Dahldorlik xissi: mahalliy yetakchilar – mahalliy yechimlar

Muallif: Jeyms Brindley

18-January, 2026
Group of people seated in a bright room, many wearing hijabs, attending a meeting.
Photo: UNDP Uzbekistan

Buxoro viloyatining Kunjiqalʼa mahallasi raisi Guliniso Izomovaning aytishicha: “Biz oʻzaro mehr va jamoaviy masʼuliyat madaniyatini rivojlantiramiz. Maqsadim – mahallamizni nafaqat rivojlangan va zamonaviy joy, balki baxtli, ahil va katta imkoniyatlarga ega insonlarning maskaniga aylantirishdir”.

Soʻnggi oʻn yillik islohotlar davomida Oʻzbekistonda hayot sifati bosqichma-bosqich yaxshilandi, biroq qishloq hududlaridagi infratuzilma muammolarini qanday bartaraf etish mumkin? Afsuslar boʻlsinkim, qishloq mahallalarida hamon zamonaviy talablarga javob bermaydigan maktablar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy inshootlar, shuningdek, eskirgan suv va elektr tarmoqlari borligini tan olishimiz lozim. Bu muammolar koʻpincha iqlim oʻzgarishi va Orol dengizining qurib borishi oqibatida yanada jiddiy tus olmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan hamda Islom taraqqiyot banki va OPEKning Xalqaro Taraqqiyot Jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish” qoʻshma loyihasi Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridagi 170 ta tanlab olingan mahallada aynan shu muammolarni hal etishni maqsad qilgan edi.

Loyihaning muvaffaqiyat siri shundaki, u mahallalarning bevosita ishtirokini ragʻbatlantirgan holda, aholi masʼuliyatni oʻz zimmasiga olib, mahallani rivojlantirish rejalari (MRR) orqali muammolarini hal etdi, bu rejalarni esa mahalliy tashabbus guruhlari ishlab chiqdi. Loyiha Guliniso kabi mahalliy yetakchilarning bilim va tajribasiga tayangan holda aholi uchun muhim boʻlgan masalalarni aniqlash va amaliy yechimlarni topishga yordam berdi.

Crowd of people, mainly women in headscarves, gathered around a table with papers.
Photo: UNDP Uzbekistan

Barqaror natijaga erishish uchun mahallalar boshchiligida rejalashtirish

Loyihaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatining muhim asosi mahallani rivojlantirish rejalarini (MRR) ishlab chiqish va joriy etishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyatga asoslandi. Loyihaning ikkinchi bosqichi 2024-yilda boshlanib, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarini qamrab oladi. "Barqaror o‘zgarishlar uchun mahallalar salohiyatidan foydalanish” nomli blogimizda ushbu jarayon qanday tashkil etilgani batafsil yoritilgan. Qisqacha qilib aytganda, mahalliy yetakchilar MRRni o‘z mahallalarida aniqlangan muammolarni hal qilish uchun ishlab chiqishgan boʻlsa, BMTTD va loyiha hamkorlari moliyaviy koʻmak va maslahat berishgan.

Yondashuvning asosiy g‘oyasi oddiy – aynan mahallalarning o‘zi oʻz muammolarini yaxshi biladi, shu sababli ularni oʻsha muammolarni hal etishga bevosita tayyorlash eng yaxshi yechimdir. Loyiha tomondan ularni moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash bunday mahalliy rejalarni imkon qadar samarali yechim topishiga yordam beradi.

Har bir koʻzlangan mahallada loyiha tashabbus guruhlarini tuzdi. Ularga mamlakat bo‘yicha jami 1383 kishi (shundan 411 nafari ayollar) a’zo boʻlib, bu guruhlarga aholining turli toifalari: xotin-qizlar, qisman band bo‘lganlar yoki ish qidirayotganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va boshqa muhim guruhlar vakillari kiradi. Bunday tuzilma MRR rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda barcha aholi ehtiyojlarini hisobga olishga yordam beradi, natijada mahalladagi turmush darajasi yaxshilanadi. 

Tashabbus guruhlari tajribasini ishirish uchun loyiha jamoasi rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish, monitoring qilish va boshqarish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazdi. Ularda 3300 dan ortiq mahalliy aholi vakillari (1219 nafar ayol) ishtirok etdi. Ushbu treninglar ishtirokchilarga jamoa muammolariga yangicha qarashga yordam berishi barobarida “Ochiq byudjet” platformasi orqali qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini izlashga undadi. Uning natijalarini haqida quyida maʼlumot beriladi.

People around a table in a meeting room, papers spread, wearing white caps.
Photo: UNDP Uzbekistan

Joylardagi mahalliy faollar boshchiligida rivojlanish

Loyihaning mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha natijalari ko‘lami juda yuqori boʻldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 170 ta mahallada amalga oshirilgan (yoki amalga oshirilayotgan) infratuzilmani takomillashtirish ishlari 700 mingdan ortiq aholiga manfaatli boʻladi. 

Biz to‘rtta maqsadli hududdagi barcha jamoalar tajribasini batafsil tavsiflay olmaymiz, shuning uchun tashabbus guruhlari faoliyati tufayli erishilgan sezilarli yutuqlarga bir nechta misol keltiramiz. 

Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumanidagi Orol dengizining qurishi oqibatida katta zarar ko‘rgan “Yangi makon” mahallasida asosiy e’tibor aholining turmush sifatini yaxshilash uchun zarur bo‘lgan infratuzilmani takomillashtirishga qaratildi. Yangi obyektlar, jumladan, sport maydonchasi va kutubxona tashkil etishdan tashqari, mahallada ichimlik suvini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xonadonlarga yetkazish uchun yangi suv quvurlari ham yotqizilmoqda.

Tashabbus guruhi rahbari Hayitboy Xalillayev ta’kidlaganidek, ishlarning muvaffaqiyati faqat aholi bilan doimiy muloqot tufayli yuzaga keldi. “Ishinchim komilki, mahalladagi ishonch faqat shaffoflikka asoslanadi. Agar har bir fuqaro aniq va to‘g‘ri ma’lumot olsa, bu yaxshi munosabatlarga zamin yaratadi,” – deb taʼkidladi u.

Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Varq mahallasini ham yana bir ibratli misol sifatida koʻrsatish mumkin. “Aholining ko‘p yillik muammolari, talab va takliflarini hal etishda mahalla kengashi bilan birgalikda faol ish olib boryapman”, – deydi mahalla raisi Nurali Xoliqov. “Birgalikda biz umumiy maqsadga – jamiyatimiz uchun yanada farovon va munosib hayotni ta’minlashga intilamiz”.

To‘rtta tajriba hududida ishlab chiqilgan boshqa rivojlanish rejalarida bo‘lgani kabi, Varq mahallasi uchun maqsadlar mahalliy biznes va jamoatchilik rahbarlarining fikrlarini hisobga olgan holda shakllantirildi. Mahalladagi 256 ta xonadon uchun gaz tarmog‘i qayta qurilmoqda, ichimlik suvi uchun yangi quduq qazilmoqda, sport maydonchasi va bolalar bog‘chasi barpo etilmoqda. Shuningdek, bu yerda 95 ta eski ko‘cha chiroqlari almashtirildi, yangi kuzatuv kameralari va svetoforlar o‘rnatildi, piyodalar yo‘laklari yotqizildi, jamoat transporti yaxshilandi, yangi ijtimoiy infratuzilma obyektlari yaratildi. 

Tajriba hududlardagi koʻplab tumanlardagi kabi, Buxoro viloyatidagi “Kunjiqal’a” mahallasida ham, mahalla raisi Guliniso Izomova rahbarligida ana shunday ishlar amalga  oshirilmoqda. Bu qilingan ishlar natijasida aholining yashash sharoiti yaxshilandi, turmush darajasidagi farqlar qisqardi.

Jami 170 ta mahallada 168 ta yo‘l ta’mirlandi, 147 ta mahallada elektr tarmoqlari yaxshilandi. Shuningdek, 128 ta umumta’lim maktabi va 89 ta maktabgacha ta’lim muassasasi yangilandi yoki yangidan qurildi. Shu kabi yutuqlar jumlasiga qurilgan yangi sug‘orish tizimlari, piyodalar yo‘laklari, ko‘chalar va ko‘priklarni yoritish tizimini, shuningdek, “yashil” ish o‘rinlarini yaratishga investitsiya kiritilganligini misol qilish mumkin. Qishloq joylarda infratuzilmani rivojlantirish va turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan jami 895 ta kichik loyiha amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston va Buxoro viloyatlaridagi mahallalar o‘zlari mustaqil ravishda jalb qilgan mablag‘lar hisobidan takomillashtirish ishlarini amalga oshirishga erishdi. O‘zbekistonning "Ochiq byudjet" davlat platformasi orqali moliyalashtirish olgan ko‘plab mahallalar o‘zlarining ijtimoiy infratuzilmasini yaxshiladi. Qoraqalpog‘istonda 10,5 km yo‘lga shag‘al-qum aralashmasi to‘kildi, yana 2,5 km yo‘l asfaltlandi. Elektr ta’minotini yaxshilash uchun transformator ham o‘rnatildi. Xuddi shunday, Buxoro viloyatida ham ushbu mablag‘lar hisobidan uchta mahallada 13,1 km yo‘l asfaltlandi. 

Bu yutuqlar aholi ko‘proq vakolatlarga va mustaqil moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lsa, ular hozirgi va kelajakdagi eng dolzarb muammolarni samarali hamda mustaqil ravishda hal qila olishini koʻrsatib beradi. 

Tajribani yangi hududlarda qo‘llash

Loyihabirinchi bosqichining faol qismi yakunlangach, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida uning “Qishloq hududlarini kompleks rivojlantirish” nimlangan ikkinchi bosqichi boshlandi. Birinchi bosqich natijalari shuni ko‘rsatdiki, barqaror o‘zgarishlarning asosi nafaqat aholini, balki mahalliy biznesni, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlarida qaror qabul qiluvchi shaxslarni ham jalb qilishdir. 

Suv ta’minoti, ta’lim va sog‘liqni saqlash infratuzilmasini yaxshilashdan tashqari, uzoq muddatli va barqarorlikni hisobga olgan holda, raqamli infratuzilma, jumladan, arzon va yuqori tezlikdagi internetni oʻrnatish muhim natija bo‘ldi. Eng muvaffaqiyatli mahallalar aholi fikr-mulohaza va takliflarini bildirishi uchun ochiq aloqa kanallarini saqlab qoldi. Bu umumiy mas’uliyatni shakllantirish uchun juda muhim, chunki shu orqa faoliyat natijalari barchaga teng foyda keltiradi. 

“Biz faxr bilan ayta olamizki, Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish loyihasining birinchi bosqichi qishloq jamoalariga hayot sifati bo‘yicha shaharlarga yaqinlashishga yordam berish, shuningdek, jamoalar ichidagi qolgan tengsizliklarni kamaytirish orqali o‘z maqsadiga erishdi,” – dedi loyiha rahbari Baxtiyor Sayfitdinov. "Loyihaning ikkinchi bosqichida ham xuddi shunday natijalarga erishishni koʻzlamoqdamiz”.

***

Mazkur tashabbuslar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan hamda Islom taraqqiyot banki va OPEKning Xalqaro Taraqqiyot Jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish” qoʻshma loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Loyiha haqida qoʻshimcha maʼlumot olish uchun shu havolaga oʻting: https://go.undp.org/srdpuz.