Zamonaviy texnologiyalar gidrologik kuzatuvlarga oid yondashuvlarni o‘zgartirmoqda: dopler profilografidan foydalanish bo‘yicha o‘qishdan keyingi taassurotlar

Muallif: Feruza Shaimkulova, 1-toifali muxandis-gidrolog, Andijon viloyati Gidrometeorologiya boshqarmasi

17-June, 2025
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Men 14 yildan ortiq vaqt mobaynida O‘zgidrometning Andijon viloyatidagi hududiy bo‘linmasida ishlab kelaman. Mening asosiy vazifam gidrologik postlardagi kuzatuvchilardan kelib tushadigan ma’lumotlarni tahlil qilishdan iborat. Tabiiy ofatlar yuz bergan taqdirda odamlar xavfsizligi va infratuzilma himoyasi uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi gidrologik prognozlar va erta ogohlantirish aynan shu ma’lumotlarga tayanadi.

Yaqin vaqtgacha oqim tezligi, suv chuqurligi va sarfi kabi aksariyat gidrologik o‘lchovlar qo‘lda bajarilar edi. Bu ayniqsa Amudaryo yoki Sirdaryo kabi yirik daryolar o‘rganilganida juda murakkab jarayon hisoblanadi. Birgina o‘lchov 5-6 soat davom etib, jismoniy chidamlilik, mayda detallarga e’tiborlilik hamda ko‘pincha ish sharoitlari tufayli erkaklar ishtirokini talab qilishi mumkin.

Biroq texnologiyalar rivojlanishda davom etmoqda. RS5 kabi akustik dopler profilograflari o‘lchovlar o‘tkazish vaqtini bir necha martaga qisqartirish hamda yanada aniq va ishonchli ma’lumotlarni olish imkonini beradi. Ushbu qurilma bilan ishlashni o‘zlashtirish uchun hamkasblarim bilan BMTTD tomonidan tashkil etilgan besh kunlik treningda ishtirok etdim. Trening O‘zbekistonning barcha hududlaridan O‘zgidrometning 30 dan ziyod mutaxassislarini bir yerga jamlab, nafaqat ma’rifiy, balki professional tajriba almashinuvi uchun mashg‘ulotlar platformasiga aylandi.

A person kneeling beside yellow kayaks on grass near a river, with equipment nearby.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Trening dasturi nazariy mashg‘ulotlardan tashqari, Navolisoy, Ugam-Xojikent va Chirchik-G‘azalkentdagi gidropostlarga amaliy safarlarni ham qamrab oldi. Biz amaliy sharoitda profilograf bilan ishlashni o‘rgandik: qurilmada kalibrovka o‘tkazib, ma’lumotlarni to‘pladik va tahlil qildik, xalqaro ekspert rahbarligi ostida jamoalarda ishladik.

RS5 profilografi bilan ishlash chog‘ida o‘zim uchun bu texnologiyaning bir nechta asosiy afzalliklarini qayd etdim:

  • Ma’lumotlar aniqligi va tezkorligining ortishi. O‘lchovlarni profilograf yordamida o‘tkazish ayniqsa toshqinlar yoki qurg‘oqchilik davrida muhim hisoblangan suv sarfi, irmoq chuqurligi va tusi haqida ishonchli ma’lumotni tez olish imkonini yaratadi.

  • Suv resurslari barqaror boshqarilishini qo‘llab-quvvatlash. Daryo o‘zanlari va qirg‘oqlar bo‘yicha tizimli ma’lumotlar gidrologik jarayonlarning modellariga integratsiya qilinib, prognozlashtirish va qarorlar qabul qilishda yordam berishi mumkin.

  • Uzoq muddatli o‘zgarishlarni aniqlash. Muntazam o‘lchovlar iqlim o‘zgarishi va antropogen yuklama sharoitida suv tizimlari dinamikasini kuzatib borish imkoniyatini beradi.

Bularning barchasi, umuman olganda, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi sharoitida erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish doirasida ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilinishiga va ularning sifatini oshirishga yordam qiladi.

Men uchun olgan nazariy va amaliy bilimlarimdan tashqari, boshqa hududlardagi hamkasblarim bilan muloqot ham juda qadrli bo‘ldi. Biz turli geografik va iqlimiy sharoitlarda dopler profilograflarini qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilib, kundalik amaliyotga innovatsiyalarni joriy qilish tajribasi bilan bo‘lishdik. Bunday uchrashuvlar professional hamjamiyatni mustahkamlab, yagona standart va yondashuvlar sari harakat qilishga yordam beradi.

Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi, ammo men uchun to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilayotganimiz tushunchasi haqiqiy sarhisob bo‘ldi. Yangi texnologiyalar yanada aniq, tezkor va xavfsiz kuzatishlar uchun imkoniyatlarni ochib beradi. Shu asnoda, erta ogohlantirish tizimimiz yanada samaraliroq, mamlakatimiz esa iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar bilan bog‘liq xatarlarga yanada chidamliroq bo‘lib boradi.