Eco Expo 2026 doirasida UNDP va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi Orolbo‘yida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha niyatlar to‘g‘risidagi bayonotni imzoladi
6-June, 2026
Samarqand, 2026-yil 6-iyun. Xalqaro ekologik ko‘rgazma — Eco Expo 2026 doirasida BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzasida bioxilma-xillikni saqlash, yer va suv resurslarini barqaror boshqarish, ekotizimlarni tiklash hamda mahalliy hamjamiyatlarning barqarorligini oshirishga qaratilgan Niyatlar to‘g‘risidagi bayonotni imzoladi.
Hujjat UNDPning O‘zbekistondagi Doimiy vakili Akiko Fujii hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi raisi Leyla Seitova tomonidan imzolandi.
Mazkur Bayonot Orolbo‘yining noyob ekotizimlarini saqlash va tiklash bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, ekologik barqarorlik, suv xavfsizligi va mahalliy aholining farovonligi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni e’tirof etadi.
Hujjat yer va suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish, ko‘llar, suv-botqoq hududlar va qirg‘oqbo‘yi ekotizimlarini saqlash hamda tiklash, yaylovlar va o‘rmon resurslarini barqaror boshqarish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish, bioxilma-xillikning muhim hududlarini asrash, ekologik ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va bilim almashuvini rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Shuningdek, davlat organlari, ilmiy muassasalar, mahalliy hamjamiyatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali mintaqaning uzoq muddatli ekologik barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi Akiko Fujii shunday dedi:
"Mazkur hujjat Orolbo‘yining barqaror kelajagi yo‘lidagi hamkorligimizni yanada mustahkamlash uchun muhim asos yaratadi. U bioxilma-xillikni saqlash, ekotizimlarni tiklash va tabiiy resurslarni barqaror boshqarish sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, ushbu Bayonotning imzolanishi yaqinda Aral Sea Wetlands loyihasi doirasida ishlab chiqilgan va ekologiya, suv xo‘jaligi hamda qishloq xo‘jaligi sohalari vakolatli tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Quyi Amudaryo havzasi uchun Suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish rejasi konsepsiyasi imzolanganidan so‘ng amalga oshirilayotgani muhimdir. Ushbu hujjatlar bir-birini to‘ldirib, mintaqaning tabiiy resurslarini barqaror boshqarish uchun mustahkam asos yaratadi. Faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar orqaligina Orolbo‘yi aholisi va tabiati uchun yanada barqaror kelajakni ta’minlashimiz mumkin".
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi raisi Leyla Seitova esa quyidagilarni ta’kidladi:
"Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun tabiiy resurslarni asrash, degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni tiklash va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish masalalari alohida ahamiyatga ega.
Orolbo‘yi aholisi farovonligi bevosita atrof-muhit holati, suv resurslari va ekotizimlar barqarorligiga bog‘liq. Bugun imzolangan Niyatlar to‘g‘risidagi bayonot BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash va Orolbo‘yi barqaror rivojlanishi yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Biz ushbu hujjatni tabiatni muhofaza qilish tashabbuslarini ilgari surish, bioxilma-xillikni saqlash, suv-botqoq hududlarini tiklash hamda mintaqa aholisining turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladigan muhim asos sifatida baholaymiz".
Hamkorlik, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, BMTTD va Global ekologik fond (GEF) hamkorligida amalga oshirilayotgan Aral Sea Wetlands loyihasi doirasida rivojlantiriladi. Loyiha Orol dengizi havzasidagi ko‘llar, suv-botqoq hududlar va qirg‘oqbo‘yi ekotizimlarini saqlash hamda barqaror boshqarishga qaratilgan.
Mazkur Bayonotning imzolanishi Orolbo‘yini tiklash bo‘yicha kompleks va uzoq muddatli sa’y-harakatlarni yanada mustahkamlab, mintaqa tabiati va aholisi manfaatlari yo‘lida yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratadi.