Guliniso Izomova misolida “Kunji-qal’a” mahallasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar
Mahallaning taraqqiyotida yetakchilik va xalqaro hamkorlik samaralari
14-October, 2025
Yillar davomida Buxoro viloyatining Kunji-qal’a mahallasida yashovchilar bitta muammoga ko‘zi tushib yashashardi: mahalladagi asosiy maktabning texnik holati tobora yomonlashib borar, suv tarmoqlari eskirib, ko‘chalar nosoz bo‘lib qolgan edi. Bu muammolar ayniqsa bolalar va oilalar hayotida sezilarli ta’sir ko‘rsatar, har kuni maktabga qatnash uchun bolalar chang-to‘zon ko‘chalardan yurib, ta’lim olish sharoiti esa tobora xavfli bo‘lib borardi.
Aynan shu holat Yuqori Novmetanlik mahalliy tashabbuskor ayol Guliniso Izomovani harakatga undadi. U o‘z mahallasida shunchaki yashabgina qolmasdan, uni o‘zgartirishga qaror qildi va bugun esa u yerdagi manzara butunlay o‘zgarmoqda.
Guliniso iqtisod yoʻnalishida oliy maʼlumot olgach, mahalla tizimida faoliyat boshladi. 2021-yilda xotin-qizlar faoli sifatida ish boshlaganida, uning asosiy maqsadi ayollar bandligini oshirish va ularning ijtimoiy hayotdagi ishtirokini kuchaytirish edi. U bandligi ta’minlanmagan bir qator ayol va qizlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashdi, migratsiya jarayonida qiyinchiliklarga duch kelgan ayollarni mamlakatimizga qaytarish ishlarida faol ishtirok etdi hamda ularga psixologik maslahat va zarur bilimlarni yetkazdi.
Guliniso BMTTD tomonidan tashkil etilgan bir qator o‘quv dasturlarida faol qatnashdi. U loyiha dizayni bo‘yicha chuqur bilimlar oldi, muammolarni tahlil qilish, ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, barqaror rivojlanish rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egalladi.
Shuningdek, u monitoring va baholash bo‘yicha treninglarda ishtirok etib, loyihalarning samaradorligini tahlil qilishni o‘rgandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan tajriba almashish safarida esa boshqa hududlardagi muvaffaqiyatli tashabbuslarni o‘rganib, ularni o‘z mahallasida qo‘llash uchun ilhom oldi.
Guliniso Izomova o‘quv dasturlarining ahamiyatini ta’kidlab, shunday deydi: “O‘tkazilgan trening va seminarlar menga nafaqat yangi bilim berdi, balki mahallamizdagi muammolarga boshqacha nazar bilan qarashni o‘rgatdi. Endi men o‘rgangan tajribalarni amaliyotda qo‘llab, mahallamizni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishga intilyapman”.
BMTTD o‘quv treninglarida o‘rgangan bilimlari va orttirgan tajribasi tufayli esa u mahalla aholisining ishonchini qozondi va natijada 2024-yilda Guliniso Buxoro tumani “Kunji-qal’a” mahalla fuqarolar yig’ini raisasi etib saylandi. Mahalla raisasi sifatidagi ilk sinovlardan biri — 33-sonli maktabning qoniqarsiz texnik holatini yaxshilash bo‘ldi. U 120 o‘rinli qo‘shimcha bino va sport zali qurilishi tashabbusini ilgari surdi va masalaning tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishiga erishdi. Shu bilan birga, elektr tarmog‘idagi kuchlanishning beqarorligi muammosini bartaraf etishda ham o‘z hissasini qo‘shdi.
Kelgusida, u maktab o‘quvchilari va mahalla aholisining xavfsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida asosiy yo‘llar bo‘ylab piyodalar yo‘laklarini barpo etishni rejalashtirgan.
Novmetan MFY dagi (Kunji-qal’a MFY ga qo‘shni) yangi qurilayotgan bog‘chadagi monitoring jarayoni
Bugun “Kunji-qal’a” mahallasida amalga oshirilayotgan o’zgarishlar va xalq manfaati yo’lida qilinayotgan fidoyi mehnatlar Guliniso Izomova kabi yetakchi ayollarning samarali faoliyati va BMTTDning ta’limiy ko‘magi samarasidir.
Guliniso yetakchilik qilayotgan o‘zgarishlar — mamlakat bo‘ylab boshlangan ulkan harakatning bir qismidir. Biz mamlakatimizning 4 ta hududidagi 170 ta pilot mahallada aholining turli qatlamlaridan faol vakillarini jalb qilgan holda tashabbuskor guruhlar shakllantirdik.
Bu guruhlar mahalliy jamoa orasidan tanlangan faol fuqarolardan iborat bo‘lib, ularning asosiy maqsadi mahallaning rivojlanish rejalarini ishlab chiqish va amalda ro‘yobga chiqarishdir. Mazkur guruhlar mahallalarda rekonstruksiya va qurilishga muhtoj bo‘lgan ijtimoiy infratuzilma obyektlarini (maktab, bog‘cha, poliklinika, yo‘l va boshqalar) aniqlab berdi.
Bugungi kunda tashabbuskor guruhlar loyiha jamoasi bilan hamkorlikda tanlab olingan tashabbuslarni mahallalarda amalga oshirish va nazorat qilishda faol ishtirok etmoqda. Bu doirada 540 o‘rinli maktab va bolalar bog‘chasi ta’mirlandi, qo‘shimcha binolar qurildi, 16 kilometrdan ortiq eski suv quvuri yangilandi, ko‘chalar asfaltlandi hamda piyodalar yo‘laklari barpo etildi.
Mazkur tashabbusimiz doirasida, biz tashabbuskor guruh a’zolari uchun qishloq xo‘jaligi va qishloq iqtisodiyotini samarali rivojlantirish, kiber gigiyena, mahalla/jamoa faolligini oshirish bo‘yicha treninglar tashkil etdik. Ushbu mashg‘ulotlarda ishtirokchilar hamjamiyatni safarbar etish, monitoring va baholash, shuningdek, samarali liderlik hamda kommunikatsiya bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Eng asosiysi, bu bilimlar darhol amaliyotda qo‘llanila boshlanib, natijada, tanlangan loyihalar aholining real ehtiyojlariga mos va barqaror bo‘lishi ta’minlandi. Shu orqali BMTTD tashabbuslari nafaqat nazariy bilim beribgina qolmay, balki mahallalarda tezkor va samarali o‘zgarishlarga zamin yaratdi.
Aynan shunday faol ayollar va xalqni birlashtiruvchi tashabbuskor guruhlar yurtimizning turli hududlarida ham shakllanib, bugungi kunga qadar jami 170 ta maqsadli mahallada o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Shulardan:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasida - 46 ta;
- Xorazm viloyatida - 49 ta;
- Navoiy viloyatida - 34 ta;
- Buxoro viloyatida - 41 ta tashabbuskor guruh muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Ushbu tashabbuskor guruhlarimiz tarkibida jami 1 415 nafar a’zo bor. Shundan 258 nafari Qoraqalpog‘istonda, 474 nafari Xorazmda, 297 nafari Navoiyda, va 386 nafari Buxoroda faoliyat olib bormoqda.
Ushbu tashabbuslarda ayollar va erkaklar yelkama-yelka faoliyat yuritib kelib, 388 nafar ayol va 1 027 nafar erkak o‘z mahallasida ijobiy o‘zgarishlarga hissa qo‘shmoqda. Bu kabi tashabbuslar o‘zini oqlagani bois, kelgusida mamlakatimizning boshqa hududlarida ham keng qo‘llanishini maqsad qilib qo‘yganmiz.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan hamda Islom taraqqiyot banki va OPEKning Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihamiz doirasida amalga oshirilmoqda.