O‘zbekistonda mahalliy hamjamiyatlar tomonidan amalga oshirilayotgan ekologik yechimlarni kengaytirishga qaratilgan GEF Kichik Grantlar Dasturining yangi bosqichi ishga tushirildi

4-June, 2026
Foto: UNDP O‘zbekiston

Samarqand, O‘zbekiston, 2026-yil 4-iyun — O‘zbekiston Hukumati, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (UNDP) va Global Ekologik Jamg‘arma (GEF) bugun Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Eco Expo Central Asia ko‘rgazmasi hamda GEFning Sakkizinchi Assambleyasi doirasida O‘zbekistonda GEF Kichik Grantlar Dasturining (SGP) sakkizinchi operatsion bosqichi (OP8) ishga tushirilganini e’lon qildi.

Mazkur bosqichning ishga tushirilishi mahalliy ekologik tashabbuslarni yanada mustahkamlash hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlari, mahalliy hamjamiyatlar, akademik muassasalar va tashabbuskor guruhlarning mamlakat bo‘ylab ekologik va iqlim bilan bog‘liq muammolarni hal etishdagi rolini kengaytirishga bo‘lgan umumiy sadoqatni tasdiqlaydi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita hamda UNDP tomonidan imzolangan Qo‘shma deklaratsiya O‘zbekistonning barqaror rivojlanish va iqlim bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlariga mos keluvchi innovatsion, inklyuziv va mahalliy hamjamiyatlar tomonidan amalga oshiriladigan ekologik yechimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi.

“Dastur shuni ham ko‘rsatdiki, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, mahalliy hamjamiyatlar va tashabbuskor guruhlar ekologik harakatlarning nafaqat manfaatdor tomonlari, balki ko‘pincha innovatsiyalar va amaliyotga joriy etish jarayonining asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi”, — dedi UNDPning O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi Akiko Fujii.

GEF Kichik Grantlar Dasturi O‘zbekistonda 2008-yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Shu davr mobaynida dastur bioxilma-xillikni saqlash, yer va suv resurslarini barqaror boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanlikni oshirish, qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish, ekotizimlarni tiklash va ekologik xabardorlikni kuchaytirishga qaratilgan 100 dan ortiq mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi. Ushbu loyihalar ekologik natijalar bilan bir qatorda mahalliy hamjamiyatlar uchun ijtimoiy va iqtisodiy foyda ham yaratdi.

Yillar davomida SGP tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tashabbuslar 5 000 gektardan ortiq maydonda yer resurslarini barqaror boshqarish amaliyotlarini joriy etishga, 157 000 dan ortiq daraxt ekilishiga, qariyb 39 500 tonna CO₂ ekvivalenti miqdoridagi issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish yoki oldini olishga, 43 million kub metrdan ortiq suvni tejashga hamda muhofaza qilinadigan va saqlanadigan hududlarni taxminan 11 000 gektarga kengaytirishga hissa qo‘shdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov ekologik muammolarni hal etish va O‘zbekistonning “yashil” rivojlanish kun tartibini ilgari surishda mahalliy hamjamiyatlarning ishtiroki muhimligini ta’kidladi.

“Ushbu natijalar mahalliy hamjamiyatlarga harakat qilish imkoniyati berilganida, nisbatan kichik investitsiyalar ham sezilarli ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy natijalar berishi mumkinligini yaqqol namoyon etadi”, — dedi u.

Tadbir davlat muassasalari, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, tadqiqotchilar va amaliyotchilar vakillarini bir joyga jamlab, mahalliy ekologik tashabbuslarni amalga oshirishdan olingan tajribalarni hamda ularni takrorlash va kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun platforma yaratdi.

Sakkizinchi operatsion bosqich erishilgan natijalarga tayangan holda landshaft yondashuvlari, innovatsiyalar, bilim almashinuvi, hamkorlik va muvaffaqiyatli mahalliy yechimlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, ayollar, yoshlar, mahalliy hamjamiyatlar va zaif guruhlarning ekologik qarorlar qabul qilish va ularni amalga oshirish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga alohida urg‘u beriladi.

O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish va yashil rivojlanish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini amalga oshirishni davom ettirar ekan, dasturning yangi bosqichi davlat muassasalari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, mahalliy hamjamiyatlar, akademik muassasalar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda eng zarur joylarda amaliy ekologik yechimlarni joriy etishga xizmat qiladi.

GEF Kichik Grantlar Dasturi haqida

Global Ekologik Jamg‘armaning Kichik Grantlar Dasturi (GEF SGP) 1992-yilda fuqarolik jamiyati tashkilotlari va mahalliy hamjamiyatlarni global ekologik muammolarni mahalliy darajadagi harakatlar orqali hal etishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan GEFning flagman tashabbusi sifatida tashkil etilgan. Dastur dunyoning 130 dan ortiq mamlakatida amalga oshirilib, ekologik natijalarni ta’minlash bilan birga barqaror rivojlanish va aholi farovonligini yaxshilashga xizmat qiluvchi innovatsion mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.