Urbathon Namangan yosh innovatorlarni shahar muammolariga raqamli yechimlar ishlab chiqish uchun birlashtirdi

24-July, 2026
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

NAMANGAN, O‘zbekiston, 2026-yil 24-iyul — Namanganda “Urbathon Namangan: Shahar uchun yechimlar” nomli ikki kunlik innovatsion tanlov bo‘lib o‘tdi. Unda 60 nafardan ortiq yosh dasturchilar, startapchilar va texnologiya ixlosmandlari ishtirok etib, shaharning eng dolzarb urbanistik muammolariga amaliy raqamli yechimlar ishlab chiqishga kirishdilar.

IT Park Namangan tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (UNDP) bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir mahalliy innovatorlar uchun hamkorlik qilish, g‘oyalar almashish hamda shahar xizmatlarini yaxshilash va aholining hayot sifatini oshirishga xizmat qiladigan texnologik yechimlarni ishlab chiqish imkonini beruvchi platformani taqdim etdi.

O‘zbekistonning eng tez rivojlanayotgan shaharlaridan biri bo‘lgan Namangan jadal urbanizatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. Bu jarayon infratuzilma, shahar harakatchanligi, ekologik barqarorlik va davlat xizmatlari kabi sohalarda yangi imkoniyatlar bilan bir qatorda muayyan muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Urbathon mahalliy yoshlarning salohiyati va ijodkorligini ishga solish hamda ushbu muammolarni innovatsion raqamli vositalar va ma’lumotlarga asoslangan yondashuvlar orqali hal etishga qaratildi.

Ikki kun davomida ishtirokchilar jamoalarga bo‘linib, mobil ilovalar, raqamli platformalar, chatbotlar, ma’lumotlar panellari va “aqlli shahar” uchun boshqa yechimlarning prototiplarini ishlab chiqdilar. Ishlar ikki asosiy yo‘nalishga qaratildi:

Shahar chiqindilarini boshqarish

  • chiqindilarni yig‘ish tizimini takomillashtirish va yo‘nalishlarni optimallashtirish;
  • fuqarolarning chiqindilarni qayta ishlash tashabbuslaridagi ishtirokini rag‘batlantirish;
  • noqonuniy chiqindi tashlash holatlari va ekologik muammolar haqida jamoatchilik tomonidan xabar berish imkoniyatlarini kengaytirish.

Shahar harakatlanish va transport

  • jamoat transporti to‘g‘risidagi real vaqt rejimidagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash;
  • transport tirbandligi va shahar harakatchanligi ko‘rsatkichlarini vizuallashtirish;
  • piyodalar uchun xavfsiz va qulay shahar makonlarini rivojlantirishga ko‘maklashish.

An’anaviy xakatonlardan farqli o‘laroq, Urbathon Namangan ishlab chiqilgan yechimlarni amaliyotga joriy etish va ularning uzoq muddatli ta’siriga alohida e’tibor qaratadi. Eng istiqbolli yechimlar prototip bosqichidan keyingi bosqichga o‘tishi va Namangan shahar hokimligi tomonidan pilot loyiha sifatida joriy etish uchun ko‘rib chiqilishi mumkin. Shuningdek, g‘olib jamoalar o‘z g‘oyalarini yanada rivojlantirish uchun mentorlik imkoniyatlari hamda IT Park innovatsion ekotizimidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

“Bu xakatondagi ilk ishtirokim bo‘ldi va taassurotlarim juda ajoyib! Loyihamiz to‘qimachilik (tekstil) sohasidagi chiqindi va qoldiqlarni qayta ishlashga qaratilgan B2B platformasidan iborat. U orqali korxonalar o‘z ishlab chiqarish chiqindilarini boshqa xaridorlarga taklif qilishlari mumkin bo‘ladi. Hozir jamoamiz bilan ushbu onlayn platformani ishga tushirish ustida ishlayapmiz. Asosiy maqsadimiz — platformani to‘liq yo‘lga qo‘yish”, - deb bo‘lishdi Nilufar Abdurahmonova, tibbiyot kolleji talabasi.

Yana bir ishtirokchi Xadicha Abduxalilova, NamDPI 3-kurs talabasi ham taassurotlari juda ham ijobiy bo‘lganini aytib berdi. “Olingan bilimlar va taqdim etilgan loyihalarning barchasi ajoyib edi. Bizning jamoamiz shahardagi nosoz svetoforlar hamda kuzatuv kameralarini sozlash, piyodalarning o‘tish joylarida, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulayliklar yaratishga qaratilgan g‘oyani ilgari surdi. O‘ylaymanki, agar loyihamiz hayotga tatbiq etilsa, shahrimizdagi xavfsiz hududlar sonini yanada ko‘paytirgan bo‘lardik”.

Tashabbus UNDPning Rossiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan “Yoshlarning raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish” hamda Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan “Markaziy Osiyoda shaharlarning tabiiy ofatlar xavfi va iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish” loyihalari doirasida qo‘llab-quvvatlandi. Har ikkala loyiha innovatsiyalarni rivojlantirish, mahalliy salohiyatni mustahkamlash va O‘zbekistonda barqaror shahar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Tadbir ishtirokchi jamoalar o‘z yechimlarini texnik ekspertlar, shahar rivojlanishi bo‘yicha mutaxassislar va mahalliy hokimiyat vakillaridan iborat hakamlar hay’atiga taqdim etgan ommaviy namoyish va taqdimot sessiyasi bilan yakunlandi. Taqdimotlar O‘zbekiston yosh innovatorlarining ijodkorligi, texnik ko‘nikmalari hamda yanada aqlli, ekologik toza va barqaror shaharlarni barpo etishga bo‘lgan intilishini namoyon etdi.

Texnologiyalar, fuqarolik ishtiroki va shahar rivojlanishini birlashtirgan Urbathon Namangan hamkorlikka asoslangan innovatsiyalar yanada barqaror, inklyuziv va yashash uchun qulay shaharlarni kelajak avlodlar uchun yaratishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini namoyish etadi.