O‘zbekiston iqlim chaqiriqlariga faol harakatlar bilan javob bermoqda

O‘zbekiston Braziliyada BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Konvensiyasi (UNFCCC) doirasidagi COP30 konferensiyasida NDC 3.0 majburiyatini taqdim etdi

22-December, 2025

Qat’iy iroda bilan qarshi olingan sinov

O‘zbekistonda millionlab odamlar uchun iqlim o‘zgarishi kelajakdagi xavf emas, balki kundalik haqiqatdir. Orol dengizining qurishi, qurg‘oqchilikning kuchayishi, suv tanqisligi va cho‘llanish mavhum tahdidlar emas; ular jamiyatning eng zaif qatlamlariga bevosita zarar yetkazmoqda hamda mahalliy jamiyatni oziq-ovqat xavfsizligi va salomatlik borasida jiddiy xavf ostida qoldirmoqda. Mana shunday jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotganiga qaramay, O‘zbekiston ularga qarshi kurashishda qat’iyat va irodaning eng yuksak namunasini namoyon etmoqda.

Ushbu qat’iyat O‘zbekiston hukmati tomonidan ishlab chiqilgan iqlim majburiyatida – Milliy miqyosda belgilanadigan hissasida (NDC 3.0) namoyon bo‘ladi. Joriy yilning 5-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasida tasdiqlangan va Braziliyadagi muhim COP-30 konferensiyasida e’lon qilingan ushbu reja ambitsiyali, lekin amalga oshirish mumkin bo‘lgan maqsadni belgilaydi: 2035-yilga qadar O‘zbekiston 2010-yil darajasiga nisbatan yalpi ichki mahsulot (YaIM) birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari (GHG) emissiyalarini 50 foizga kamaytirishni maqsad qilmoqda.

Ushbu transformatsion maqsad avvalgi 10 foizlik va 35 foizlik ko‘rsatkichlarni sezilarli darajada oshirib, bolalarimiz uchun yaxshiroq kelajakni ta’minlashga qaratilgani maqsad sifatida qaraladi. Bu majburiyatlar Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimidagi 1,5°C maqsadiga mos keladi va O‘zbekistonning iqlim harakatlarida yetakchilik qilish istagini namoyon etadi.

Bizning milliy majburiyatimiz mohiyatan faqat emissiya ko‘rsatkichlari haqida emas, balki, eng avvalo, insonlar haqidadir. Toza energiya hayot sifatini yaxshilaydi va inson salomatligi uchun jiddiy xavflarni kamaytiradi. Qayta tiklanuvchi energiya hamda “yashil” tarmoqlarni kengaytirish yangi yashil ish o‘rinlarini yaratadi, yanada yashil shaharlar va tiklangan ekotizimlar esa hamjamiyatlar uchun qulayroq yashash muhitini ta’minlaydi.

Iqlim o‘zgarishiga beqaror hududlarda yashovchilar uchun bu o‘zgarishlar qurg‘oqchilik va suv tanqisligiga nisbatan barqarorlikni oshiradi, har bir kishi uchun xavfsizroq va barqaror kelajakni ta’minlaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev COP-29 konferensiyasida ta’kidlaganidek, ushbu maqsadlarga erishish uchun har bir fuqaroning birlashishi va faolligi zarur.

2025 yil: “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”

O‘zbekiston 2025 yilni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qildi, bu esa mamlakatning barqarorlik bo‘yicha harakatlarni har bir sohaga kiritishga qaratilgan milliy majburiyatni anglatadi. Ushbu mavzu mamlakatning iqlim haqiqatining dolzarbligini aks ettiradi. Haroratning oshishi, suv tanqisligi va Orol dengizining ekologik inqirozi, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va jamiyat salomatligi uchun – ayniqsa g‘arbiy hududlardagi iqlimga zaif qatlamlar uchun jiddiy tahdid solmoqda.

Shu sharoitda Milliy miqyosda belgilangan majburiyat bosqichma-bosqich ilgarilashdan tubdan o‘zgartiruvchi harakatlarga o‘tishni ifodalaydi. Bu O‘zbekistonning hozirgacha eng yuksak maqsadlarni ko‘zlagan iqlim rejasi bo‘lib, u nafaqat chiqindi gazlarni qisqartirishni, balki iqlimiy maqsadlarni iqtisodiy modernizatsiya bilan bog‘lashni ham ko‘zda tutadi.

Mazkur strategiya mamlakatning o‘rta daromadli davlatga aylanish yo‘lini qo‘llab-quvvatlaydi, inklyuziv o‘sishni rag‘batlantiradi va ishbilarmonlik hamda bandlikni taminlashda gender tengligini mustahkamlaydi. Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish O‘zbekistonning keng ijtimoiy rivojlanish dasturini amalga oshirishning markaziy elementi bo‘lib, barqarorlik va imkoniyatlarning birga rivojlanishini ta’minlaydi.

Bunday miqyosdagi keng qamrovli majburiyat butun mamlakatning fidoiyligo va sa’y-harakatini talab qiladi. Shu bois O‘zbekiston aholisining to‘liq ishtirokini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan.

Bu nihoyatda muhim, chunki mamlakat aholisi yosh va tez sur’atlarda o‘sib bormoqda: 2030 yilga borib doimiy aholi soni 40 million nafarga yetishi, bu esa Markaziy Osiyo umumiy aholisining qariyb yarmiga teng bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu avlod kelajakda iqlim o‘zgarishlaridan jiddiy ta’sir ko‘rishini inobatga olib, hukumat 2024 yilda Yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb etish strategiyasini joriy etdi.

Ushbu proaktiv qadam institut mexanizmlari, belgilangan ekologik tadbirlar va iqlim fanlari bo‘yicha ta’limni o‘z ichiga oladi, yoshlarimizni O‘zbekiston uchun barqaror va bardoshli kelajakni ta’minlay oladigan yetakchilar sifatida to‘liq tayyorlashni kafolatlaydi.

Ambitsiyani amaliyotga aylantirish

O‘zbekistonning iqlim strategiyasi shunchaki niyat bayonoti emas, balki atmosfera mas’uliyati bilan iqtisodiy taraqqiyot birga bo‘ladigan transformatsiya rejasidir. Ushbu vizyon kundalik hayotda sezilarli va tezkor yaxshilanishlarni ta’minlaydigan loyihalarda allaqachon o‘z aksini topgan.

Toshkent shahridagi yangi 7 kilometrli “Yashil shahar” transport korridori shahar ichidagi harakatni qanday modernizatsiya qilish mumkinligini namoyish etadi. 324 ta elektr avtobusdan iborat park bilan qo‘llab-quvvatlangan ushbu infratuzilma odamlarning harakatini soddalashtirdi. Ulgerod emissiyalarini kamaytirish va har bir fuqaroning karbon izini miqdorini qisqartirish orqali bu har bir kishi uchun toza havo demakdir, shuningdek, 3,8 million dollar daromad keltiradi. Poytaxtdan uzoqda, Orol dengizining sobiq qirg‘oq zonalarida esa maxsus qayta tiklash ishlariga e’tibor qaratilgan: 80 gektar maydonda 80 000 dona bardoshli saksovul ko‘chatlari ekildi. Ushbu sa’y-harakatlar cho‘llanish, suv tanqisligi, oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘liq tahdidlari bilan yuzma-yuz kelayotgan jamoalarni himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, iqlim harakati inson xavfsizligini bevosita ta’minlashini isbotlaydi.

Ushbu yutuqlar asosida O‘zbekiston o‘z rivojlanish yo‘lini qayta belgilovchi asosiy majburiyatlarni kengaytirmoqda:

  • Qayta tiklanuvchi energiyani kengaytirish: 2030-yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya quvvatini 25 000 MVtgacha oshirish, bu milliy energiya balansining 54 foizini tashkil qiladi.

  • Shaharlar va uylarni yashillash: bir million energiya tejamkor uy qurish va shahar hududlarining 30 foizini yashil zonalarga aylantirish.

  • Ekotizimlarni tiklash: 6,1 million gektar maydonni o‘rmonlashtirish, shu jumladan Orol dengizi hududida 2,3 million gektar va “Yashil makon” umummilliy doirasida bir milliard ko‘chat ekish.

  • Chiqindilarni barqaror boshqarish: qattiq maishiy chiqindilar tizimini 95 foiz qamrov bilan ta’minlash va yig‘ilgan chiqindilarning 35 foizini energiya ishlab chiqarishda ishlatish.

  • Transportni dekarbonizatsiya qilish: elektr transportini kengaytirish va qo‘shimcha yashil shahar korridorlarini yaratish orqali emissiyalarni kamaytirish va shaharlararo bog‘lanishni yaxshilash.

Ushbu harakatlar BMT Taraqqiyot dasturi, xalqaro moliya institutlari va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikda amalga oshiriladi, bu esa iqlim maqsadlari jamoalar uchun aniq foyda berishini ta’minlaydi va O‘zbekistonni barqaror rivojlanishda mintaqaviy yetakchi sifatida joylashtiradi.

Birgalikda yengib o‘tilishi lozim bo‘lgan sinov

O‘zbekiston NDC 3.0 orqali iqlim majburiyatini faxr bilan yangiladi va iqlim xavfi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlar ham ularni yengish borasida eng katta qat’iyatni namoyon qilayotganini isbotladi. Shu bilan birga, bu yuksak maqsadlar global miqyosda resurslarni talab qiladi. Hisob kitoblarga ko‘ra 2035 yilga borib issiqxona gazlari chiqindilarini 50 foizga qisqartirish uchun 2030 yilga qadar mitigatsiya maqsadida 33,7 milliard dollar jalb qilish zarur bo‘lsa, iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini amalga oshirish uchun 2030 yilga qo‘shimcha 15,7 milliard dollar talab etiladi.

Ushbu muhim sarmoyalar shunchaki xarajat emas; ular taraqqiyot dvigateli hisoblanadi. Mablag‘ qayta tiklanuvchi energiya, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, yashil ish o‘rinlari va innovatsiyalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi va O‘zbekistonning kelajakdagi o‘rta daromadli davlat sifatidagi poydevorini yaratadi. Bundan tashqari, BMT Taraqqiyot dasturi tadqiqotlari ko‘rsatganidek, ushbu past karbonli o‘sish ijtimoiy adolat, gender tengligi va inson rivojlanishini bevosita ilgari suradi. Bu shunchaki iqlim rejasi emas – bu barqaror farovonlik uchun keng qamrovli strategiyadir.

Bugun harakat qilish vaqti keldi. Biz barcha manfaatdor tomonlarni – hukumat va xususiy sektor yetakchilaridan tortib, jamoalar va fuqarolik jamiyatigacha – birlashishga chaqiramiz. Har bir hamkorlik muhim, va biz ushbu majburiyatlarni haqiqatga aylantirish uchun zarur bo‘lgan tajriba, moliyaviy resurslar va iroda bilan birlashadigan hamkorlarga muhtojmiz.

Iqlim o‘zgarishi umumiy sinovdir, lekin agar hamma teng mas’uliyatni o‘z zimmasiga olsa, uni umumiy muvaffaqiyatga aylantirish mumkin. Keling, bugundan sarmoya qilaylik va O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va butun dunyo uchun bardoshli, inklyuziv va barqaror kelajakni ta’minlaylik.