BMTTD va hamkorlar O'zbekistonda "yashil" rivojlanishni moliyalashtirish imkoniyatlari va muammolarini muhokama qildilar
21-November, 2025
Toshkent, O‘zbekiston-2025-yil 19-noyabr. BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Yashil rivojlanishni moliyalashtirishni baholash (Yashil DFA) hamda, Yevropa Ittifoqi va Fransiya Taraqqiyot agentligi (AFD) ko‘magida moliyalashtiriladigan BMTTD va Iqtisodiyot va Moliya vazirligining qo‘shma tashabbusi doirasida ishlab chiqilgan O‘zbekiston uchun yashil moliyalashtirish strategiyasi konsepsiyasini taqdimoti va muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazdi.
Tadbirda 50 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, tegishli vazirliklar va davlat idoralari, xususiy sektor, ilmiy-tadqiqot institutlari, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar, xalqaro moliya institutlari va boshqa manfaatdor tomonlarning vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati O‘zbekistonda yashil moliya tizimini takomillashtirish bo‘yicha "yashil" iqtisodiyotni shakllantirish va mamlakatda global iqlim o‘zgarishiga qarshi samarali kurashish doirasida "yashil moliyalashtirishga" tizimli yondashuvni joriy etishga qaratilgan Milliy dastur taqdimoti bilan boshlandi.
"Ushbu dastur barqaror moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi: "yashil" byudjetlashtirish va byudjet xarajatlarini belgilash, iqlim o‘zgarishini moliyalashtirish uchun davlat investitsiyalarini optimallashtirish va barqaror davlat xaridlari, ekologik tashabbuslarni amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va grantlarni jalb qilish, yashil obligatsiyalar bozorlarini va atrof-muhitni moliyalashtirish tizimini rivojlantirish", deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Yashil iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i janob Javlonbek Hakimov.
Shundan so‘ng BMTTD barqaror va yashil moliyalashtirish bo‘yicha xalqaro eksperti Radika Lal xonim O‘zbekistonning yashil rivojlanishini moliyalashtirishni baholashning asosiy xulosalarini taqdim etdi.
Diagnostika tahlili sifatida Yashil DFA dasturi mamlakatda yashil rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga yo‘naltirilgan mavjud moliyaviy oqimlarni har tomonlama baholashga va qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni samarali safarbar qilish ehtiyojlari va imkoniyatlarini aniqlashga qaratilgan. Shuningdek, u institutsional ekotizim tahlilini, shu jumladan siyosat va me’yoriy-huquqiy bazani tahlil qilishni, xavflarni kamaytirish va rivojlanishni moliyalashtirish imkoniyatlari va mexanizmlarini ko‘rib chiqishni o‘z ichiga oladi. Davlat va xususiy moliyaviy oqimlar va O‘zbekistonning ustuvor sektorlariga investitsiyalarning moliyaviy landshaftini tahlil qilish taqdimotidan so‘ng Yashil DFA hisobotining asosiy xulosalari va tavsiyalarini bayon etish va muhokama qilish davom etdi.
Yashil DFA O‘zbekiston uchun yashil moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqish uchun asos bo‘ldi. BMTTD ning O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim ta’kidlaganidek, "Yashil DFAning xulosalari va tavsiyalari mavjud moliyalashtirish siyosatini yashil iqtisodiyotning o‘rta va uzoq muddatli milliy ustuvorliklari bilan yaxshiroq uyg‘unlashtirishga imkon beradigan, davlat va xususiy resurslarni safarbar qiladigan, asosiy strategiyalarga ahamiyat beradigan va moliyaviy vositalarning izchilligini ta’minlaydigan keng qamrovli yashil moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqish uchun asos bo‘lishi kutilmoqda".
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston uchun yashil moliyalashtirish strategiyasi konsepsiyasi taqdim etilishi O‘zbekistonning "O‘zbekiston-2030" strategiyasida belgilangan milliy ustuvor yo‘nalishlariga va mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tishini moliyalashtirishning zarurligiga bevosita javobdir. Taklif etilayotgan yashil moliyalashtirish strategiyasi nafaqat mustaqil siyosiy hujjat, balki O‘zbekistonning keng qamrovli milliy strategiyalarini (2030 yilgacha O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotiga o‘tish strategiyasi, O‘zbekistonning yashil o‘sishining strategik asosi), Milliy belgilangan hissa (National Determined Contribution NDC 3.0) hamda Sanoat va mintaqaviy moslashuv rejalari va uzoq muddatli dekarbonizatsiya strategiyasini moliyaviy amalga oshirishning "soyabon" asosi va mexanizmi sifatida ishlab chiqiladi.
Muhokama va savol-javob sessiyasida davra suhbati ishtirokchilari o‘z fikr-mulohazalari va sharhlari bilan o‘rtoqlashdilar, shuningdek, Yashil DFA dasturining asosiy xulosalari va samaradorligini tasdiqladilar. Tadbir asosiy hamkorlar va manfaatdor tomonlar bilan hukumatning ekologik ustuvorliklari va maqsadlarini moliyalashtirishga kompleks yondashuvni qo‘llash hamda O‘zbekistonda yashil moliya ekotizimini mustahkamlashga qaratilgan joriy va bo‘lajak tashabbuslarini taqdim etish va muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat yaratdi.
****
Eslatma: "O‘zbekistonda yashil rivojlanishni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash" loyihasi BMTTD va O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligining Fransiya Taraqqiyot Agentligi orqali Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan qo‘shma tashabbusi hisoblanadi. Loyihaning umumiy maqsadi-O‘zbekistonda yashil rivojlanishni moliyalashtirishga kompleks yondashuvni joriy etish bo‘yicha muloqotga ko‘maklashish va faoliyatni muvofiqlashtirish, shuningdek, tegishli salohiyatni yaratishdan iboratdir.