Kuzatuvchidan mohir ustaga: Gender to‘siqlarini yengib, ayollar hunarmandchiligi maktabiga asos solgan Sohiba Qayumova

An’anaviy erkaklar hunari qanday qilib ayollarning iqtisodiy mustaqilligi vositasiga aylangani haqidagi hikoya

18-March, 2026
Person in gray stands at an ornate carved wooden doorway with brick walls.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi / Rimma Muxtarova

Qiziquvchanlik an’analardan ustun kelganda

1989-yili Qayumova Sohiba turmushga chiqqanida tadbirkorlik haqida o‘ylamagan ham edi. Hunarmandchilik uning turmush o‘rtog‘i oilasida kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangandi — u yog‘ochga ishlov berar, eshik, mebel va o‘ymakor interyer bezaklarini yasardi.

1980-yillarning oxirlarida O‘zbekistonda yog‘ochsozlik an’anaviy tarzda asosan erkaklar mashg‘uloti hisoblangan. Gender rollari ijtimoiy me’yorlar bilan aniq belgilab qo‘yilgandi: ayollar uy-ro‘zg‘or ishlari va amaliy-dekorativ san’at bilan shug‘ullansa, jismoniy mehnat talab qiladigan va texnik kasblar asosan erkaklarga tegishli edi. Kasb-hunar o‘rganish, ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligi, ibrat olish uchun namunalarning cheklanganligi va jamiyatda shakllanib qolgan qarashlar ayollarning bu kabi faoliyat turlarida ishtirok etishi uchun jiddiy to‘siqlar yaratardi.

Avvaliga Sohiba tadbirkor bo‘lishni rejalashtirmagan, u shunchaki kuzatib yurgan edi.

“Turmush o‘rtog‘imning yog‘och bilan qanday ishlashini kuzatib yurardim. Avvaliga yordamlashdim, keyin bu hunarni o‘zim o‘rganishni istab qoldim”, — deya eslaydi u.

Oddiy qiziquvchanlik bilan boshlangan bu soha asta-sekin uning sevimli mashg‘ulotiga aylandi. 1990-yillarning boshlarida, SSRI (Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi) parchalanganidan keyingi iqtisodiy beqarorlik davrida ko‘plab oilalar qo‘shimcha daromad manbalarini izlayotgan bir paytda, Sohiba hunarni jiddiy o‘zlashtirishga kirishdi.

Shubhalar osha bosilgan qadamlar

Farzand tarbiyasi, uy yumushlari va murakkab hunar o‘rganishni birga olib borish oson kechmadi. Yog‘och bilan ishlash jismoniy kuch, aniqlik va sabr-toqatni talab qiladi. Asboblar og‘ir, yog‘och qattiq, xatolar esa qimmatga tushadi — ishdan chiqqan xomashyoni qayta tiklab bo‘lmaydi.

Kasbiy ta’lim olish imkoniyati cheklangan va professional ustozlar bo‘lmagan sharoitda Sohiba hunarni kuzatish, mashq qilish va qayta-qayta takrorlash orqali o‘rgandi. U ishni kichik bezak buyumlari — o‘yma qutichalar, ramkalar va interyer bezaklarini yasashdan boshladi. Bu buyumlar mahalliy bozorlarda sotilardi. Daromadi kamtarona bo‘lsa-da, har bir sotilgan mahsulot uning mehnatiga talab borligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlardi.

Dastlabki yillar haqiqiy matonat sinovi bo‘ldi. Jismoniy bosimdan tashqari, u o‘zining va atrofdagilarning pinhona shubhalarini ham yengishiga to‘g‘ri kelardi. Qadam-baqadam, buyurtma ortidan buyurtma olib, u kasbiy mahoratini oshirdi va usta sifatida obro‘ topa boshladi.

Barchasini o‘zgartirgan ko‘rgazma

2007-yil burilish nuqtasi bo‘ldi. Viloyatda hunarmandlar ko‘rgazmasi e’lon qilindi va Sohiba hayotini o‘zgartirib yuborgan qarorni qabul qildi.

“Ichimda bir jasorat uyg‘ondi. Qatnashaman, deb qaror qildim”.

U ko‘p yillik mehnati va mahoratining samarasi bo‘lgan 70 ta mualliflik ishini namoyish etdi. Ular orasida an’anaviy o‘ymakorlik uslubidagi stollar, geometrik naqshli eshiklar, funksionallik va nafislikni o‘zida mujassam etgan mebellar mavjud edi. Har bir ishda uning o‘ziga xos uslubi — chiziqlar aniqligi, o‘ymaning chuqurligi, milliy naqshlarga hurmat aks etib turardi.

Ko‘rgazma Sohibaga nafaqat e’tirof, balki yangi imkoniyatlar ham olib keldi. U ilk yirik buyurtmalarini oldi, professional aloqalar o‘rnatdi va “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘ldi. A’zolik unga ko‘rgazmalarda qatnashish, davlat dasturlaridan foydalanish, imtiyozli kreditlar olish va o‘quv loyihalarida ishtirok etish imkonini berdi. Shu tariqa Sohiba norasmiy ustalikdan rasmiy tadbirkorlikka o‘tish yo‘lida muhim qadam tashladi.

Qutichalardan mebel ishlab chiqarishgacha

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi / Rimma Muxtarova

Buyurtmalar ko‘paygani sari ishlab chiqarish ko‘lami ham kengaydi. Sohiba mayda bezak buyumlaridan haqiqiy mebellar — stollar, karavotlar, eshiklar, an’anaviy o‘ymakorlik uslubida ishlangan devoriy shkaflar yasashga o‘tdi. U xomashyoni mustaqil xarid qilishni, yog‘och sifatini baholashni, ta’minotchilar va mijozlar bilan muzokara olib borishni, muddatlar va byudjetni boshqarishni o‘rgandi.

Ammo hamon nimadir yetishmasdi. Mahorat, buyurtmalar va mijozlar bor, lekin biznesda tartib yo‘q edi. Tizim, moliyaviy intizom, o‘sish strategiyasi mavjud emasdi. Hamma narsa rejaga emas, balki ichki sezgi va tajribaga tayanardi.

Hunarmanddan tadbirkorga

2025-yilda Sohiba “Hamroh” tashkiloti tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturi (WESP) doirasidagi o‘quv kursini tamomladi. Dastur ayollarning boshqaruv va tadbirkorlik salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Dastur allaqachon o‘z biznesini yuritayotgan, ammo boshqaruv ko‘nikmalari, strategik fikrlash va zamonaviy biznes vositalaridan foydalanishga ehtiyoj sezayotgan ayollar uchun maxsus ishlab chiqilgan.

Besh haftalik dastur o‘z ichiga biznesni rejalashtirish, marketing, moliyaviy boshqaruv, strategik rivojlanish va yetakchilik bo‘yicha modullarni olgan edi. Ishtirokchilar biznesni rivojlantirish, mijozlarni jalb qilish va o‘z faoliyatini kengaytirish uchun amaliy vositalarga ega bo‘ldi. “Men doim qo‘l mehnati bilan shug‘ullanganman. Ammo dastur doirasida biznesni boshqarishni o‘rgandim”, — deydi Sohiba.

Dastur unga moliyaviy hisob-kitob va ishlab chiqarishni rejalashtirishdan tortib, narx belgilash va mijozlar bilan ishlashgacha bo‘lgan biznes jarayonlarini tizimli tushunishga yordam berdi.

Biroq bu yerda shakllangan hamjamiyat ham muhim ahamiyat kasb etdi. Boshqa tadbirkor ayollar bilan muloqot, tajriba almashish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash uning kasbiy aloqalarini va o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.

Shogirddan ustozga aylangan hunarmand

Bugungi kunda Sohibaning ustaxonasida 15 nafar shogird bor — ular asosan ayollar va yoshlar bo‘lib, ko‘pchiligi ilgari qo‘liga asbob ushlab ko‘rmagan.

“Ayol kishi ilk bor qo‘liga asbob olib, bu ish qo‘lidan kelishini anglaganida, ko‘zlarida ishonch paydo bo‘ladi. Bu shunchaki mahorat emas, bu — o‘z kuchini anglashdir”.

Ustaxonadagi ta’lim — bu kasbga to‘laqonli sho‘ng‘ish demakdir. Shogirdlar turli yog‘och navlari bilan ishlashni, an’anaviy o‘zbek o‘ymakorligi uslublarini, eskizlar chizishni va zamonaviy asbob-uskunalardan foydalanishni o‘rganadi, shuningdek, real buyurtmalarni bajarishda qatnashadi.

Uning ko‘plab shogirdlari allaqachon o‘zlarining kichik ustaxonalarini ochgan yoki yirik mebel korxonalarida ishlamoqda. Sohiba raqobatdan qo‘rqmaydi, u bozor hammaga yetadigan darajada katta ekanligiga ishonadi.

Two men stand in front of a rough stone wall; one in a striped sweater, the other in a dark top.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi / Rimma Muxtarova

Kelajakka nigoh: ustaxonadan hunarmandchilik maktabigacha

Sohiba erishgan yutuqlari bilan to‘xtab qolmoqchi emas. Uning mahsulotlari an’anaviy yog‘och o‘ymakorligi va zamonaviy bozor talablarini o‘zida mujassam etgan. U madaniy meros barqaror daromad va iqtisodiy o‘sish manbai bo‘la olishini isbotlab, qo‘shni mamlakatlarga eksport hajmini kengaytirish ustida ishlamoqda.

Uning asosiy maqsadi — yoshlar va xotin-qizlar, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning vakillari talab yuqori bo‘lgan kasbni egallab, moliyaviy mustaqillikka erishishi hamda an’anaviy uslublarni kelajak avlodlar uchun saqlab qolishi mumkin bo‘lgan hunarmandchilik maktabini ochishdir.

“Men 10 yildan so‘ng hududimizda beshta emas, ellikta hunarmand ayol bo‘lishini istayman. Toki yog‘ochga ishlov berish “erkaklar ishi” bo‘lib qolmasdan, shunchaki hunarga — ishlashni xohlaydigan va uddalay oladiganlar uchun mashg‘ulotga aylansin”.

Bugun Qayumova Sohiba shunchaki yog‘och ustasi emas. U bu hikoyasi orqali o‘z yo‘lidan borish uchun jasorat va qo‘llab-quvvatlov bo‘lsa, an’analar hech bir insonni cheklamay, aksincha, ilhomlantirishi mumkinligini isbotlayotgan yetakchi, ustoz, ish beruvchi va yuzlab ayollar uchun o‘rnakdir.

Qayumova Sohibaning hikoyasi — shaxsiy tashabbus, institutsional ko‘mak va tadbirkorlik uchun qulay muhit qanday qilib barqaror iqtisodiy va ijtimoiy samara berishi mumkinligiga yaqqol misoldir.

 

Ushbu material “Hamroh” tashkiloti tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturi (WESP) doirasida tayyorlandi.