O‘zbekiston Parij bitimi doirasida uglerod bozori tayyorgarligini jadallashtirmoqda
5-November, 2025
Toshkent, 2025-yil 5 noyabr — Bugun o‘tkazilgan siyosiy muloqot O‘zbekistonda Parij bitimining 6-moddasini amalga oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun muhim bosqich bo‘lib, mamlakatning xalqaro uglerod bozorlarida ishtirokini kengaytirish va global iqlimiy moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalanish yo‘lida zaruriy qadam hisoblanadi. Tadbir Iqtisodiyot va moliya vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etildi va unda O‘zbekiston hamda Yaponiyaning davlat, xalqaro va xususiy sektor vakillari ishtirok etdilar. Uchrashuvda O‘zbekistonning 6-modda va Qo‘shma kreditlash mexanizmini (JCM) amalga oshirishga tayyorgarligi hamda keyingi bosqichlari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar 2025-yil iyul oyida O‘zbekiston Prezidentining milliy uglerod savdo tizimini joriy etish to‘g‘risidagi qonuni qabul qilinganini eslatib, Hukumatning past uglerodli o‘sish va barqaror rivojlanishga sodiqligini ta’kidladilar.
“6-moddani amaliyotga joriy etish O‘zbekiston uchun xalqaro iqlim moliyalashtirishni jalb etish, past uglerodli texnologiyalarni tatbiq etish va mamlakatning milliy belgilangan hissasi (NDC) maqsadlariga erishish jarayonini tezlashtirish imkonini beradi”, — dedi BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari Anas Qarman kirish so‘zida.
Muloqot davomida O‘zbekistonning 6-modda ishtirokiga tayyorgarlik bo‘yicha erishilgan yutuqlar e’tirof etildi hamda quyidagi to‘rtta yo‘nalishda tezkor chora-tadbirlar zarurligi qayd etildi:
6-modda bilan bog‘liq qonunchilik va infratuzilmani, xususan, vazirlik qarorini qabul qilish va milliy reyestrni yaratishni jadallashtirish;
manfaatdor tomonlarning salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlari va texnik yordamni kuchaytirish;
loyihalarni tezroq boshlash — ijobiy ro‘yxat, faoliyatni tasdiqlash mezonlari, ITMOlarni avtorizatsiya qilish va dastlabki loyihalar uchun PINni tezkor tasdiqlash orqali;
6-modda bo‘yicha Dastlabki hisobot (A6IR)ni tayyorlash — bu 6-modda va JCMni to‘liq amalga oshirishdagi muhim bosqichdir.
Shuningdek, ushbu qo‘shma loyiha Sirdaryo viloyatida energiya samaradorligi va past uglerodli pilot loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy texnik yordam va ekspertiza ko‘rsatishni maqsad qilgan.
“Ijtimoiy infratuzilmani — bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha amaliy yechimlarni birgalikda taqdim etmoqdamiz”, — dedi Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili Shokhzod Islomov. “Biz beshta tajriba obyektini aniqladik, ularda issiqlik nasoslari va energiya tejamkor sovutish tizimlari kabi ilg‘or texnologiyalar joriy etilmoqda, bu esa isitish tizimini yaxshilash, qulaylikni oshirish va uglerod izini kamaytirishga yordam beradi,” — deya qo‘shimcha qildi u.
Yaponiya bilan Qo‘shma kreditlash mexanizmi (JCM) 6-modda doirasidagi hamkorlikni sinovdan o‘tkazish, o‘lchab mumkin bo'lgan chiqindilarni qisqartirishga erishish hamda innovatsiyalar va texnologiya almashinuvini ilgari surish uchun amaliy platforma hisoblanadi. Bu yo‘nalishni rivojlantirish maqsadida BMTTD Yaponiya Global Atrof-muhit strategiyalari instituti (IGES) bilan hamkorlikda keng qamrovli tayyorgarlik baholashini amalga oshirmoqda — bu O‘zbekistonning xalqaro uglerod bozorlarida faol ishtirok etish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Ushbu tashabbus BMT Taraqqiyot Dasturining “Climate Promise” dasturiga kiradi va Yaponiya hukumati tomonidan saxiy qo‘llab-quvvatlanmoqda. 2021 yildan buyon Yaponiya Climate Promise’ga 77 million dollardan ortiq mablag‘ ajratib, 28 ta mamlakat, hudud va territoriya, jumladan O‘zbekistonni iqlim harakatlarini tezlashtirish va chidamliligini oshirish bo‘yicha qo‘llab kelmoqda.
***
OAV uchun aloqa: Feruza Nomozova — Feruza.Nomozova@undp.org