Issiqroq poliklinika, sifatliroq tibbiy xizmat: Iqlim yechimlari Sirdaryoda kundalik sog‘liqni saqlash xizmatlarini qanday yaxshiladi
21-July, 2026
Yillar davomida Sirdaryoda qishning sovuq tonglarida yosh farzandlarini bag‘riga bosgan onalar 4-sonli poliklinikaga tibbiy yordam izlab kelar, biroq ularni deyarli isitilmagan kutish zallari qarshi olardi. Yoz faslida esa buning aksi kuzatilardi: ayrim xonalar haddan tashqari qizib ketar, bu esa uzoq kutishga majbur bo‘lgan bemorlar uchun noqulaylik tug‘dirar, tibbiyot xodimlarini esa tez charchatardi.
Ko‘p yillardan buyon ushbu poliklinikada faoliyat yuritayotgan Moxira uchun bu muammolar kundalik ishning ajralmas qismi edi.
“Yozda ham, qishda ham bemorlar va xodimlar uchun qiyin bo‘lardi. Ba’zi xonalar juda issiq, boshqalari esa juda sovuq bo‘lar, issiq suv ta’minoti ham doim ham barqaror emas edi”, — deydi u.
Poliklinika yuzlab mahalliy aholiga, jumladan, keksalar, homilador ayollar va yosh bolalarga xizmat ko‘rsatadi. Tibbiyot xodimlari sifatli xizmat ko‘rsatishga astoydil intilgan bo‘lsalar-da, eskirgan infratuzilma ularning ishini murakkablashtirardi. Xonalarni qulay haroratda ushlab turish katta miqdorda energiya talab qilar, biroq shunga qaramay, bemorlarning ehtiyojlarini to‘liq qondira olmas edi.
Yaponiya hukumati moliyaviy ko‘magida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) tomonidan amalga oshirilgan pilot loyiha doirasida poliklinikaga energiya tejamkor iqlim yechimlari joriy etildi. Ular qatoriga ekologik xavfsiz R290 sovutgichidan foydalanadigan zamonaviy konditsioner tizimlari, quyosh fotoelektr panellari bilan integratsiyalashgan issiqlik nasosi asosidagi issiq suv ta’minoti tizimi hamda aqlli energiya boshqaruvi texnologiyalari kiradi.
Ko‘zga tashlanadigan ushbu o‘zgarishlar ortida yana bir muhim natija bor. Energiya iste’moli va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish orqali poliklinika iqlim bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhim davlat xizmatlarini yanada mustahkamlashi va shu bilan birga atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishi mumkinligini amalda namoyish etmoqda.
Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan pilot loyiha bugun odamlar uchun ancha sezilarli natijaga aylandi, tibbiy yordam olish uchun yanada sog‘lom va qulay muhit yaratildi.
“Endi odamlar o‘zlarini ancha qulay his qilmoqda, muhit esa barchamiz uchun yaxshilandi”, — deydi Mahbuba.
Ushbu pilot loyiha iqlim bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar inson xavfsizligini qanday mustahkamlashini yaqqol ko‘rsatadi. Ular odamlar salomatligi va farovonligini himoya qilish bilan birga, o‘zgarib borayotgan iqlim sharoitida davlat muassasalarining muhim xizmatlarni uzluksiz ko‘rsatishini ta’minlashga xizmat qiladi.