Muallif: Marjona Umarova
Yangi boshlanish: Barnoxon Uzoqovaning migratsiyadan so‘ng biznesini qayta tiklash yo‘li
16-June, 2026
Bugun Zangiota tumanida Barnoxon Uzoqova boshqarayotgan tikuvchilik korxonasi o‘nlab ayol-qizlar uchun daromad va bandlik manbaiga aylangan. Ular orasida migratsiyadan qaytgan, uy sharoitida ishlayotgan ayollar hamda kasb-hunar o‘rganishni istagan ko‘plab yoshlar bor.
Ammo bundan bir necha yil avval Barnoxon bugungi manzarani tasavvur ham qila olmas edi.
“Hammasini yopishga majbur bo‘lganman. Qanday davom etishni bilmay qolgan paytlarim ham bo‘lgan.”
Erta shakllangan orzu
Barnoxon to‘qimachilik va hunarmandchilik an’analari bilan tanilgan Qo‘qon shahrida tug‘ilgan bo‘lib, oilasida bu yo‘nalishni davom ettirayotgan beshinchi avlod vakilasidir. Uning yo‘li bolalikdan amaliy tajriba va mehnatga asoslangan muhitda, otasiga hunarmandchilik va savdoda yordamlashish orqali shakllangan. Bozorlar bugungidek rivojlanmagan, xomashyo va boshqa zarur materiallar tanqis bo‘lgan davrda uning oilasi ijodkorlik va tinimsiz mehnatga tayangan edi.
“Bizda tikuvchilik uchun kerakli aksessuarlarni sotib olishga imkon bor edi, lekin ularni sotadigan alohida do‘konlar yo‘q edi. Men kiyim-kechak sotiladigan bozorlarga borib, ishlab chiqarish uchun kerak bo‘ladigan yorliq va boshqa mayda buyumlarni topib kelardim. Shu tariqa otamning ishiga ko‘maklashar, boshqa mayda yumushlarda ham yordam berardim.” - deya eslaydi u.
Bu ilk tajribalar Barnoxonni faqat texnik ko‘nikmalar bilan cheklab qo‘ymasdan, unda mas’uliyat, qat’iyat va qiyinchiliklarga qaramay yo‘l topa olish qobiliyatini shakllantirdi. Keyinchalik esa bu uning o‘z mehnati orqali mustaqil faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ishonch uyg‘otdi.
“Bolalik paytlarimdayoq bir kuni o‘zim ishlab chiqargan mahsulotlarim bo‘lishini orzu qilardim.”
O‘sish va yangi sinovlar
Bolalikdagi orzu vaqt o‘tgach uning tadbirkorlik yo‘li asosiga aylandi. Barnoxon Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga ko‘chib o‘tib, ayollar uchun klassik kiyimlar ishlab chiqaruvchi tikuvchilik biznesini yo‘lga qo‘ydi. 2022–2023 yillarga kelib uning biznesi ikki savdo nuqtasiga kengaydi, mahsulotlari eksport qilina boshladi va korxonada 70 nafargacha xodim faoliyat yuritardi. Biroq bularning barchasi biznesni barqaror davom ettirish uchun zarur tizimlarsiz kechdi. Raqobat kuchayib, bozor tobora raqamli muhitga o‘tayotgan bir paytda qonunchilik, moliyaviy boshqaruv va onlayn savdoda faoliyat yuritish bo‘yicha bilimlarning yetishmasligi biznes rivojiga to‘sqinlik qila boshladi.
“Qonunchilik va moliya masalalaridan to‘liq xabarim yo‘q edi, onlayn savdo bozorida ham faoliyat yuritmas edik.”
Buning oqibatlari tez orada yaqqol sezila boshladi. Bir paytlar gavjum bo‘lgan ustaxonalarda jimlik cho‘kdi, ishlab chiqarish sekinlashdi va Barnoxon o‘zi hech qachon duch kelaman deb o‘ylamagan og‘ir qarorlarni qabul qilishga majbur bo‘ldi. Ayniqsa, yillar davomida birga ishlagan xodimlari bilan xayrlashish og‘ir kechdi. Moliyaviy bosim kuchayib, amaliy yo‘l-yo‘riq olish imkoniyatlari cheklangan bir paytda, u noldan barpo etgan biznesning kelajagi tobora mavhumlashib bordi.
“Rostini aytsam, juda ham tushkunlikka tushgan edim, lekin davom etishim kerakligini bilardim.”
Migratsiya tajribasi
Shunday murakkab vaziyatda Barnoxon xorijda ishlashga qaror qildi va 2024-yili Turkiyada sakkiz oy, Qirg‘izistonda esa ikki oy davomida mehnat qildi. Ammo chet eldagi hayot u kutganidan ancha murakkab kechdi. U bir paytning o‘zida uchta turli sohada, jumladan mehmonxona va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida ishladi. Shu bilan birga, to‘qimachilik korxonalarining ish jarayonlarini kuzatib, o‘z sohasi bo‘yicha ham amaliy tajriba to‘pladi. Barnoxon xorijga ishlash uchun ketgan bo‘lsa-da, bu davrni faqat daromad topish emas, balki yangi bilim va tajriba orttirish imkoniyati sifatida ham ko‘rdi.
“Maqsadim to‘qimachilik sohasi, xorijiy ishlab chiqarish standartlari, ayniqsa ishlab chiqarishda foydalaniladigan texnika va uskunalar haqida chuqurroq o‘rganish va bu bilimlarni O‘zbekistonda qo‘llash edi.”
Bu davr Barnoxon uchun nafaqat kasbiy bilim va ko‘nikmalarni boyitdi, balki sabr, moslashuvchanlik va matonatni ham o‘rgatdi. Turli qiyinchiliklarga qaramay, u o‘z oldiga qo‘ygan maqsadidan voz kechmadi va har bir sinovga yangi saboq sifatida qarashga harakat qildi.
Biroq yangi texnik bilim va tajribaga qaramay, yana bir muhim vazifa saqlanib qoldi: olingan bilimlarni tizimli va barqaror biznes modeliga aylantirish.
Strategiya asosida qayta tiklanish
Vatanga qaytgach, Barnoxon ko‘p narsani deyarli noldan boshlashiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, uning ustuvor yo‘nalishlari ham o‘zgardi. Endi u faqat ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘yishni emas, balki uzoq muddatli rivojlanishga xizmat qiladigan, barqaror biznesni shakllantirishni maqsad qildi. Buning uchun esa professional bilim, raqamli ko‘nikmalar va biznes strategiyasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq beradigan imkoniyatlarni izlay boshladi.
“Men doim ayollar tadbirkorlikni o‘rganadigan, ulardan ‘sizga aynan qanday yordam kerak?’ deb so‘raladigan va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladigan joy bo‘lsa edi, deb o‘ylardim,” - deydi u.
U bunday imkoniyatni HAMROH tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan “Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi“ (WESP) biznes treninglarining 2026-yildagi birinchi mavsumida topdi. Dastlab Barnoxon dastur haqida uning grant imkoniyatlari orqali eshitdi va bu haqda ko‘proq ma’lumot izlay boshladi. Treninglarda qatnashar ekan, u uchun yanada kattaroq qiymat bilim va tajriba almashinuvi ekanligini guvohi bo‘ldi.
“Dastlab meni grant imkoniyati qiziqtirgan edi. Lekin treninglarda qatnashganim sari men bu yerda biznesni rejalashtirishni va boshqa tadbirkorlar bilan tajriba almashishni o‘rgandim. Bu bilimlar biznesimga boshqacha qarashga yordam berdi.”
Akselerator treninglari davomida Barnoxon moliyaviy boshqaruv, marketing, biznes rejalashtirish va SMART maqsadlar qo‘yish bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ldi. Dastur unga yillar davomida to‘plagan tajribasini tizimlashtirish hamda biznesi va kelajakdagi maqsadlariga aniqroq yondashishga yordam berdi.
“Men uchun eng katta saboq to‘g‘ri maqsad qo‘yishni o‘rganish bo‘ldi. Agar maqsadingiz aniq bo‘lsa, har qanday vaziyatda ham yo‘l topiladi.”
Imkoniyatlar sari
Barnoxon bu saboqlarni amaliyotga tatbiq eta boshladi. U besh nafar xodim bilan “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi“ ni tashkil etdi va import o‘rnini bosuvchi to‘qimachilik mahsulotlariga asoslangan yangilangan ishlab chiqarish modelini yo‘lga qo‘ydi. Hozirga qadar Barnoxon 150 nafardan ortiq ayolni ustoz-shogird an’anasi asosida kasb-hunarga o‘rgatdi. Markazning o‘zida 30 nafardan ortiq ayol bevosita ish bilan ta’minlangan. Daromad topishdan tashqari, uning faoliyati migratsiyadan qaytgan, uyda bola parvarishi bilan band bo‘lgan yoki rasmiy bandlikka erishishda turli to‘siqlarga duch kelayotgan ayol-qizlar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni ham kengaytirdi.
Barnoxonning tadbirkorlik faoliyati mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan ayollarni ham qamrab oladi. U O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda ayollarga qo‘l mehnati asosida aksessuarlar ishlab chiqarish orqali uy sharoitida daromad topish va o‘zini-o‘zi band etish imkoniyatini yaratmoqda.
Kelajakka nazar
Bugungi kunda Barnoxon xalqaro standartlarga javob beradigan o‘zining sifatli va barqaror kiyim-kechak brendini yaratish ustida ishlamoqda. Avval u boshqa brendlar uchun mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsa, endi o‘z shaxsiy brendini rivojlantirish, kengaytirish va xalqaro bozorlarga chiqishni maqsad qilgan.
Biroq uning eng katta maqsadi faqat biznesni rivojlantirish emas. Migratsiya, qiyinchiliklar va qayta boshlash jarayoni unga bu yo‘ldan o‘tayotgan ayollarning holatini chuqurroq tushunishga yordam berdi. Shu sababli u ayniqsa migratsiyadan qaytgan ayol-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
“Kelajakdagi eng katta orzuim, yirik fabrika tashkil etib, o‘zim kabi migratsiyadan qaytgan ayollar uchun ko‘proq ish o‘rinlari yaratish. Ular ham o‘z yurtida munosib mehnat qilib, barqaror daromad topa olishini istayman.”
Barnoxonning yo‘li shuni ko‘rsatadiki, biznesdagi inqiroz yoki migratsiya inson kelajagini belgilab bermaydi. Bilim, matonat va o‘z vaqtida ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash bilan qiyinchiliklar ham yangi imkoniyatlar va uzoq muddatli muvaffaqiyat sari yo‘l ochishi mumkin.
Tadbirkorlik yo‘lini boshlamoqchi bo‘lgan ayollarga Barnoxonning maslahati oddiy: “Har bir ayolda katta ichki salohiyat va kuch bor, hatto ular buni boshida sezmasalar ham. Shuning uchun biror ishni, hatto kichik biznesni boshlayotgan bo‘lsangiz ham, qo‘rqmang!”
Loyiha haqida
“Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi“ (WESP) — Prezident qarori asosida tashkil etilgan HAMROH - Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘magida amalga oshirilmoqda. Loyiha O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, munosib mehnat imkoniyatlarini kengaytirish va ayollarning inklyuziv iqtisodiy ishtirokini mustahkamlash orqali Barqaror rivojlanish maqsadlarining 5-, 8- va 10-maqsadlariga hissa qo‘shadi.