BMT Taraqqiyot Dasturi, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasin va Aral School: Orolbo‘yi hududida ekologik tiklanish yo‘lida hamkorlik

27-February, 2026
Photograph of a group of people in winter coats walking across a snow-dusted field with dry grass.
Foto: O‘zbekiston San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi

25-fevral kuni Aral School ishtirokchilari BMT Taraqqiyot Dasturi ekspertlari hamda Qorao‘zak davlat o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari bilan birgalikda bir vaqtlar dengiz bo‘lgan hududda saksovul va boshqa sho‘rga chidamli o‘simlik turlarini ekishdi. Ushbu dala amaliyoti Orolbo‘yi hududining kelajagini o‘rganayotgan va uni har kuni tiklash ustida ishlayotganlar o‘rtasidagi hamkorlikning jonli ifodasidir.

Mazkur dala faoliyati O‘zbekiston San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasidagi institutsional hamkorlikning bevosita natijasidir. Ushbu hamkorlik 2025-yil 5-aprel kuni Nukus shahrida, ilk Orol madaniyat sammiti doirasida ACDF raisi Gayane Umerova hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii tomonidan imzolangan Anglashuv memorandumi orqali rasmiylashtirilgan bo‘lib, tadbirda BMT Taraqqiyot Dasturi Bosh kotibining yordamchisi Ivana Živković ham ishtirok etgan.

Two women in business attire hold certificates during a ceremony in front of a gold lattice backdrop.
Foto: O‘zbekiston San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi

Gayane Umerova, O‘zbekiston San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) raisi: “Aral School odatda bir makonda kamdan-kam uchrashadigan yo‘nalishlarni birlashtiradi: dizayn, ekologiya, fan, madaniyat va mahalliy bilimlar. Aynan shu kesishuv nuqtasida yangi yechimlar tug‘iladi. BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda ishlash orqali biz ushbu yondashuvni bevosita amaliyotga tatbiq etamiz, dala sharoitida, jamoalar bilan hamkorlikda hamda ushbu mintaqa va undan tashqarida tiklanish mazmuniga yangicha qarashni shakllantirayotgan yangi avlod vakillari bilan birgalikda ishlaymiz.”

2026-yil yanvaridan buyon ACDF, BMT Taraqqiyot Dasturi va Aral School hamkorlikni qo‘shma faoliyatlarning tizimli dasturi orqali mustahkamlab kelmoqda - mentorlik sessiyalari va bilim almashinuvidan tortib, qurigan dengiz tubidagi dala ishlarigacha. So‘nggi haftalarda har ikki jamoa Orolbo‘yi hududi uchun muhim bo‘lgan mavzular - suv boshqaruvi, iqlimga barqaror qishloq xo‘jaligi, ekotizimlarni tiklash va jamoalar barqarorligi yo‘nalishlarida hamkorlik qildi.

Akiko Fujii, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi: “Orolbo‘yi hududini tiklash faqat texnik yechimlar bilan cheklanmaydi. Bu umumiy e’tiqodga ega bo‘lgan institutlarni talab etadi: ta’lim, fan va madaniyat ekologik tiklanishdan alohida emas, balki uning ajralmas qismidir. Aynan shu tamoyil BMT Taraqqiyot Dasturi va ACDFni, shuningdek Education Above All Foundation hamda O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidagi hamkorlarimizni birlashtiradi. Hamkorlar ushbu maqsad atrofida birlashib, birgalikda harakat qilgandagina haqiqiy o‘zgarish boshlanadi.”

Aral School ishtirokchilari, BMT Taraqqiyot Dasturining Orol dengizi bo‘yicha ekspertlari hamda Qorao‘zak davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rmonchilari qurigan dengiz tubida yonma-yon ishladilar, har biri umumiy farovonlik yo‘lida o‘ziga xos tajribasini safarbar etdi. Qorao‘zak jamoasi dunyodagi eng murakkab tiklanish muhitlaridan birida to‘plangan ko‘p yillik tajribasiga tayanib, amaliy ekish jarayoniga rahbarlik qildi. BMT Taraqqiyot Dasturi innovatsion ekish usullari bo‘yicha texnik tushuntirishlar berdi hamda EAA tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda iqlim harakati ta’limi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish” loyihasi doirasida 50 nafar maktab o‘quvchisini Yosh yashil elchilar sifatida jalb etdi. Ularning ishtiroki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi va bu Qoraqalpog‘iston bo‘ylab iqlim harakati hamda ekologik tiklanish yo‘nalishida yoshlar yetakchiligini mustahkamlashga xizmat qildi.

Ular birgalikda dengiz tubini barqarorlashtirish uchun asosiy mahalliy tur hisoblangan saksovulni (Haloxylon), shuningdek Orolqum cho‘lining o‘ta og‘ir sharoitlariga moslashgan boshqa galofit o‘simlik turlarini ekdilar. Bu sharoitlarga tuproqning yuqori sho‘rlanishi, haroratning −30°C dan +45°C gacha o‘zgarishi, yog‘ingarchilikning kamligi va tinimsiz tuz-chang bo‘ronlari kiradi.

Saksovul ushbu muhitga noyob darajada moslashgan. Bitta yetuk buta ko‘chayotgan qumning to‘rt tonnagacha qismini ushlab qoladi. Uning ildiz tizimi 10–15 metr chuqurlikkacha yetadi, saksovulzorning har bir gektari esa yiliga 1 100 kilogrammdan ortiq CO₂ ni yutadi. Yoshi 7 yil bo‘lgan saksovulzorlar hududida yer sathiga yaqin shamol tezligi deyarli nol darajagacha pasayadi va bu mintaqa bo‘ylab millionlab insonlar salomatligiga ta’sir ko‘rsatuvchi zaharli chang bo‘ronlarini bevosita cheklaydi. Ko‘chatlar Davlat o‘rmon xo‘jaligining mahalliy pitomniklarida yetishtirilgan bo‘lib, ularning mahalliy sharoitga to‘liq moslashuvi ta’minlangan.

“Green Aral Sea” tashabbusiga besh yil va hali bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘lami

Mazkur ekish ishlari BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan 2020-yil 11-mart kuni ishga tushirilgan “Green Aral Sea” (Yashil Orol dengizi) kraudfanding tashabbusi doirasida amalga oshirildi. O‘zbekiston San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) hamda Aral School bilan hamkorlikda qurigan dengiz tubining 90 gektar maydonida 90 ming tup saksovul ko‘chati va boshqa galofit o‘simlik turlari ekilmoqda. Bu esa dunyodagi eng murakkab landshaftlardan biriga yangi hayot bag‘ishlamoqda.

Shu bilan birga, faqat O‘zbekiston hududining o‘zida qurigan dengiz tubi 2,7 million gektarni egallaydi va bu Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng katta ulush hisoblanadi.

Bir dollar. Bir tup saksovul daraxti. Cho‘llanishdan 25 yil himoya. 

Orol dengizini tiklashni qo‘llab-quvvatlang: greenaralsea.org

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Hamkorlar haqida:

BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi O‘zbekistonda 30 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat yuritib, mamlakatning barqaror rivojlanishini to‘rtta o‘zaro bog‘liq yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda: samarali boshqaruv, inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sish, atrof-muhit va iqlim bo‘yicha harakatlar hamda gender tengligi. Qoraqalpog‘istonda BMT Taraqqiyot Dasturi Orolbo‘yi hududining eng dolzarb muammolariga yo‘naltirilgan alohida loyiha ofisini yuritadi. Ushbu faoliyat ekotizimlarni tiklash, iqlimga barqaror qishloq xo‘jaligi, suv boshqaruvi, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda ayollar va yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishni qamrab oladi.

O‘zbekiston San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) 2017-yilda O‘zbekiston madaniyatini mamlakat ichida va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, tasviriy san’at, arxitektura, adabiyot, teatr, musiqa, hunarmandchilik, dizayn va raqs yo‘nalishlaridagi tashabbuslarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, u Orol dengizi hududini san’at, madaniyat, dizayn va ilm-fan orqali ijtimoiy hamda ekologik o‘zgarishlar markaziga aylantirishga qaratilgan yangi tashabbus - Orol madaniyat sammitining asosiy tashabbuskori hisoblanadi.

O‘zbekiston madaniy rivojlanishining yetakchi kuchlaridan biri sifatida ACDF mamlakat madaniy ekotizimini rivojlantirish, kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash hamda mutaxassislar uchun mahalliy, mintaqaviy va global darajada imkoniyatlar yaratishga sodiqdir. Jamg‘arma madaniyat va meros jamiyatni shakllantirish, jamoalarni birlashtirish, avlodlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarish va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega deb hisoblaydi.

ACDF 2024-yil 2–4-oktabr kunlari o‘tkazilgan Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha Jahon konferensiyasining (WCCE) to‘rtinchi nashrini muvaffaqiyatli tashkil etdi, O‘zbekistonning Expo 2025 Osaka-Kansai (Yaponiya, 2025-yil aprel–oktabr) ko‘rgazmasidagi ishtirokini amalga oshirdi hamda Buxoro Biennalesini (2025-yil sentabr–noyabr) o‘tkazdi. 2026-yil mart oyida ACDF Toshkent shahrida Zamonaviy san’at markazini ochdi. Boshqa loyihalar qatoriga Tadao Ando tomonidan loyihalashtirilgan O‘zbekiston Milliy muzeyining yangi binosi qurilishi hamda Buyuk knyaz Romanov saroyini restavratsiya qilish va qisman qayta tiklash ishlari kiradi. ACDF, shuningdek, shaharning modernistik arxitekturasini hujjatlashtirish va himoya qilishga qaratilgan “Tashkent Modernism. XX/XXI” tadqiqot loyihasini ishga tushirdi. Ushbu loyiha doirasida Rizzoli New York bilan hamkorlikda 2024-yilda, Lars Müller Publishers bilan hamkorlikda esa 2025-yilda ikki muhim nashr chop etildi.

Veb-sayt: acdf.uz | @acdfuz

Aral School — ACDF tomonidan tashkil etilgan xalqaro ta’lim tashabbusi. Bu O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va xorijdan kelgan yosh mutaxassislarni birlashtiruvchi multidissiplinar platformadir. Dastur arxitektura, urbanistika, ekologiya fanlari, biotexnologiya, iqlim tadqiqotlari, media va boshqa turdosh yo‘nalishlarni qamrab oladi. Ishtirokchilar Orolbo‘yi hududini ham muhim ilmiy izlanish maydoni, ham kelajak tasavvurlari uchun makon sifatida o‘rganishga taklif etiladi. Jamoaviy tadqiqot va amaliy faoliyat orqali tashabbus dolzarb ekologik hamda madaniy masalalarni uzoq muddatli, barqaror harakatlar tizimiga aylantirishni maqsad qiladi. Loyiha bioregional dizayner Yan Boelen tomonidan boshqariladi. Birinchi pilot kurs 2026-yil yanvar–iyun oylarida o‘tkaziladi.
Veb-sayt: aralschool.uz

Qorao‘zak davlat o‘rmon xo‘jaligi qurigan Orol dengizi tubida saksovul va galofit o‘simliklarni ekish bo‘yicha BMT Taraqqiyot Dasturining amalga oshiruvchi hamkori hisoblanadi.