O‘zbekiston va UNDP kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarishni kuchaytirishga qaratilgan GEF tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yangi tashabbusni e’lon qildi

4-June, 2026
Foto: UNDP O‘zbekiston

Samarqand, O‘zbekiston, 2026-yil 3-iyun — Global ekologik jamg‘arma (GEF)ning Sakkizinchi Assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (UNDP) mamlakatning xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, doimiy organik ifloslantiruvchi moddalar (DOIM) bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga qaratilgan “O‘zbekistonda kimyoviy moddalar va chiqindilarni ekologik jihatdan oqilona boshqarish orqali Stokgolm konvensiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash” nomli yangi tashabbusni ishga tushirdi.

Tashabbusning ishga tushirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda UNDP o‘rtasida Niyatlar to‘g‘risidagi bayonot imzolandi. Mazkur hujjat Stokgolm konvensiyasini amalga oshirishni jadallashtirish hamda kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha tomonlarning umumiy majburiyatini yana bir bor tasdiqladi.

Doimiy organik ifloslantiruvchi moddalar atrof-muhitga chiqariladigan eng xavfli kimyoviy moddalardan biri hisoblanadi. Ular ekotizimlarda o‘nlab yillar davomida saqlanib qolishi, oziq-ovqat zanjirlarida to‘planishi hamda inson salomatligi, biologik xilma-xillik va barqaror rivojlanish uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

GEF tomonidan moliyalashtirilayotgan yangi tashabbus O‘zbekistonda monitoring va laboratoriya tizimlarini mustahkamlash, ifloslangan hududlarni aniqlash va boshqarishni takomillashtirish, normativ-huquqiy hamda institutsional bazani kuchaytirish, shuningdek, xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilarni ekologik jihatdan oqilona boshqarishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Loyiha, shuningdek, O‘zbekistonning Stokgolm konvensiyasi va boshqa tegishli xalqaro ekologik bitimlar doirasidagi majburiyatlarini yanada samarali bajarishiga ko‘maklashadi.

“Bugungi imzo chekish marosimi shunchaki yangi loyihaning boshlanishi emas. Bu kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish sohasida izchil va qat’iy harakatlarni amalga oshirish bo‘yicha umumiy majburiyatimizning ifodasidir. Ushbu tashabbus xalqaro majburiyatlarni insonlar, ekotizimlar va kelajak avlodlarni himoya qiladigan amaliy natijalarga aylantirishga yordam beradi”, — dedi UNDPning O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi Akiko Fujii.

O‘zbekiston 2019-yilda Stokgolm konvensiyasiga qo‘shilgan bo‘lib, shundan buyon xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish bo‘yicha siyosiy hamda institutsional bazani mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlarni tashladi. Yangi tashabbus Konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini jadallashtirish bilan birga atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligi, iqlimga chidamlilik va barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy ustuvor yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Mazkur tashabbus GEF ko‘magining murakkab ekologik muammolarni hal etish maqsadida milliy institutlar, xalqaro hamkorlar, texnik ekspertiza va moliyaviy resurslarni birlashtirishdagi katalitik rolini namoyon etadi. Shuningdek, u integratsiyalashgan yondashuvlar sog‘lom jamiyatlar, samarali ekologik boshqaruv va ekotizimlarni muhofaza qilishga xizmat qiluvchi ko‘plab ijobiy natijalarni ta’minlashi mumkinligini ko‘rsatadi.

Tashabbusning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston hukumati, Global ekologik jamg‘arma (GEF), Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari kotibiyati, UNDP hamda boshqa rivojlanish hamkorlari vakillari ishtirok etib, O‘zbekiston va butun mintaqada kimyoviy moddalar va chiqindilarni ekologik jihatdan oqilona boshqarishni rivojlantirish bo‘yicha amaliy yondashuvlarni muhokama qildilar.

GEFning Sakkizinchi Assambleyasiga mezbonlik qilayotgan O‘zbekiston global ekologik maqsadlarni ilgari surish hamda milliy va mintaqaviy darajada barqaror va inklyuziv rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash borasidagi qat’iy sadoqatini namoyish etishda davom etmoqda.

Stokgolm konvensiyasi haqida

Doimiy organik ifloslantiruvchi moddalar bo‘yicha Stokgolm konvensiyasi 2001-yilda qabul qilingan global xalqaro bitim bo‘lib, uzoq vaqt davomida parchalanmay saqlanib qoladigan, geografik jihatdan keng tarqaladigan, tirik organizmlarda to‘planadigan va insonlar hamda ekotizimlarga zararli ta’sir ko‘rsatadigan kimyoviy moddalardan inson salomatligi va atrof-muhitni himoya qilishga qaratilgan. O‘zbekiston 2019-yilda ushbu Konvensiyaning to‘laqonli ishtirokchisiga aylandi.

UNDP haqida

BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) kambag‘allik, tengsizlik va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq adolatsizliklarga barham berishga qaratilgan yetakchi BMT tashkilotidir. Dunyoning 170 mamlakati va hududida ekspertlar hamda hamkorlarning keng tarmog‘i bilan faoliyat yuritgan holda, UNDP insonlar va sayyoramiz manfaatlari yo‘lida kompleks va uzoq muddatli yechimlarni ishlab chiqishda mamlakatlarga ko‘maklashadi.