Yo‘qolib borayotgan ko‘l ortida. Orol dengizi inson xavfsizligi haqida nimalarni o‘rgatishi mumkin

25-August, 2026

Suv bo‘yicha mutaxassis O‘zbekistonning g‘arbiy qismidagi eski suv tozalash inshootining rekonstruksiya qilinishini nazorat qilmoqda.

UNDP O‘zbekiston / Elyor Nemat

Kostruba G‘arbiy O‘zbekistondagi olis qishloq bo‘lib, eng yaqin shahardan 280 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu yerda 24 yildan buyon qo‘ni-qo‘shnilariga xizmat qilib kelayotgan jamoa yetakchisi Orol dengizi inqirozini uning oilasiga ta’siri nuqtayi nazaridan tasvirlaydi. 

“Biz butun umr shu suvni ichib kelganmiz, - deydi u. - Chunki boshqa muqobil yo‘q”. 

Uning so‘zlari statistik ma’lumotlarning o‘zi ifodalay olmaydigan haqiqatni ochib beradi. Orol dengizi shunchaki yo‘qolib qolmadi. U bilan birga odamlarning xavfsiz yashashi, tirikchilik qilishi, sog‘lig‘ini himoya qilishi va kelajakka munosib sharoitda umid bilan qarashi uchun zarur bo‘lgan ko‘plab imkoniyatlar ham yo‘qoldi. 

Shu sababli inqirozga inson xavfsizligi nuqtayi nazaridan javob berish zarur. Bunday yondashuv alohida sohalar yoki muassasalardan emas, balki odamlar va jamoalar har kuni duch kelayotgan muammolardan boshlanadi. Bu Yaponiya tomonidan uzoq yillardan beri ilgari surib kelinayotgan yondashuv bo‘lib, insonni rivojlanish jarayonining markaziga qo‘yadi hamda muhim tahdidlardan himoyalanishni o‘z kelajagini shakllantirish imkoniyati bilan birlashtiradi. 

Markaziy Osiyoda atrof-muhit degradatsiyasi, suv tanqisligi va iqtisodiy imkoniyatlardan chetda qolish tobora bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib bormoqda. O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlari bo‘ylab joylashgan Orol dengizi ushbu xavflar birlashganda nimalar yuz berishini yaqqol eslatib turadi. Ularning hech birini bitta soha yoki mamlakat yolg‘iz hal qila olmaydi. 

UNDP (BMT Taraqqiyot Dasturi) uchun ushbu tushuncha O‘zbekistonning Orolbo‘yi mintaqasi markazida joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasida qariyb o‘n yil davomida olib borilgan ishlarning asosini tashkil etdi. 

Desert landscape with sparse shrubs under a blue sky; distant vehicles on the horizon.

O‘zbekistondagi Orol dengizi tubi.

UNDP O‘zbekiston / Gulnur Kaypnazarova

Natijalar joylarda yaqqol ko‘rinmoqda. O‘nlab yillar davomida xavfsiz ichimlik suvidan mahrum bo‘lgan jamoalar endi undan foydalanmoqda. Uzoq vaqt davomida sho‘rligi sababli qishloq xo‘jaligi uchun yaroqsiz deb hisoblangan yerlar yana hosildor bo‘ldi. Yetti yil davomida yopiq bo‘lgan qishloq tibbiyot muassasasi yana bemorlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Olis tumanlarda ayollar tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, yangi bozorlarga chiqmoqda. 

Bular alohida loyihalarning natijalari emas. Ularning barchasi inson xavfsizligi amalda qanday namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Ya’ni, insonlarning hayoti, tirikchiligi va qadr-qimmatini himoya qilish bilan birga, ularning tanlovi va imkoniyatlarini kengaytirish demakdir. 

Muammolar hamon nihoyatda katta. Ochiq qolgan dengiz tubidan ko‘tarilayotgan zaharli chang butun mintaqada jiddiy sog‘liq muammolarini keltirib chiqarmoqda. Degradatsiyaga uchragan tuproq qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini cheklamoqda. Xavfsiz bo‘lmagan suv kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Iqtisodiy imkoniyatlarning cheklangani ayollar va yoshlarning kelajakdagi imkoniyatlarini kamaytirmoqda. 

Bu muammolarning umumiy ildizlari mavjud va ular bir-birini yanada kuchaytiradi. Orol dengizi inqirozi faqat ekologik inqiroz emas. Bu, shuningdek, inson va rivojlanish inqirozidir. 

UNDPning Orolbo‘yi dasturi doirasidagi o‘zaro bog‘liq uchta tashabbus inson manfaatlariga yo‘naltirilgan yondashuv amalda nimani anglatishini ko‘rsatadi. 

Qoraqalpog‘istonda xavfsiz ichimlik suvi endi haqiqatga aylandi.

UNDP O‘zbekiston / Elyor Nemat

Jamoalardan boshlash 

Yaponiya tomonidan moliyalashtirilgan, iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy infratuzilmani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha texnik talablar bilan emas, avvalo jamoalarning o‘zidan boshlandi. 

Jamoalarni rivojlantirish rejalari va ishtirokchilikka asoslangan baholashlar orqali aholi loyihalar ishlab chiqilishidan oldin o‘z zaifliklari va ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi. Inqirozdan zarar ko‘rgan odamlarning o‘zi xavfsizlik tushunchasi ularning hayotida nimani anglatishini aniqlashda ishtirok etdi. 

Jamoalar xavfsiz ichimlik suvini eng ustuvor ehtiyoj sifatida belgilaganida, infratuzilmaga investitsiyalar yo‘naltirildi. Qahraton qish sharoitida elektr ta’minotining ishonchsizligi ta’lim olish va tirikchilik qilishga to‘sqinlik qilayotganida, barqaror energiya ta’minoti keyingi ustuvor yo‘nalishga aylandi.

Dastlab 15 ta jamoani qamrab olishi rejalashtirilgan ishlar qo‘shni jamoalar natijalarni ko‘rib, loyihaga qo‘shilishni so‘ragach, 31 ta jamoagacha kengaytirildi. 

Xuddi shu loyiha iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligini ham joriy etdi. Kegeyli tumanida quyosh energiyasida ishlaydigan tizim endi sho‘rlangan kollektor-drenaj suvini ekinlarni sug‘orish uchun tozalaydi va akvakulturani qo‘llab-quvvatlaydi. Bu suv sarfini 90-95 foizga kamaytirib, oziq-ovqat ishlab chiqarish va daromadlarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga suv tanqisligi muammosini hal etishga xizmat qilmoqda. 

Ekologik ma’lumotlardan muvofiqlashtirilgan harakatlargacha 

Bunday jamoatchilik tashabbuslari esa ularni qo‘llab-quvvatlovchi institutsional tizim imkoniyatlari doirasidagina samarali bo‘la oladi. Aynan shu yerda O‘zbekistondagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Ko‘p tomonlama hamkorlik asosidagi Inson xavfsizligi trast jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan UNDP tomonidan amalga oshirilgan parallel ekologik monitoring va ekotizimlarni tiklash tashabbusi o‘z ahamiyatini ko‘rsatdi. Yillar davomida ochilib qolgan dengiz tubidan ko‘tarilayotgan zaharli chang muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rilmagan holda tahdid bo‘lib kelgan. Ekologiya tashkilotlari uni monitoring qilgan, sog‘liqni saqlash muassasalari oqibatlarini davolagan, qishloq xo‘jaligi esa uning xarajatlarini ko‘targan, biroq umumiy ma’lumotlar yoki muvofiqlashtirilgan mexanizmlar mavjud emas edi. 

UNDP O‘zbekiston

Bugungi kunda O‘zbekistonning milliy monitoring tarmog‘iga integratsiya qilingan 37 ta havo sifati monitoring stansiyasi ekologiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalari o‘rtasida real vaqt rejimida ma’lumot almashish imkonini bermoqda. Ekologik ma’lumotlar yanada muvofiqlashtirilgan va dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish uchun umumiy resursga aylandi. 

Ekologik monitoring sifatida boshlangan tashabbus tarmoqlararo dasturlarni yagona tizim ostida birlashtirgan boshqaruv islohotiga aylandi. 

Shu bilan birga, ekotizimlarni tiklash inqirozning ekologik ildizlaridan birini bartaraf etishga xizmat qilmoqda. UNDPning Green Aral Sea kraudfanding platformasi orqali dengizning ochilib qolgan tubining 763,9 gektar maydoniga sho‘r va qurg‘oqchilikka chidamli 915 840 tup daraxt ekildi. 

Ushbu hududlar, shuningdek, iqlimni moliyalashtirish va xususiy sektorni jalb qilish uchun o‘z salohiyatini namoyon qila boshladi. Bunga uglerod bozorlari bilan bog‘liq imkoniyatlar ham kiradi, chunki O‘zbekiston Parij kelishuvi doirasidagi milliy darajada belgilangan hissalarini amalga oshirishda davom etmoqda.

UNDP O‘zbekiston

Uzoq muddatli tirikchilik manbalarini yaratish 

Ekotizimlarni tiklash va institutlarni mustahkamlash muhim. Biroq barqarorlik odamlarning tirikchilik qila olishi va kelajak qura olishiga ham bog‘liq. 

Shu sababli UNDPning “Bir qishloq - bir mahsulot” (OVOP) tashabbusi so‘nggi besh yil davomida muvaffaqiyatli natijalar bermoqda. One Village - One Product (OVOP) - bu Yaponiyaning metodologiyasiga asoslangan, jamoalarga yo‘naltirilgan yondashuv bo‘lib, mahalliy tadbirkorlarga mavjud resurslar, ko‘nikmalar va an’analarni raqobatbardosh mahsulotlar hamda barqaror biznesga aylantirishda yordam beradi. Ushbu model orqali Qoraqalpog‘istonning qishloq hududlaridagi ishlab chiqaruvchilar o‘ziga xos mahalliy mahsulotlarni rivojlantirib, yangi bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 

Ro‘yxatdan o‘tkazilgan savdo belgisi va maxsus onlayn savdo platformasi ishlab chiqaruvchilarga global OVOP platformasi orqali bozorlarga chiqish va faoliyatini yanada kengaytirish imkoniyatini beradi. Qo‘llab-quvvatlanganlarning 70 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etadi. Bu ayollar va yoshlar ishsizlik hamda iqtisodiy imkoniyatlardan chetda qolishning ayniqsa yuqori darajasiga duch kelayotgan mintaqada muhim ahamiyatga ega. 

Iqtisodiy imkoniyat daromad yaratish bilangina cheklanmaydi. U gender tengligining harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi, odamlarga o‘z kelajagi ustidan ko‘proq nazorat qilish imkonini beradi va oilalarga uzoq muddatli barqarorlikni shakllantirishga yordam beradi. Bu esa inson xavfsizligining asosidir. 

Natijalardan keng ko‘lamli yechimlargacha 

Atrof-muhitni muhofaza qilish va jamoalarning imkoniyatlarini kengaytirish bir-biriga raqobatchi ustuvor yo‘nalishlar emas. Orolbo‘yi mintaqasida ular bir-biridan ajralmasdir. 

UNDPning Orolbo‘yi dasturi bir milliondan ortiq odamni qamrab oldi, milliy siyosatni shakllantirishga hissa qo‘shdi va qo‘shimcha moliyalashtirishni jalb etishga yordam berdi. 2026-yil fevral oyida Yaponiya Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslarini boshqarishni qo‘llab-quvvatlash uchun 4,6 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratdi. 

Endigi vazifa o‘z samaradorligini isbotlagan yechimlarni keng ko‘lamda joriy etishdir. 

Orol dengizi tajribasi inson xavfsizligi nima uchun muhim ekanini ko‘rsatadi. Toza suv salomatlikning ajralmas qismidir. Yerlarni tiklash tirikchilik manbalaridan alohida ko‘rilishi mumkin emas. Kuchli institutlar jamoalarga o‘zlari duch kelayotgan xavflarga javob berishda yordam bergan taqdirdagina muhim ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiy imkoniyatlar esa muhim, chunki barqarorlik oxir-oqibat odamlarning o‘z kelajagi haqida tanlov qilish imkoniyatiga ega bo‘lishiga bog‘liq. 

Qoraqalpog‘istonda qariyb o‘n yil davomida olib borilgan ishlar bitta oddiy haqiqatni ko‘rsatadi. Inson xavfsizligi mavhum tushuncha emas. U odamlarning xavfsiz va munosib hayot kechirishi, shuningdek, kelajagini yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun zarur sharoitlarni yaratishdan boshlanadi.