Taraqqiyot tinglaganda, hamkorlik qilganda va natija berganda: Qoraqalpog‘istonning olis hududlariga ham toza ichimlik suvi kirib kelmoqda

25-February, 2026
Photo of two people by a muddy pond with birds, barren field and overcast sky.

Qostruba aholi punktidagi 23-sonli maktab oldidagi artezian qudug‘i. 1970-yillarda qazilgan ushbu quduq o‘rnida yangi suv inshooti quriladi.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Qostruba aholi punktiga olib boradigan yo‘l hali rasman mavjud emas. Taxtako‘pir tumanidagi bu hududga yetib borish uchun Qoraqalpog‘istonning shimoliy chegarasi Qozog‘iston bilan tutashgan nuqtaga qadar borasiz, so’ng qumli yo’laklar tarqoq xonadonlarni bog’lab turgan izlardan davom etasiz. Nukus shahridan 280 kilometr uzoqlikda joylashgan bu yerda odamlar mavjud sharoitga moslashib yashashni o’rganishgan. Hududni tuman Markazi bilan bog’laydigan asfalt yo‘llar yo‘q, mobil aloqa ishlamaydi, eng muhimi esa toza ichimlik suvi mavjud emas.

Map of Central Asia with a red pin in Kazakhstan.

Nukus shahridan Qozog‘iston bilan chegaradosh Qostruba aholi punktigacha bo‘lgan 280 kilometrlik marshrutni aks ettirgan xarita

Image: Google Maps

Alauatdin Serkebaev shu yerda tug’ilib o’sdi. U ko’pincha uyining ostonasidagi skameykaga o’tirib olib, Qizilqum sahrosidan ko’tarilgan changning atrofga qanday cho‘kishini kuzatadi. U bu manzarani yaxshi biladi - yigirma to‘rt yil davomida Qostruba ovuliga rahbarlik qilgan paytlarida ham shu yerda turib odamlarning tashvishlarini eshitgan, qarorlar qabul qilgan.

2019-yilda shifokorlar uning oshqozon osti bezini olib tashlashdi. Operatsiya izlari hanuz o‘zini eslatadi - qo‘li beixtiyor qorniga boradi. Endi esa xuddi shunday sinov uning oilasini kutmoqda. Rafiqasi Bag’dash ham shu operatsiyaga tayyorlanmoqda. Ukasi Berdimurat esa aholi punki chetidagi maktab yaqinida yashaydi. U ham yaqinda oshqozon osti bezi operatsiyasini boshdan kechirdi.

Bir oilaning uch a’zosi. Bir xil a’zo. Bir xil ovul. Bir xil suv.

«Yer osti suvlari sathi yillar davomida pasayib bormoqda», – deydi Alauatdin. – Sho‘rlanish darajasi oshib bormoqda. Bu yerda odamlar buyrak toshi, jigar toshI bilan qiynaladi. Biz butun umr shu suvni ichdik, chunki boshqa tanlovimiz yo‘q edi».

Orolbo’yi hududi aholisining sog‘lig‘ini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar o‘nlab yillar davomida yuqori darajada minerallashgan va ifloslangan suv ichish bilan bog‘liq buyrak, jigar va o‘t yo‘llari kasalliklarining yuqori darajasini qayd etadi. Ko‘pincha o‘t toshlari bilan bog’liq oshqozon osti bezi kasalliklari ham aynan shu muammolar zanjirining davomidir.

BMT Taraqqiyot Dasturi jamoasi Qostrubaga mahallalarni rivojlantirish dasturi bo‘yicha seminar o‘tkazishga kelganida, aholi ovuldagi yagona internet mavjud bino – 23-maktabga yig’ildi. Bu yer tashqi dunyo bilan aloqa o’rnatish mumkin bo’lgan yagona maskan hisoblanadi. U yerda ular avval rasmiy jamoa muhokamalarida ko‘rib chiqilmagan bir masalani muhokamaga olib chiqdilar: aholi punktiga avvalo nima kerak? Javoblar aniq va tartibli bo’ldi. Birinchidan, ichimlik suvi. Ikkinchidan, quyosh energiyasi. Uchinchidan, mobil telefon xizmati. To‘rtinchidan esa yo‘llar.

“Maktab oldida 1970-yillarda qazilgan artezian quduq bor”, deydi fuqarolar yig’ini rasisi Temirbek To’legenov. “Biz suvni shu quduqdan olamiz. Ammo zamonaviy filtrlash tizimi bo’lmagani sababli uni ichish xavfsiz emas”.

Bu quduq Qostruba aholisi uchun ham muammo, ham imkoniyat ramzisir. Zarur investitsiya kiritilsa, mavjud infratuzilma butun ovulga o‘nlab yillar davomida xizmat qila oladi.

Bugun Qostruba bo’ylab yursangiz, yigirma yildan ortiq vaqt avval BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilgan “Qoraqalpog‘istonning chekka hududlardagi aholi punktlariga toza energiya” loyihasi doirasida o‘rnatilgan quyosh panellarini hali ham ishlayotganini ko’rish mumki. 2003 va 2007-yillar oralig‘ida o‘rnatilgan ushbu tizimlar ayrim xonadonlarni hanuz elektr energiyasi bilan ta’minlab kelmoqda. O‘n yil atrofida faqat akkumulyatorlarni almashtirish talab etilgan, xolos.

"Eng birinchi vazifa – xavfsiz suvni odamlarning uyiga yaqinlashtirish. Ikkinchisi esa quyosh panellarini yangilash. Agar mavjud quyosh tizimlarini yangilasak, kundalik hayot ancha yengillashadi va yangi imkoniyatlar paydo bo’ladi”, deydi Alauatdin.

Mazkur muammo faqatgina Qostrubaniki emas.

Coca-Cola jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilgan “Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish va iqlim uzgarishiga chidamliligini oshirish” loyihasi uchta hududda suv ta’minoti muammolarini hal qilishga qaratilgan.

Qostrubada loyiha kuniga 24 ming litr suv ishlab chiqarish quvvatiga ega bo’lgan yangi suv stansiyasini qurmoqda. U 27 ta xonadonni toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. Qurilish jarayonini monitoring qilish va stansiyaning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida Asilzat Jametova bilan o‘n kishidan iborat tashabbus guruhi tuzilgan.

Qorabayli mahallasida esa eskirib qolgan infratuzilma sabab 101 ta xonadon va 496 nafar aholi suv muammosiga duch kelmoqda. Bu yerda mavjud suv tizmlari rekonstruksiya qilinmoqda.

Dauqara ovulida esa ta’mirlash ishlari 502 ta xonadon va 2 503 nafar aholiga yetib boradi.

Qorabayli va Dauqara aholisi suvni tejovchi qishloq xo’jaligi texnologiyalarga ham katta qiziqish bildirdi. Ayniqsa, tomchilatib sug‘orish tizimiga ega issiqxonalar orqali tomorqalarda sabzovot yetishtirish imkoniyati yuqori baholanmoqda. Har ikki hududda ham rekonstruksiya va keying ekspluatatsiyani nazorat qilish uchun tashabbus guruhlari tashkil etilgan.

“Bu suvni mening bolalarim ichadi. Nabiralarim ham ichadi. 2003-yilda o’rnatilgan quyosh panellari odamlar ularni asrab-avaylagani uchun hanuz ishlayapti. Ichimlik suvi stansiyasi bilan ham shunday qilamiz. U Qosturbaga kelajak avlodlar uchun xizmat qilishi kerak”, - deydi 23-maktab matematika o‘qituvchisi va tashabbus guruhi a’zosi Asilzat Jametova.

Qostrubaga olib boradigan yo‘l hali xaritalarda yo’q.

Ammo Alauatdin Serkebaev hanuz shu yerda. Yigirma to‘rt yil rahbarlik qilgan aholi punktida, operatsiyadan tiklangan uyida, 1970-yillarda beri yer ostida suvni saqlab kelayotgan quduq ustiga nasos o’rnatilishini kutmoqda.

U filtrlanmagan suv inson tanasiga nima qilishini yaxshi biladi. Endi esa filtrlangan suv o’zgarish olib kelishini kutmoqda.

Ma’lumot uchun, 2011-yildan buyon BMT Taraqqiyot Dasturi va Coca-Cola Jamg‘armasi O‘zbekiston bo‘ylab ehtiyojmand jamiyatlarni qo’llab-quvvatlash bo’yicha uzoq muddatli hamkorlikni amalga oshirmoqda. Qoraqalpog‘istonda ushbu hamkorlikning e’tibori mintaqaning eng dolzarb muammolariga qaratilgan, jumladan, COVID-19 pandemiyasi davrida Coca-Cola Jamg‘armasi mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi uchun o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qilish apparatlarini sotib olish uchun 200 000 AQSh dollari xayriya qilgan edi. 2022-yilda Jamg‘arma uchta aholi punktida toza ichimlik suvi bilan ta’minlash infratuzilmasiga 150 000 AQSh dollari sarmoya kiritdi: Xorazm viloyati Urganch tumanidagi Hilol qishlog‘ida suv ta’minoti tarmog‘i qurildi; Chimboy tumani Qosterek ovul fuqarolar yig‘inidagi Maylibalta ovulida suvni tuzsizlantirish uskunasi o‘rnatildi; Taxtako‘pir tumani Atako‘l ovul fuqarolar yig‘inidagi Shogirko‘l ovulida mavjud tuzsizlantirish tizimlari modernizatsiya qilindi. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan «Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish va iqlim uzgarishiga chidamliligini oshirish» loyihasi ushbu ishlarni davom ettiradi va Qoraqalpog‘istonning eng chekka uchta – Qostrubа, Qoraboyli va Dauqara aholi punktlarida suv ta’minoti ob’ektlarini rekonstruksiya qilish va qurishni amalga oshiradi.

 

Aloqa uchun ma’lumot:
 

  • Alisher Utemisov,   BMT    Taraqqiyot     dasturining     Orolbo‘yi     mintaqasi     bo‘yicha rahbari, alisher.utemisov@undp.org

  • Gulnur Kaypnazarova,  jamoatchilik           bilan            aloqalar            bo‘yicha

    mutaxassis, gulnur.kaypnazarova@undp.org