O‘zbekistonda xodimlar huquqlarini himoya qilish uchun mehnat inspeksiyasini kuchaytirish

23-September, 2026
Foto: UNDP O‘zbekiston

Toshkent, 2026-yil 23-sentabr – UNDP (Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi) O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda davlat mehnat inspektorlarining xodimlar huquqlarini himoya qilish va norasmiy bandlikdan rasmiy bandlikka o‘tishni qo‘llab-quvvatlash salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturini boshladi.

Norasmiy bandlik O‘zbekistonda hamon dolzarb muammo bo‘lib, 2025-yilda qariyb 5 million kishiga ta’sir ko‘rsatgan. Xodimlar uchun norasmiy bandlik pensiya, kasallik ta’tili, homiladorlik va tug‘ruq nafaqalari hamda boshqa qonuniy va ijtimoiy himoya choralaridan foydalanish imkoniyatlarining cheklanganligini anglatishi mumkin.

Dastur xalqaro standartlarga muvofiq professional va dalillarga asoslangan mehnat inspeksiyasini kuchaytirishga qaratilgan. Inspektorlar norasmiy bandlikni aniqlash, xavfga asoslangan tekshiruvlarni o‘tkazish, ma’lumotlar va raqamli vositalardan foydalanish, tergovga oid suhbatlar o‘tkazish, nizolarni boshqarish hamda dalillarni hujjatlashtirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantiradilar.

“Mehnat inspeksiyasi siyosatni xodimlar amalda his qilishi mumkin bo‘lgan himoyaga aylantirishning eng bevosita usullaridan biridir. Xodimlar rasmiy tizimga kirganda, ular ijtimoiy himoya va qonun bilan ta’minlanadigan himoyadan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar. Shu bilan birga, samarali inspeksiya qoidalarga rioya qiluvchi bizneslar uchun yanada adolatli muhit yaratishga yordam beradi”, – dedi UNDPning O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi Akiko Fujii.

Mazkur o‘quv dasturi O‘zbekistonda yangi Mehnat kodeksi va Davlat mehnat inspeksiyasining kengaytirilgan vakolatlari orqali mehnat inspeksiyasi tizimining vakolatlari kuchaytirilayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda. Dastur inspektorlarga ushbu mas’uliyatni professional, izchil va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq amalga oshirishga yordam berishni maqsad qilgan.

O‘zbekistonning barcha hududlaridan Davlat mehnat inspektorlarining ikki guruhi 2026-yil 23–25-sentabr va 28–30-sentabr kunlari Toshkent shahrida dasturda ishtirok etadi. Mashg‘ulotlarni UNDPning mehnat inspeksiyasi bo‘yicha xalqaro eksperti Havyer Barbero olib boradi.

Vazirlik bilan hamkorlik doirasida UNDP Davlat mehnat inspeksiyasini professionallashtirish va islohotlarni odamlarning mehnat hayotidagi aniq ijobiy o‘zgarishlarga aylantirishga xizmat qiladigan yanada kuchli institutlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

Mazkur hamkorlik doirasida o‘quv va salohiyatni oshirish tadbirlari BMTning “O‘zbekistonda munosib mehnat o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoyani kengaytirish orqali rasmiy bandlikka adolatli o‘tishni jadallashtirish” qo‘shma dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Dastur BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha jamg‘armasi (Joint SDG Fund) tomonidan moliyalashtiriladi. Biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida taraqqiyotni jadallashtirishga qo‘shayotgan hissasi uchun Yevropa Ittifoqi, shuningdek Belgiya, Daniya, Germaniya, Irlandiya, Italiya, Lyuksemburg, Monako, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Ispaniya, Shvetsiya va Shveytsariya hukumatlariga samimiy minnatdorlik bildiramiz.