Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi Farg‘onada master rejalashtirishni qo‘llab-quvvatlamoqda
2-April, 2026
Farg‘ona, O‘zbekiston, 2026-yil 2-aprel – Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida Master reja ishlab chiqish bo‘yicha trenerlar uchun trening (ToT) o‘z ishini boshladi.
Mazkur trening hududiy rivojlanish amaliyotlarini modernizatsiya qilish va butun O‘zbekiston bo‘ylab xalqaro standartlarni joriy eta oladigan milliy ekspertlar korpusini shakllantirishni maqsad qilgan. Tadbir dasturi mutaxassislarni zamonaviy shaharsozlik yondashuvlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun zarur amaliy vositalar bilan ta’minlash orqali inklyuziv va barqaror shahar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. O‘quv dasturi ilg‘or texnik mavzularni, jumladan, iqtisodiy modellashtirishni shahar rejalashtirish tizimlariga integratsiya qiluvchi fazoviy-iqtisodiy tahlil hamda transport, turizm va madaniy meros yo‘nalishlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan ko‘p tarmoqli integratsiyani qamrab oladi. Shuningdek, ishtirokchilar nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash maqsadida joylarga tashrif buyurib, zamonaviy shaharsozlik jarayonlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Trening shahar rivojlantirish strategiyalarini mahalliy aholi uchun foydali bo‘lgan aniq loyihalarga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Tadbir malakali trenerlar tarmog‘ini shakllantirish orqali zamonaviy, avvalo inson manfaatlariga xizmat qiladigan shaharsozlik yondashuvlarini mamlakatning barcha hududlarida keng joriy etishga xizmat qiladi.
“Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning barqaror shahar rivojlanishi va zamonaviy boshqaruv sari yo‘lida qo‘llab-quvvatlashdan mamnundir. Ushbu trening mahalliy mutaxassislarni o‘z jamoalari ehtiyojlariga javob beradigan, inklyuziv va barqaror shaharlarni shakllantirishga tayyorlashga qaratilgan... mazkur tashabbus Yevropa Ittifoqining Global Gateway strategiyasi doirasidagi umumiy qarashlarimizni aks ettiradi,” — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi birinchi maslahatchisi va Hamkorlik bo‘limi rahbari Xristos Marazopulos.
“O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi rahbari Azamat Salayev ta’kidlaganidek: “Bizning loyihamiz O‘zbekiston Respublikasi Hukumatini davlat boshqaruvini markaziy, hududiy va tuman darajalarida takomillashtirishda qo‘llab-quvvatlaydi. Bugungi tadbir ham davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga hamda mahalliy rivojlantirishga qaratilgan”.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Shahobiddin Sharipov aytganidek: “Iqtisodiyot va moliya vazirligi shaharlarimizni xalqaro ilg‘or tajribalar asosida modernizatsiya qilish tarafdori. Hududiy loyiha ofislari va xususiy sektor mutaxassislarini birlashtirish orqali biz master rejalashtirish uchun yagona metodologik asos yaratmoqdamiz. Mazkur tashabbus infratuzilma investitsiyalarining mamlakatimizning barcha hududlarida uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy inklyuziya bilan uyg‘un holda amalga oshirilishini ta’minlaydi.”
Uch kun (2–4-aprel kunlari) davomida ishtirokchilarning zamonaviy shaharsozlik bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari, jumladan fazoviy ma’lumotlardan foydalanish, GIS vositalari hamda O‘zbekistonda Master reja ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonlari bo‘yicha bilimlari mustahkamlanadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi so‘roviga binoan xalqaro ekspertlar boshchiligida o‘tkazilayotgan ushbu trening rejalashtirish amaliyotidagi muhim bo‘shliqlarni bartaraf etish bilan birga iqlimga moslashuvchan va inklyuziv yondashuvlarni ilgari suradi. Milliy darajada trenerlar zaxirasini shakllantirish orqali tashabbus mamlakatning barcha hududlarida shahar rivojlanishi sifatini va izchilligini oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun:
“O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilmoqda, Umumiy byudjeti 4,900,000 yevroni tashkil etadigan mazkur loyiha 2024-2029 yillar davomida amalga oshirilib, qishloq hududlarda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi, raqamlashtirish darajasining yuqori emasligi va eskirgan institutsional tizim kabi asosiy muammolarni yechishga qaratiladi. Ushbu natijalarga quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalish orqali erishiladi:
1. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimining “bek-ofis”ini ta’minlovchi institutsional, huquqiy va me’yoriy bazani isloh qilish.
2. Bek-ofis muassasalarining milliy, hududiy va mahalliy darajalarda samarali faoliyat yuritish salohiyatini oshirish.
3. Bek-ofis muassasalarining raqamli va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan transformatsiyasini tezlashtirish.
4. Hududiy va mahalliy institutlarning tezkorligi, mas’uliyati va bek-ofis sifatida faoliyat yuritishini yaxshilash uchun mahalliy boshqaruv tizimlarini o‘zgartirish.
Loyiha O‘zbekistonning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga, jumladan BRM 16 – kuchli institutlar va BRM 9 – innovatsiya va infratuzilma maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. 2029 yilgacha tashabbus doirasida 11 ta institutsional tahlil o‘tkazish, 1 000 nafar davlat xizmatchisi malakasini inklyuzivlik va fuqarolarda yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oshirish, 35 ta xizmatni raqamlashtirish, 34 ta mahallada o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish zonasini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu keng qamrovli islohotlar aholining samarali, shaffof va inklyuziv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.
Yevropa Ittifoqi haqida: Yevropa Ittifoqi — 27 ta Yevropa davlatlaridan iborat iqtisodiy va siyosiy birlashmadir. U inson qadr-qimmatini hurmat qilish, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi hamda inson huquqlariga, jumladan ozchilik guruhlariga mansub shaxslar huquqlariga hurmat kabi qadriyatlarga asoslanadi. Yevropa Ittifoqi global miqyosda jamiyatlar, atrof-muhit va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ilgari suradi, shunda har bir inson bundan manfaat ko‘rishi mumkin.