O‘sib borayotgan shahar uchun ekologik toza qatnov

24-June, 2026
Foto: UNDP O‘zbekiston

Har tongda Toshkent erta uyg‘onadi va harakatga tushadi.

Ota-onalar farzandlarini maktabga olib boradi. Talabalar universitetlarga shoshiladi. Ofis xodimlari ish joylari, poliklinikalar, bozorlar va uylariga yetib borish uchun shaharning bir chekkasidan ikkinchi chekkasiga yo‘l oladi. Biroq ko‘p yillar davomida tobora kengayib borayotgan poytaxtda harakatlanish uzoq qatnovlar, tirbandliklar, gavjum avtobuslar va havo ifloslanishining kuchayishi bilan bog‘liq edi.

Bugun esa elektr avtobuslarning yangi avlodi shaharning harakatlanish tizimini tubdan o‘zgartirmoqda.

Toshkent bo‘ylab zamonaviy yo‘nalishlar va maxsus avtobus yo‘laklari bo‘ylab harakatlanayotgan zamonaviy ko‘k rangli elektr avtobuslar Markaziy Osiyoning eng tez rivojlanayotgan shaharlaridan birida yo‘lovchilarga yanada sokin, qulay va samarali qatnovni ta’minlamoqda.

Ko‘plab yo‘lovchilar uchun bu o‘zgarish darhol seziladi.

Foto: UNDP O‘zbekiston

“Avtobuslar avvalgidan ancha qulay va shovqinsiz. Shahar yanada zamonaviy ko‘rinadi”, — deydi Toshkent markazida qatnab yuruvchi Totya Useinova.

O‘zbekiston hukumati, Global ekologik jamg‘arma (GEF) va BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) hamkorligida amalga oshirilgan loyiha shahar jamoat transporti infratuzilmasini keng ko‘lamda modernizatsiya qilishga qaratildi. Uning maqsadi harakatlanish qulayligini oshirish, chiqindilarni kamaytirish va yanada barqaror shahar muhitini yaratishdan iborat edi.

Ushbu o‘zgarishlarning markazida Toshkent jamoat transporti parkiga 524 ta elektr avtobusni joriy etish turibdi. Bu mintaqadagi elektr transportga o‘tish bo‘yicha eng yirik tashabbuslardan biridir. Mazkur avtobuslar har yili qariyb 25 ming tonna karbonat angidrid (CO₂) chiqindilarining oldini olishga yordam bermoqda va shu orqali havoning tozaligi hamda shaharning uzoq muddatli iqlim maqsadlariga sezilarli hissa qo‘shmoqda.

Ammo loyiha faqat avtobuslar bilan cheklanib qolmadi.

Modernizatsiya ishlari doirasida yangilangan yo‘llar va chorrahalar, maxsus avtobus yo‘laklari, takomillashtirilgan transport boshqaruvi tizimlari hamda tirbandliklarni kamaytirish va qatnov samaradorligini oshirishga qaratilgan aqlli infratuzilmani o‘z ichiga olgan “Yashil transport koridori” ham yaratildi.

Yo‘lovchilar uchun bu amaliy natijani anglatadi: tirbandliklarda kamroq vaqt sarflash va kundalik rejani ancha oldindan rejalashtirish imkoniyati.

Green and white city bus on a tree-lined street with buildings in the background.
Foto: UNDP O‘zbekiston

“Avvallari shaharning bir chekkasidan ikkinchisiga borish tirbandliklar sabab juda ko‘p vaqt olardi”, — deydi yana bir yo‘lovchi. “Endi jamoat transporti tezroq va yaxshiroq tashkil etilgani bilnmoqda.”

Loyihaning samarasi jamoatchilik fikrida ham o‘z aksini topgan. 600 nafar aholi va koridor foydalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, transport koridoridan umumiy qoniqish darajasi 90 foizni tashkil etdi. Bu xizmat sifati, ishonchlilik, qulaylik va qatnov sharoitlaridagi yaxshilanishlarni aholi yuqori baholayotganini ko‘rsatadi.

Loyiha an’anaviy dizel transportiga qaramlikni kamaytirish orqali shahardagi havoni yanada tozalash va shovqinni kamaytirishga ham xizmat qilmoqda.

Toshkent o‘sishda davom etar ekan, urbanizatsiya va transport bilan bog‘liq ekologik bosimlar tobora yaqqol sezilmoqda. Elektr transportiga o‘tish transportdan kelib chiqadigan chiqindilarni kamaytirish va aholi turmush sifatini yaxshilash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Foto: UNDP O‘zbekiston

“Yashil transport koridori”ning ta’siri faqat transport va ekologik natijalar bilan cheklanmaydi. Yaxshilangan infratuzilma va qulayliklar yo‘nalish bo‘ylab joylashgan mahallalar uchun sezilarli iqtisodiy foyda ham keltirdi. Koridor tashkil etilgandan so‘ng ko‘chmas mulk qiymati 15 foizgacha oshdi, bu esa hududlarning jozibadorligi va investorlar ishonchi ortganini ko‘rsatadi. Mahalliy bizneslar ham sezilarli foyda ko‘rdi — mijozlar oqimining ortishi, qulay transport va yanada jonlangan shahar muhiti hisobiga daromadlar 29 foizga oshdi.

Avtobuslarning ichki qismida ham o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Zamonaviy salonlar, raqamli tizimlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan imkoniyatlar va yanada ravon harakatlanish jamoat transporti haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirmoqda. Endilikda keksalar, bolali oilalar va kundalik yo‘lovchilar uchun tizim yanada qulay, inklyuziv va foydalanuvchilarga mos tarzda tashkil etilgan. Bundan tashqari, bugun avtobus boshqarayotgan ayollarni ham ko‘rish mumkin, holbuki ko‘p yillar davomida bunday kasb ular uchun imkonsiz edi.

Haydovchilar ham bu o‘zgarishlarni muhim deb baholamoqda.

“Mening otam 20 yildan ortiq avtobus haydagan. Bu kasb menga qiziq tuyulardi, ammo o‘zimni hech qachon avtobus haydovchisi bo‘lgan ayol sifatida tasavvur qilmaganman”, — deydi avtobus haydovchisi bo‘lish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan ayollardan biri Aziza Rahmonberdiyeva. “Oldin avtobuslar eski bo‘lardi, rulni boshqarish og‘ir edi. Bugun esa hammasi zamonaviy, yengil, qulay va boshqarish oson.”

Aerial view of a busy city intersection with multiple lanes and a circular central island.
Foto: UNDP O‘zbekiston

Infratuzilmadan tashqari, loyiha O‘zbekistonda yanada yashil shahar hayotini shakllantirish bo‘yicha kengroq qarashni aks ettiradi va muhim bir haqiqatni eslatadi: barqaror shahar rivojlanishi, avvalo, insonlar uchun xizmat qilishi kerak.

Tozaroq avtobuslar — tozaroq havo demak.

Tezroq qatnov — oila bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish imkoniyati demak.

Yaxshiroq harakatlanish — shahardagi imkoniyatlardan kengroq foydalanish demak.

Natijalar bugunning o‘zida Toshkent bo‘ylab ko‘rinib turibdi. 524 ta elektr avtobus har yili qariyb 25 ming tonna CO₂ chiqindilarining oldini olishga yordam bermoqda. 600 nafar foydalanuvchi o‘rtasidagi so‘rov “Yashil transport koridori”dan qoniqish darajasi 90 foiz ekanini ko‘rsatdi. Koridor bo‘ylab joylashgan hududlarda ko‘chmas mulk qiymati 15 foizgacha oshdi, mahalliy bizneslar esa daromadlarning 29 foizga o‘sganini qayd etdi. Bu natijalar barqaror shahar transportiga kiritilgan investitsiyalar bir vaqtning o‘zida ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy foyda keltirishi mumkinligini namoyon etadi.

Toshkent aholisi uchun yashil jamoat transportiga o‘tish allaqachon kundalik hayotning bir qismiga aylanmoqda. Bu esa nafaqat o‘sayotgan, balki yanada barqaror, inklyuziv va qulay tarzda rivojlanayotgan kelajak shahri shakllanishiga xizmat qilmoqda.

Bugun “Yashil transport koridori” barqaror transportga yo‘naltirilgan investitsiyalar qanday qilib tozaroq ko‘chalar, samaraliroq qatnovlar, kuchliroq mahalliy iqtisodiyot va bugungi hamda kelajak avlodlar uchun yaxshiroq hayot sifatini yaratishi mumkinligining amaliy namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.