Andijonda to‘qilgan naqsh: hunarini kengaytirayotgan mentorning yo‘li
15-September, 2026
Madinaning hikoyasi o‘z ustaxonasini ochishidan ancha oldin - bolaligida, onasining tikuv mashinasi yonida boshlangan. An’anaviy matolar, tikuv mashinasining shovqini va naqshinkor do‘ppilardagi murakkab kashtalar orasida ulg‘aygan Madina kundalik hayot jarayonida o‘z hunarining asoslarini o‘rgandi: tikish, kashta tikish va mahalliy bozorda kichik hajmda mahsulot sotish.
Madinaning tadbirkorligi bolalik va kundalik hayotida shakllangan ko‘nikmalar asosida rivojlandi. Vaqt o‘tishi bilan bu tajriba va bilimlardan foydalanish uning biznesining poydevoriga aylandi. Bugungi kunda esa uning tadbirkorlik faoliyati va mahalliy mentor sifatidagi roli hunarmandchilik bilan bozor o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. U an’anaviy bilimlarni o‘zida mujassam etgan matolar orqali hunarmandchilikning yangi imkoniyatlarini namoyon etmoqda.
Uning iste’dodi mahalla e’tiborini tortib, xaridorlardan kelayotgan talab ortib borgani sari, Madina ustaxonasini kengaytirish imkoniga ega bo‘ldi. Bunda unga Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan UNDP (BMT Taraqqiyot Dasturining) Savdoga ko‘maklashish (Aid for Trade) loyihasi ko‘magida ustaxonasini zamonaviylashtirish yordam berdi.
Raqs libosidan hunarmandchilik maktabigacha
Turmush qurganining dastlabki o‘n yilida bu hunar daromad manbai yoki o‘zini namoyon qilish vositasi sifatida emas, balki zarurat tufayli davom etdi — kiyimlarni yamash yoki uy-ro‘zg‘or buyumlarini tikish bilan cheklangan edi.
2016-yilda, o‘rtancha farzandi endigina bir yoshga to‘lganida, Madina qizi uchun tikib bergan raqs libosi boshqalarda katta taassurot qoldirdi. Ko‘p o‘tmay, boshqa ota-onalardan ham buyurtmalar kela boshladi.
Bu voqea uning avvalgi bilim va ko‘nikmalarini qayta tiklash uchun boshlang‘ich nuqta bo‘ldi. U uyida ishlay boshladi va asta-sekin bu faoliyatni kichik ustaxonaga aylantirdi.
Dastlab vaqti-vaqti bilan kelib tushgan buyurtmalar asta-sekin uy sharoitidagi biznesga aylandi. Keyinchalik Madinani kashtachilik va zardo‘zlik bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishga taklif qila boshlashdi. 2022-yil oxiriga kelib, u 40 nafardan ortiq shogirdni tayyorlagan edi. Bugungi kunda uning ko‘plab shogirdlari nafaqat bu hunarni davom ettirmoqda, balki o‘zlari ham ustoz va mentor sifatida faoliyat yuritmoqda.
Yaqin vaqtgacha Madinaning ustaxonasi atigi uchta eski tikuv mashinasiga tayanib ishlardi. Eskirgan uskunalar biznes rivojini sezilarli darajada sekinlashtirgan: buyurtmalarni bajarish ko‘proq vaqt va mehnat talab qilar, tezlik va sifat o‘rtasida muvozanat saqlashga to‘g‘ri kelardi. Zamonaviy uskunalarning yo‘qligi ustaxonaning o‘sish imkoniyatlarini cheklab qo‘ygan edi. Buyurtmalarni bajarish ko‘proq vaqt olar, unumdorlik past bo‘lib qolar, zamonaviy texnikalarsiz ishlab chiqarishni kengaytirish esa deyarli imkonsiz edi.
2024-yilda Madina O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan UNDPning “Markaziy Osiyoda savdoga ko‘maklashish” (Aid for Trade in Central Asia) tashabbusi doirasida ayol tadbirkorlar uchun birgalikda tashkil etilgan mentorlik dasturi haqida ma’lumotga ega bo‘ldi. 2022-yilda ishga tushirilganidan buyon dastur 300 nafardan ortiq ayol tadbirkorni o‘qitdi. Shuningdek, Madina ham kirgan 23 nafar ishtirokchi o‘z biznesini kengaytirish uchun texnik ko‘mak va zamonaviy ishlab chiqarish uskunalarini olish uchun tanlab olindi.
Uning ustaxonasi zamonaviy ishlab chiqarish uskunalari bilan jihozlandi. Jumladan, kashta tikish mashinasi, avtomatlashtirilgan funksiyalarga ega yuqori tezlikdagi tikuv mashinasi, sanoat overlog mashinasi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoplama chok mashinasi (cover stitch machine), bug‘ generatoriga ega sanoat dazmoli va ko‘p funksiyali termopress ustaxona faoliyatini tubdan o‘zgartirdi.
Unumdorlik ikki baravar oshdi, mahsulot ishlab chiqarish vaqti qisqardi, mahsulotlar sifati esa sezilarli darajada yaxshilandi. Endilikda ustaxonada ishlab chiqarilayotgan har bir mahsulotda aniq va bir xil sifatdagi kashtalar, tekis choklar hamda professional pardozlashni ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ldi.
Bu o‘zgarishlar tez orada biznes natijalarida ham o‘z aksini topdi. Zamonaviy tikuv uskunalari joriy etilgach, savdo hajmi 30 foizga oshdi. Mashinada kashta tikish va an’anaviy qo‘l mehnatida munchoq qadashning uyg‘unligi ayrim mahsulotlarning qiymatini ikki baravar oshirdi. Masalan, avval 50 000 so‘mga sotilgan ko‘ylaklar endilikda qariyb 100 000 so‘mga sotilmoqda. Hozirda ustaxonadagi mahsulotlarning qariyb 50 foizi yangi uskunalar yordamida ishlab chiqarilmoqda.
Shu bilan birga, Madinaning o‘z ishiga bo‘lgan qarashi ham o‘zgardi. Hunarmandchilik uning uchun endi nafaqat an’ana, balki barqaror biznesga ham aylandi. Dasturdagi boshqa ishtirokchilar bilan muloqot ham muhim rol o‘ynadi. Avvalgi guruh ishtirokchisi va g‘olibi Muqaddas Sodiqova Madinaga o‘z faoliyatiga shunchaki qo‘l mehnati asosidagi mahsulotlar emas, balki alohida brend sifatida qarashga yordam berdi.
Ishlab chiqarishni kengaytirish bilan bir qatorda, Madina Telegram messenjeri orqali onlayn savdo kanallarini ham yo‘lga qo‘ydi va o‘z brendini mahsulotlarni sertifikatlash hamda yirik marketpleyslar orqali sotuvga chiqarishga tayyorlamoqda. Loyiha doirasidagi maslahat ko‘magidan foydalanib, u Uzum marketpleysiga qo‘shilish va brendining bozordagi mavqeini yanada mustahkamlash imkoniyatlarini ham o‘rganmoqda.
Ilhom va yangi yo‘nalish
Bugungi kunda ustaxonada ikki guruh — tajribali hunarmand ayollar va yosh shogirdlar birgalikda faoliyat yuritadi. Ular kuniga 20 tagacha ko‘ylak yoki 5–10 ta an’anaviy chopon ishlab chiqaradi.
Unumdorlikning oshishi nafaqat ishlab chiqarish hajmining ko‘payishiga, balki yangi imkoniyatlarning paydo bo‘lishiga ham olib keldi: ayollar uchun barqaror daromad, ish o‘rinlari va moliyaviy mustaqillik. Bugungi kunda korxonada 2 ta doimiy va 5 ta mavsumiy ish o‘rni mavjud bo‘lib, ular orasida ayollar hamda bir nafar nogironligi bo‘lgan shaxs uchun ham bandlik imkoniyatlari yaratilgan.
Madinaning mahsulotlarini O‘zbekistonning turli hududlaridagi xaridorlar xarid qilmoqda. Ular orasida yakka tartibdagi mijozlar, san’atkorlar, madaniyat tashkilotlari hamda o‘ziga xos qo‘l mehnati mahsulotlarini izlayotgan sayyohlar bor. Hunarmandchilik turizmi yo‘nalishini kengaytirar ekan, Madina mahorat darslari va kelajakda tashkil etishni rejalashtirayotgan uy-muzeyi orqali mahalliy va xorijiy sayyohlarni yanada ko‘proq jalb etishni maqsad qilgan.
Ko‘pchilik uchun bu daromad topish va iqtisodiy hayotda faol ishtirok etishdagi ilk tajribadir. Ustaxona nafaqat ish joyiga, balki tadbirkorlikka olib boruvchi imkoniyatlar eshigiga ham aylandi.
Dasturda ishtirok etish Madina uchun nafaqat texnik, balki konseptual o‘zgarish ham bo‘ldi.
U hunarmandchilik turizmiga alohida e’tibor qaratishni ongli ravishda tanladi. Kundalik hayot, an’analar va xonadon iliqligi sayyohlar uchun qimmatli tajribaga aylanishi mumkinligi haqidagi g‘oya unga yangi ishonch bag‘ishladi.
Bugungi kunda Madina o‘ziga xos yo‘nalish — butun O‘zbekistonda tanilgan Andijon uslubini yaratish ustida ishlamoqda. Buxoro, Samarqand va Marg‘ilon kashtachilik maktablari O‘zbekistonda keng tanilgan bo‘lsa, Madina ushbu an’anaga yangi nom va yo‘nalish qo‘shishni maqsad qilgan. U o‘z hududi uchun o‘ziga xos ramzga aylanishi mumkin bo‘lgan original naqsh elementlarini ishlab chiqmoqda.
Loyiha, shuningdek, mentorlik, brending bo‘yicha ko‘mak va mahorat darslari orqali Madinaga madaniy merosni hunarmandchilik turizmi bilan uyg‘unlashtirishda yordam berdi. Bu ko‘mak unga an’anaviy hunarmandchilikni sayyohlar uchun o‘ziga xos tajribaga aylantirish imkonini berdi.
Madinaning navbatdagi maqsadi — uy-muzey tashkil etish
Ushbu makon uning o‘z asarlari va shogirdlari yaratgan ishlar namoyish etiladigan, hunarmandchilik an’analari yashab turadigan muhit sifatida tasavvur qilinmoqda. Tashrif buyuruvchilar nafaqat an’anaviy liboslarni tomosha qilish, balki mahorat darslarida ishtirok etib, ularni yaratish jarayonini bevosita o‘zlari boshdan kechirish imkoniga ega bo‘ladilar.
Shu tariqa, hunarmandchilik nafaqat daromad manbai, balki madaniy merosni asrab-avaylash va hunarmandchilik turizmini rivojlantirish vositasiga ham aylanadi.
UNDP (BMT Taraqqiyot Dasturi) yaqinda Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan “Markaziy Osiyoda savdoga ko‘maklashish” (Aid for Trade in Central Asia) mintaqaviy tashabbusini amalga oshirishni yakunladi. O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida tashabbus global bozorlar va savdoni o‘zgartirayotgan yashil va raqamli transformatsiyalarga moslasha oladigan, yanada diversifikatsiyalashgan, inklyuziv va kelajak talablariga tayyor iqtisodiyotlarni rivojlantirishga ko‘maklashdi. Shuningdek, ish o‘rinlariga boy va barqaror qiymat zanjirlarini rivojlantirish bo‘yicha biznes va institutlarning salohiyatini oshirdi hamda korxonalar samaradorligi va raqobatbardoshligini mustahkamladi.