Xalqaro Yer kuni 2026: Orol dengizi uchun tarmoqlardagi kliklardan real iqlimiy harakatga

Bugundan 25-aprelgacha sizning faolligingiz real iqlimiy harakatni ishga tushiradi va uni yanada kengaytirishga yordam beradi.

21-April, 2026

Rasm: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

21–25-aprel kunlari BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Xalqaro Yer kunini (22-aprel) nishonlash hamda millionlab insonlar hayotini o‘zgartirayotgan ekologik zararlardan aziyat chekayotgan Orol dengizi hududi uchun iqlimiy harakatni rag‘batlantirish maqsadida “Bir klik = Bir daraxt” global ijtimoiy tarmoq kampaniyasini o‘tkazmoqda. BMT Taraqqiyot Dasturining “Green Aral Sea” tashabbusi doirasida ushbu kampaniya har bir kishiga qurigan Orol dengizi tubida oldindan moliyalashtirilgan 1 500 tagacha saksovul ko‘chatini ekishni faollashtirish imkonini beradi, bu esa yerlarni tiklash va mahalliy jamoalarga umid bag‘ishlaydi. 

Bu kampaniya qanday ishlaydi? Postlarimizdagi har bir layk, izoh yoki repost saksovul daraxti ekilishini faollashtiradi. Bu imkoniyat Tashkent Internaton School’ning (Toshkent Xalqaro Maktabi) yordami tufayli yaratilgan bo‘lib, ular joriy qish mavsumida ekish uchun tayyor bo‘lgan 1 500 ta daraxtni moliyalashtirgan. Sizning ijtimoiy tarmoqlarimizdagi bitta like, izoh yoki repostingiz raqamli harakatni haqiqiy daraxtga aylantiradi, yerlarni tiklaydi, ekotizimlarni qayta tiklaydi va mahalliy aholi turmushini qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu kampaniya kichik bir harakat ham keng ko‘lamli iqlimiy o‘zgarishlarga turtki bo‘lishi va sog‘lomroq, barqarorroq kelajakni qurishga yordam berishini ko‘rsatadi. 

“Orol dengizi inqirozi o‘tmish hikoyasi emas, bu bugun ham insonlar hayotiga va ekotizimlarga ta’sir etishda davom etayotgan iqlimiy muammo. Bugungi Xalqaro Yer kunida biz hamkorlik kuchini namoyish etmoqdamiz, jamoalar, tashkilotlar va shaxslar birlashganda, hatto eng oddiy harakatlar ham haqiqiy tiklanish va barqarorlikni ta’minlashi mumkinligini ko‘rsatamiz”, dedi Akiko Fujii, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi. 

Kampaniyada oldindan moliyalashtirilgan daraxtlar maqsadiga erishilgach, ta’sirini yanada kengaytirishni istagan qo‘llab-quvvatlovchilar Every.org ishonchli xayriya platformasi orqali qo‘shimcha daraxtlar ekilishini moliyalashtirishlari mumkin bo‘ladi. Xayriyalar bevosita BMT Taraqqiyot Dasturining “Green Aral Sea” tashabbusi doirasidagi yerlarni tiklash ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi va ushbu Yer kuni kampaniyasidan tashqarida ham iqlimiy harakatni kengaytirishga yordam beradi. 

Iltimos, quyidagi havola orqali xayriya qilishni ko‘rib chiqing: https://www.every.org/undp/f/restore-the-aral-sea 

Nima uchun Orol dengizi muhim? Bir paytlar dunyodagi to‘rtinchi eng yirik chuchuk suv havzasi bo‘lgan Orol dengizi so‘nggi o‘n yilliklarda suvdan barqaror bo‘lmagan foydalanish natijasida deyarli 90 foiz suvini yo‘qotdi. Uning o‘rnida Orolqum cho‘li paydo bo‘lib, shamol eroziyasi va keskin ob-havo ta’siriga moyil bo‘lgan keng ochiq dengiz tubi hududi paydo bo‘ldi. 

Bugungi kunda bu qurigan hudud zaharli tuz va chang bo‘ronlarining asosiy manbalaridan biridir. Ushbu bo‘ronlar tuzlar va qishloq xo‘jaligi kimyoviy moddalari bilan ifloslangan mayda zarrachalarni yaqin atrofdagi shahar va qishloqlarga tarqatadi. Natijada aholi keskin yomonlashgan havo sifati, nafas yo‘llari kasalliklari, yurak-qon tomir kasalliklari, ko‘z muammolari va boshqa uzoq muddatli sog‘liq muammolariga duch kelmoqda, ayniqsa bolalar va keksalar uchun xavf yuqori. 

Sog‘liq bilan bog‘liq ta’sirlardan tashqari, Orol dengizining yo‘qolishi qishloq xo‘jaligi yerlariga zarar yetkazdi, hosildorlikni kamaytirdi va mahalliy iqtisodiyotni zaiflashtirdi. Bu esa allaqachon iqlim bosimiga uchragan hududda zaiflikni yanada kuchaytirdi. Orol dengizi inqirozi dunyodagi eng jiddiy ekologik falokatlardan biri bo‘lib, iqlimga moslashuv sohasida hanuz davom etayotgan muammo hisoblanadi. 

Ushbu hududni tiklash iqlimiy xavflarni kamaytirish va ekotizimlar hamda jamoalar farovonligini himoya qilish uchun juda muhimdir. 

BMT Taraqqiyot Dasturining “Green Aral Sea” tashabbusi doirasida amalga oshirilgan ishlar. Ushbu tashabbus orqali BMT Taraqqiyot Dasturi sobiq dengiz tubida keng ko‘lamli yerlarni tiklash ishlarini qo‘llab-quvvatlab, cho‘l sharoitiga mos mahalliy o‘simlik - saksovul daraxtlarini ekmoqda. 

Saksovul daraxtlari degradatsiyaga uchragan yerlarni mustahkamlaydi, shamol eroziyasini cheklaydi, chang va tuz tarqalishini kamaytiradi, tuproq sifatini yaxshilaydi hamda uglerodni saqlaydi - bu esa ekotizim tiklanishi va Orol dengizi hududida uzoq muddatli iqlimiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. 

2022-yildan buyon BMT Taraqqiyot Dasturi va hamkorlar qurigan Orol dengizi tubida 925 000 ta saksovul ko‘chatini ekdi. Bu sa’y-harakatlar tabiatga asoslangan yechimlar keng qamrovli foyda berishini, hududlarni mustahkamlash va vaqt o‘tishi bilan xavfsizroq yashash sharoitlarini yaratishini ko‘rsatmoqda. 

Shu bilan birga, katta hududlar hanuz xavf ostida qolmoqda, bu esa tiklash ishlarini davom ettirish zarurligini ko‘rsatadi. 

Daraxt ekish qishda, optimal mavsumiy sharoitlarda, yuqori omon qolish darajasi va uzoq muddatli ta’sirni ta’minlash uchun amalga oshiriladi.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Hamkorlik orqali natijaga erishish. Ushbu Yer kuni kampaniyasi yillar davomida Orol dengizi hududida tiklash ishlarini ilgari surishga hissa qo‘shgan avvalgi va hozirgi hamkorlar ko‘magida amalga oshirilmoqda. Ularning sadoqati uzoq muddatli maqsadlarni amaliy harakatga aylantirish va yangi, inklyuziv yondashuvlar orqali ta’sirni kengaytirishni davom ettirish imkonini berdi. 

“Maktab sifatida biz ta’lim faqat sinfxona bilan cheklanmasligiga ishonamiz. Bu yoshlarning sayyoraga nisbatan mas’uliyatini anglashiga yordam berish va jamoa sifatida birlashib, global ta’sirga ega mahalliy o‘zgarishlarni amalga oshirishdir. O‘quvchilarimizning ‘Greener Tomorrows’ ekologik guruhi yetakchiligi orqali biz BMT Taraqqiyot Dasturining “Green Aral Sea” tashabbusi va ushbu Yer kuni kampaniyasini qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanamiz. Bu tashabbus o‘quvchilar faolligi, umumiy qadriyatlar va jamoaviy harakatlarni uzoq muddatli iqlimiy natijalarga aylantiradi”, dedi Tashkent Internation School direktori Bill Kralovec. 

Ushbu Yer kunida bizga qo‘shiling va Orol dengizini tiklashga hissa qo‘shing.