BMT Taraqqiyot Dasturining "Yoshlar iqlim harakati" loyihasi Orolbo‘yi hududlarida tadbirlarni boshladi
22-September, 2025
Urganch, 2025-yil 18-sentyabr — Barqaror rivojlanish maqsadlari va milliy majburiyatlar doirasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va uning ta’sirini yumshatish bo‘yicha global va milliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida " O‘zbekistonda iqlim ta’limi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish" qo‘shma loyihasi ishga tushdi. Loyiha doirasida Orolbo‘yi hududlarida yoshlarni yanada “yashil” kelajak uchun safarbar etishga qaratilgan bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu loyiha BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, "Zamin" xalqaro jamoat fondi va "Ta’lim hamma narsadan ustun" jamg‘armasi (Qatar) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda 150 nafar maktab o‘quvchilari va mahalliy yoshlar yetakchilari 1,3 milliondan ortiq yoshlarni iqlim muammolari, barqaror qishloq xo‘jaligi va toza energiya kabi amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha o‘qitishga qaratilgan loyiha bilan tanishdilar. Loyiha qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va cho‘llanish kabi iqlim muammolariga duch kelayotgan qishloq hududlariga qaratilgan bo‘lib, yoshlarning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq mahalliy muammolarni hal qilishda yetakchi bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
"Yoshlarga iqlim o‘zgarishi bilan kurashish uchun bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash, O‘zbekistonning barqaror kelajagiga sarmoya kiritish demakdir," - dedi O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturining loyiha rahbari Xo‘jaqulov Laziz. "Bu tadbirlar yoshlarning tashabbusini “yashil” jamoalar uchun amaliy harakatlarga aylantirish yo‘lidagi dastlabki qadamdir."
Tadbir davomida maktab o‘quvchilari Yosh yashil elchilar jamoasini shakllantirish, iqlim sohasidagi yetakchining mahorat darsi, startaplar ko‘rgazmasi va iqlim bo‘yicha xabardorlikni baholash uchun onlayn so‘rovnoma kabi interaktiv mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi. Bundan tashqari, o‘quvchilar guruhlarga bo‘linib, iqlim muammolariga yechimlar bo‘yicha g‘oyalarni muhokama qilishdi va taqdim etishdi. Bu mashg‘ulotlar turli hududlardan kelgan yoshlar o‘rtasida qiziqish uyg‘otdi va ular o‘rtasida aloqalar o‘rnatilishiga sabab bo‘ldi.
Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Bektemirov Xamro shunday fikr bildirdi: "Iqlim masalalarini o‘rganishga va bu yo‘nalishda harakat qilishga intilayotgan shunchalik ko‘p yoshlarni ko‘rib, juda mamnun bo‘ldik. Ushbu loyiha yoshlarimizga o‘z hududlarida o‘zgarishlarga yetakchilik qilish imkoniyatini beradi, bu esa hududlarimizni og‘ir iqlim sharoitlariga yanada bardoshliroq qiladi."
O‘zbekiston, ayniqsa Orolbo‘yi hududlarida haroratning ko‘tarilishi, suv tanqisligi va cho‘llanish muammolariga duch kelmoqda. 2025-yildan 2028-yilgacha amalga oshiriladigan 7,5 million dollarlik loyiha doirasida maktab dasturlariga iqlim bo‘yicha darslar kiritilishi, o‘qituvchilar malakasi oshirilishi va kasbiy ko‘nikmalar markazida (Monomarkaz) “yashil” ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Loyihada ishtirokchilarning kamida yarmi yosh ayollar bo‘lib, bu ekologik yetakchilikda gender tengligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ushbu loyiha O‘zbekistonning milliy iqlim strategiyasini qo‘llab-quvvatlab, mamlakatning iqlimga ta’sirchan hududlari uchun uzoq muddatli va barqaror yechimlarni taqdim etishi kutilmoqda.