Yosh innovatorlarni qo‘llab-quvvatlash ortidagi ekotizim: O‘zbekiston tajribasidan saboqlar

6-August, 2026
Foto: UNDP O‘zbekiston

Buguni O‘zbekiston startap sohasi besh yil avvalgidan tubdan farq qiladi. Mamlakatning texnologik ekotizimi hozirda qariyb 4 milliard dollarga yetdi. Startaplar 2025-yilning o‘zida 329 million dollar investitsiya jalb qildi — bu avvalgi yilga nisbatan to‘rt baravar ko‘proq. O‘zbekiston bir yil ichida global startaplar reytingida 19 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyodagi eng katta o‘sishni qayd etdi.

Bunday raqamlarni oddiy izohlash mumkin, sabab yaxshilangan qonunlar, ko‘proq mablag‘, kuchliroq institutlar. Bularning barchasi muhim ahamiyatga ega. Ammo bunday o‘sish odatda yuqoridan boshlanmaydi. U avvalo odamlardan, ya’ni yangi g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga jur’at qilgan avloddan va ularga buni o‘rganish imkonini beradigan muhitdan boshlanadi.

Boshlanish nuqtasi

2022-yilga kelib, rivojlangan startap ekotizimi uchun zarur bo‘lgan ko‘plab omillar hali mavjud emas edi. O‘sha davrdagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistondagi startaplarning mutlaq ko‘pchiligi hali g‘oya bosqichida edi, investitsiyaga jalb qilish darajasiga yetganlari juda kam edi.

Shu bilan birga, davlat institutlari ham o‘zgarish jarayonida edi: vazirliklar birlashayotgan, kadrlar almashayotgan, raqamli iqtisodiyot bo‘yicha yangi ustuvor yo‘nalishlar esa kun tartibidagi boshqa muhim vazifalar bilan bir qatorda shakllanayotgan edi.

Bunday sharoitda yangi qonun qabul qilish yoki milliy startap jamg‘armasini tashkil etish hali erta bo‘lardi. Chunki siyosatni shakllantirish uchun hali hech qanday tajriba mavjud emas, yirik institutsional sarmoyalarni oqlash uchun esa ko‘zga ko‘rinarli ta’sischilar guruhining o‘zi yo‘q edi. Asl bo‘shliq pul yoki qonunchilikda emas, balki konveyerda, ya’ni istiqbolli g‘oyalarga ega insonlarni topish, ularga asoslarni o‘rgatish va bu g‘oyalarning rivojlanishiga yordam bera oladigan odamlar bilan bog‘lashda edi.

Foto: UNDP O‘zbekiston

Kichik qadamlardan  boshlash

UNDP aynan shundan ish boshladi. 2022–2026-yillar davomida UNDP va hukumatdagi hamkorlar butun mamlakat bo‘ylab bir qator xakatonlar tashkil etib, yuzlab yoshlarni bir joyga jamladi.  Ishtirokchilarning qariyb yarmi ayollar bo‘lib, ular o‘zlarining ilk raqamli mahsulotlarini yaratish va taqdimot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

2023-2026 – yillarda o‘tkazilgan ayollar uchun maxsus xakatonlar esa startap ekotizimi boshidanoq mamlakat iste’dodining yarmidan ko‘prog‘ini chetda qoldirmaslikka xizmat qildi. Xakatonlar bilan bir qatorda, 2024-2025-yillarda raqamli amaliyot dasturi hamda 2026-yilda sun’iy intellekt bo‘yicha o‘quv dasturi yosh ayollarga texnologiyalar sohasidagi  ish muhitini yaqindan tanishish imkonini berdi. Dastur bitiruvchilarining ayrimlari keyinchalik mentor va sohaning yetakchi mutaxassislariga aylandi.

Chorshanbi va Hazorasp tumanlarida ochilgan kichik IT va biznes o‘quv markazlari ilgari bunday ta’limga ega bo‘lmagan mahalliy yoshlar uchun yangi eshiklarini ochdi.

Bularning hech biri dastlab “ekotizimni rivojlantirish”dek tashabbusga o‘xshamasdi. Tashqaridan qaraganda, bu shunchaki bir nechta treninglar va o‘quv markazlaridan iborat edi. Aslida esa ular ilgari mavjud bo‘lmagan muhim asosni yaratdi: istiqbolli g‘oyalarga ega yosh tadbirkorlarning ko‘rinadigan va kuzatish mumkin bo‘lgan hamjamiyati shakllandi. Shu jarayonda UNDP muhim saboq oldi: institutsional o‘zgarishlarni kutishdan avval, yordam avvalo insonlarning ehtiyojiga moslashishi kerak.

Female presenter beside a large screen displaying a 'How it works?' slide with cartoon characters.
Foto: UNDP O‘zbekiston

Zarur tizim shakllangach, qolgan barcha jarayonlar tabiiy ravishda rivojlandi

2024-2025-yillarga kelib, vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi. Xususiy angel investorlar tarmog'i 6 nafar a'zodan 40 nafardan ortiq a'zoga ko‘payib 220 000 AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritdi.  Bunga sabab endi sarmoya kiritishga arziydigan startaplar soni ko’paygan edi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi hamkorlar bilan ishlab chiqqan platforma tadbiri — PizzaPitch — asoschilarni mentorlar va dastlabki mijozlar bilan bog'laydigan doimiy startap platformaga aylandi. Ayollarga yo'naltirilgan dasturlar kengaydi, jumladan yangi ayol asoschilar guruhi uchun Lissabondagi WEB Summit va Madriddagi South Summit'ga o'quv safari tashkil etildi.

Shu bilan birga, O'zbekistonning venchur kapital infratuzilmasi ham mustaqil rivojlandi va “IT Park Ventures” va “AloqaVentures” kabi yangi fondlar haqiqiy kompaniyalarga to‘liq o‘z bozor shartlarida real mablag‘ kiritishni boshladilar.

Natijalar aynan mana shu uyg‘unlikda yaqqol namoyon bo‘ldi.

2024-yida Mumin Salimov o'zining HR dasturiy ta'minoti startapi — Verifixni UNDP PizzaPitch tadbirida  taqdim etdi. U 120 dan ortiq raqobatchi ishtirokidagi milliy startap tanlovida g'olib chiqdi va 2025-yilda IT Park Ventures va AloqaVenturesdan 400 000 AQSH dollar investitsiya jalb qildi. Investorlar unga hech qanday majburiyatsiz, mahsulot samarali ishlagani uchun mablag' ajratdilar. Hozirda Verifix 200 dan ortiq kompaniyaga xizmat ko'rsatmoqda, Salimov esa O'zbekistonni Silikon vodiysidagi global startap tanlovida vakillik qilmoqda. 

Shu  dastur ishtirokchilaridan yana biri — Islomjon Oripov yaratgan Onlayn Hamshira uy sharoitida tibbiy xizmat ko’rsatish platformasi  Prezidentning texnologiya mukofotini qo‘lga kiritdi hamda 7 mingdan ortiq bemorga xizmat ko’rsatdi. 

2026-yilda Madrid va unga bog’liq tashabbuslarda qatnashgan ayol tadbirkorlar, jumladan Kamola Ubaeva va Aida Azamatkyzy ham o‘zlarining ilk sarmoyalarini jalb qila oldi. Bu ayollar uchun maxsus imkoniyatlar yaratish, ularning o'zlari kelishini kutishdan ko’ra, ancha samarali ekanini yana bir bor isbotladi.

Bu muvaffaqiyatlar ortida esa sog‘liqni saqlash, ta’lim va chakana savdo kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan yana o‘nlab Rossiya Federatsiyasi tomonidan moliyalashtirilgan UNDP dasturlari bitiruvchilari turibdi. Ular hali ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmagan bo‘lsa-da, bugungi kunda ishlayotgan mahsulotlar va haqiqiy foydalanuvchilarga ega startaplarini rivojlantirishda davom etmoqda.

Foto: UNDP O‘zbekiston

Kelajak uchun qanday xulosalar chiqarish mumkin? 

Bugungi kunda ushbu dastlabki “iste’dodlar zanjiri”ni yaratishga qaratilgan ishlar O‘zbekistonning “Startaplar to‘g‘risidagi” qonuni loyihasini ishlab chiqishga bevosita asos bo‘lmoqda. UNDP hukumat mutaxassislari bilan birgalikda qonun loyihasini tayyorlashda texnik ko‘mak bermoqda. Universitetlar esa tashqi yordamga ehtiyoj sezmasdan o‘z xakatonlarini mustaqil tashkil eta boshadi.

O‘z raqamli iqtisodiyot strategiyasini shakllantirayotgan davlatlar uchun bundan chiqadigan asosiy saboq oddiy: Avvalo qonun yoki jamg‘armadan emas, balki to‘g‘ri insonlarni topishdan boshlang. Keyin esa tizimni ularning atrofida bosqichma-bosqich rivojlantiring. Inklyuzivlikni keyinchalik qo‘shiladigan element sifatida emas, balki dastlabki kundanoq strategiyaning ajralmas qismi sifatida loyihalashtiring. Va nihoyat, qaysi yondashuv samara berayotgani amalda isbotlangach, aynan o‘shanda uni davlat siyosatining bir qismiga aylantiring.