladilar. Ma’lumotlardan gidrologik xizmatlar atrof-muhitni muhofaza qilish dasturlarini ishlab chiqishda, ekologik tashkilotlar esa ilmiy tadqiqotlar uchun foydalanadi. Meteorologik xizmatlar qo‘shimcha atmosfera ma’lumotlari tufayli prognoz aniqligini oshiradi.
Ushbu texnologik yechimlarning o‘ziga xos xususiyati nafaqat ularning aniqligida, balki ekologik barqarorligida hamdir. Energiyaning adolatli o‘tishi tamoyillariga muvofiq, har bir stansiya qayta tiklanadigan energiya manbalaridan (quyosh panellari) foydalanish tufayli to‘liq avtonom bo‘lib, mintaqaga xos bo‘lgan chang bo‘ronlari paytida ham uzluksiz ishlashni ta’minlaydi.
Kuzatuv stansiyalarini ta’lim muassasalari yaqinida va aholi zich joylashgan aholi turar joylarida joylashtirish "Hech kimni ortda qoldirmaslik" tamoyilini aks ettiradi. Ushbu tarmoq kuzatuv natijalarini iqlim o‘zgarishi bo‘yicha global dasturlarga integratsiya qilish va ko‘rsatkichlarni xalqaro standartlar bilan taqqoslash imkonini beradi.
Loyiha doirasida milliy mutaxassislar uchun kuzatuv stansiyalaridan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha keng qamrovli treninglar o‘tkazildi. Mahalliy xodimlar yuqori aniqlikdagi uskunalar bilan ishlash tamoyillari, sensorlarni kalibrlash tartiblari, ma’lumotlarni talqin qilish va ifloslantiruvchi moddalarning ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasidan oshib ketishiga o‘z vaqtida javob berish bo‘yicha o‘qitildi.
"Iqlimga oid yechimlar - bu inson salohiyatini rivojlantirish va atrof-muhitga investitsiyalardir. Orolbo‘yida iqlim maqsadlarini milliy rivojlanish rejalari bilan uyg‘unlashtirish orqali biz sinergiya yaratamiz - odamlarning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini kuchaytiramiz, ularning salomatligini yaxshilaymiz, imkoniyatlarini kengaytiramiz. Iqlim sharoitini yaxshi bilgan har bir dehqon nafaqat o‘z hosilini himoya qila oladi, balki butun xalqni oziq-ovqat bilan ta’minlay oladi. Bu adolatli va barqaror rivojlanish yo‘lidir," - dedi BMT Taraqqiyot dasturining Qoraqalpog‘istondagi vakolatxonasi rahbari Alisher Utemisov.
Yangi monitoring tizimi aholi salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilishda tayanch bo‘lib, ekologik siyosat va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha qarorlar qabul qilish uchun ilmiy asos bo‘ladi.
Loyiha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi tomonidan "Havo sifati, yer va suv resurslarini boshqarishni yaxshilash orqali ekologik beqarorlik muammolarini innovatsion yondashuv orqali yechish uchun orolbo’yi mintaqasidagi hamjamiyatning bilim va ko’nikmalarini oshirish" tashabbusi doirasida BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasining (MPTF-4) O‘zbekistondagi moliyaviy ko‘magida, O‘zbekiston, Norvegiya, Yevropa Ittifoqi, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Germaniya va Alwaleed Philanthropies xayriya tashkilotining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.