Hech narsa isrof bo‘lmaydi: Dildoraning yeryong‘oq ilmi

28-September, 2026
Photograph of a smiling woman in a white long-sleeve shirt standing in a lush green field.

Dildora dalada

Surat: Elyor Nemat, O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi

Dildora Nurmatovaning tabassumi juda yoqimli. U esa tez-tez kulib turadi. 

Universitet laboratoriyasidagi namunalar haqida gapirganda ham, yeryong‘oq dalasi bo‘ylab yurganda ham, oilaviy ustaxonadagi qop va idishlarda nimalar borligini ko‘rsatayotganda ham jilmayadi. Kimdir u doim yonida olib yuradigan jigarrang daftarga qo‘l uzatganda esa, Dildora uni tezda bag‘riga bosib oladi — yana tabassum bilan. 

“Uni hech qayerda qoldirmayman — barcha ishlarim shu yerda”, — deydi u. 

Dildora institutning laboratoriyasida

Surat: Elyor Nemat, O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Daftar hisob-kitoblar, kuzatuvlar va qaydlar bilan to‘la. U Dildora bilan birga laboratoriya, dala va Andijon viloyatidagi oilaviy biznes o‘rtasida kezadi. Dildora qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida PhD darajasini olish uchun izlanish olib bormoqda, ikki farzandni tarbiyalamoqda va dastlab tadqiqotchi sifatida qiziqib qolgan ekin asosida biznes qurmoqda.

Yana bir necha kundan so'ng Dildora 30 yoshga to'ladi. 

Dildora uchun bu, go‘yo, vaqtni qo‘ldan boy bermaslik hissi bilan birga keladi. U hali juda ko‘p narsaga ulgurishni istaydi.

Dildoraning o'zi buni “yo'qotilgan vaqtning o'rnini to'ldirishim kerak”, deya izohlaydi. Ammo uning laboratoriya, dala va uy o‘rtasida tinimsiz qatnab yurganini kuzatar ekansiz, beixtiyor o‘ylab qolasiz: u bilan bir qadamda yurishning imkoni bormi?

Dildora — 2022-yildan buyon UNDPning “Savdoga ko‘maklashish” tashabbusi doirasida qo’llab-quvvatlangan 417 nafar ayol tadbirkor va biznes egalaridan biri biri. Tashabbus doirasidagi treninglar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va mentorlik dasturlari ishlab chiqarish salohiyatini, ish o‘rinlari yaratishni hamda bizneslarning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Ammo Dildoraning o‘z tashabbusi yeryong‘oqdan boshlandi. 

Two hands cradle a small glass bowl filled with red beans.

Dildora ishlatadigan yeryong‘oq navining sara mag‘izlari

Surat: Elyor Nemat, O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Hammasi o’ziga xos yeryong‘oqdan boshlandi

Dildoraning yeryong‘oqqa qiziqishi magistraturada o‘qib yurgan paytida boshlangan. U turli navlarni o‘rganar ekan, boshqa bir ayol olima — Amanova Maxfurat yaratgan navga duch keldi. Bu nav odatiy yeryong‘oqdan farq qilardi: donalari kattaroq va o’ziga xos ta’mga ega.

Dildora uning ilmiy tadqiqotdan tashqarida qanday imkoniyatlarga ega ekanini ko‘rishni istadi. Zarur sertifikatni va olimadan kichik hajmda ishlab chiqarish uchun ruxsatni olgach, uni o‘zi yetishtira boshladi.

Loyiha ma’lumotlariga ko‘ra, bu navning hosildorligi gektariga taxminan olti tonnagacha yetishi mumkin. 2024-yilda Dildoraning korxonasi bir gektardan besh tonna hosil olayotgan edi. Undan  qariyb 3 tonna yeryong‘oq mag‘zi ajratib olindi.

Ammo Dildorani faqat hosildorlik qiziqtirmasdi. 

U o‘simlikka bir butun sifatida qaray boshladi va uning har bir qismidan qanday foydalanish mumkinligi haqida o‘yladi. Bunday yondashuv o‘zbek madaniyatiga azaldan xos bo‘lib, resurslarga tejamkor munosabatda bo‘lish va uvol qilishdan qochish kundalik hayotning bir qismi bo‘lib kelgan.

Sifatli yeryong’oq mag‘zi bilan nima qilish mumkinligi aniq edi. Uni sotish yoki qovurib, gazak sifatida qadoqlash mumkin. Xom hosil o‘rniga qayta ishlangan gazaklarni sotish unga foydani uch baravar oshirish imkonini berdi. Pastroq navli mag‘izlarni ham tashlab yuborish shart emas — ularni maydalab, boshqa mahsulotlarda ishlatish mumkin. Aynan shu sababli unga saralash uskunasi kerak bo‘ladi.

Ammo ko‘pchilik chiqindi deb hisoblaydigan qismlar ham bor edi.

Yashil poyalarni hayvonlarga yem sifatida berish mumkin. Qattiq tashqi po‘choqlarni maydalab, chorva yemi uchun ishlatish mumkin. Hatto mag‘izlarni o‘rab turadigan yupqa qizil po‘stloqni ham maydalab, quyonlar uchun yem sifatida ishlatish mumkin.

Ammo Dildora uchun biror narsaga shunchaki foydalanish yo‘lini topishning o’zi yetarli emas, U undan qanday qilib samaraliroq foydalanish mumkinligi tushunishni istaydi. Uning tabiiy fikrlash tarzi chiqindisiz qiymat zanjiriga yo‘naltirilgan va bu “Savdoga ko‘mak” tashabbusining yondashuvi bilan yaxshi uyg‘unlashadi. So‘nggi yillarda tashabbus 77 ta kichik biznesga chiqindilarni kamaytirishga, energiya va suvdan samaraliroq foydalanishga qaratilgan biznes amaliyotlarini joriy etishda ko‘maklashdi.

Dildora hayvonlar uchun yem tayyorlashni boshlashidan oldin turli hayvonlar uchun sog‘lom ratsion nimalardan iborat bo‘lishi kerakligini tushunish maqsadida professor bilan maslahatlashdi. Endi u buyurtma qaysi turdagi hayvon uchun berilganiga qarab minerallar va boshqa qo‘shimchalarni hisoblangan nisbatlarda qo‘shib, turli aralashmalar tayyorlaydi.

Dildora odatda shu tarzda ishlaydi: avval g‘oya paydo bo‘ladi. Keyin uni o‘rganadi, ko‘proq biladigan inson bilan maslahatlashadi. Hisoblaydi, sinovdan o‘tkazadi va qayd etadi.

Natijalar esa uning sevimli jigarrang daftariga yoziladi. 

Har jihatdan oilaviy biznes

DIldoraning biznesi “ErElDi” deb nomlangan. Nom noodatiy bo‘lsada, izohi oddiy.

Er — otasi Erkin ismidan, El — akasi Eldor ismidan, Di esa Dildoraning o‘z ismidan olingan. Chinakam oilaviy jamoa.

Bu biznesni tushunish uchun ularning uyiga borishning o’zi kifoya: hovlida sabzavotlar saranjom qatorlarda o‘sadi; ishlab chiqarish uskunalari ehtiyotkorlik bilan saqlanadi; ish joyining ichida har bir buyum o‘z o‘rnida; birinchi yordam qutisi yonida esa gulli vaza turadi. Bu yerning har tomonida ish bor, ammo shu bilan birga iliqlik ham seziladi.

Suhbatlar bir-biriga ulanib ketadi. Odamlar bir-biriga hazil qiladi va kuladi. 

Outdoor market stall with pink-striped canopy; people browse textiles and chat with a vendor.

Dildoraning oilasi

Surat: Elyor Nemat, O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Dildora dala yoki laboratoriyada bo‘lganida uning ikki farzandi ham aynan shu yerda uni kutadi. Kichik farzandi bir yoshdan endigina bir necha oy oshgan. Dildora ishlayotganida akalarining turmush o‘rtoqlari bolalarga qarashishda yordam beradi.

Boshqacha aytganda, Dildora o‘z maqsadlari sari yolg‘iz intilmaydi. Biznesda ham shunday.

Akasi u bilan birga ishlaydi. Otasi esa mehmonlarga Dildorani yana kuldiradigan bir gapni alohida faxr bilan aytadi: uskunadan foydalanishni unga qizi o‘rgatgan. Aralashmalarni qanday tayyorlashni ham qizi o‘rgatgan. Rollarning bunday almashinuvida hech qanday tantanavorlik yo‘q. Otasi bundan shunchaki mamnun ko‘rinadi.

Oiladagi tadqiqotchi uning qizi bo‘lib chiqdi. Hisob-kitoblarni u biladi. Otasi undan o‘rgandi. Endi esa ular yonma-yon ishlashadi. 

Photo: An elderly man and a young woman work with clay outdoors, shaping pots.

Dildora otasi bilan birga yanchilgan yeryong‘oq po‘choqlaridan hayvonlarga yem tayyorlamoqda

Surat: Elyor Nemat, O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

G‘oyadan ishlab chiqarishgacha

Biroq faqat topqirlikning o‘zi oilani ma’lum bir nuqtadan nariga olib bora olmasdi.

Agar ErElDi tajribalar va kichik hajmdagi ishlab chiqarishdan barqaror biznesga aylanishni istasa, unga uskunalar, ishonchli elektr ta’minoti va qayta ishlash uchun munosib joy kerak edi.

Finlyandiya hukumati ko‘magida amalga oshirilgan BMT Taraqqiyot Dasturining “Savdoga ko‘mak” tashabbusi orqali korxona yeryong‘oqni tozalash, maydalash, qovurish va quritish uchun uskunalar, shuningdek, qadoqlash jihozlarini oldi. Ko‘mak alohida qayta ishlash ustaxonasi, uch fazali elektr tarmog‘i, mentorlik hamda mahsulot ishlab chiqish, qayta ishlash va biznesni boshqarish bo‘yicha maslahatlarni ham o‘z ichiga oldi.

ErElDi Farg‘ona vodiysi bo‘ylab “Savdoga ko‘mak” tashabbusi qo‘llab-quvvatlagan 30 ta biznesdan biri bo‘ldi. Ularning yarmi aniqlangan barqaror qiymat zanjirlarida faoliyat boshlayotgan startaplar edi. Har biri texnik ko‘mak, mentorlik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning o‘ziga xos uyg‘unligi, shuningdek, aktivlar va moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyati orqali rivojlandi. Birgalikda ular deyarli 500 ta ish o‘rni yaratdi, hozir ularning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ida ayollar ishlaydi.

Bu ko‘mak oilaga ular allaqachon yetishtirayotgan mahsulotdan ko‘proq foydalanish imkonini berdi. Dildora esa har narsadan maksimal darajada foydalanishni biladi.

Ular endi faqat hosilni sotmaydi, balki uni qayta ishlaydi. Qo‘shimcha mahsulotlarni tashlab yuborish o‘rniga ulardan yana qanday foydalanish mumkinligini izlaydi. Gazaklar Andijondagi ulgurji bozorga yetkaziladi, maydalangan yeryong‘oqni mahalliy muzqaymoq ishlab chiqaruvchilar va nonvoyxonalar sotib oladi, hayvonlar uchun yem esa buyurtma asosida tayyorlanadi — garchi ular yashaydigan qishloq hududida unga talab doimo mavjud bo‘lsa ham.

Korxona oyiga 1 000 ta yeryong‘oq qadoqlamasini ishlab chiqarish quvvatiga ega ekanini namoyish etdi va bir necha ish o‘rnini yaratdi, shuningdek, fermerlar hamda daromadi pastroq qishloq xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlarini taqdim etdi.

Dildora hali ham yaxshilamoqchi bo‘lgan jihatlar ko‘p. Hozir u ekin ekish va tajribalar o‘tkazish uchun maydonni potensial ravishda kengaytirish imkonini beradigan yangi hamkorlik ustida ishlamoqda. 

30 yosh arafasida

Uyga qaytgach, yangi mahsulotlar haqida o‘ylayotgan olima va tadbirkor yana 30 yoshga kirish arafasidagi, navbatdagi ilmiy daraja haqida o‘ylayotgan onaga aylanadi.

Ammo u qanchalik kuchli bo‘lmasin, bularning barchasini yolg‘iz uddalash qiyin. “Savdoga ko‘mak” tashabbusining mentorlik dasturlari biznesni endigina boshlayotgan Dildora kabi ayollarni boshqalarning bilim va tajribasidan foydalanish imkonini berish orqali qo‘llab-quvvatlaydi. 2024 va 2025-yillarda dasturlar 33 nafar tajribali tadbirkor ayolni 74 nafar yangi boshlayotgan ayol bilan bog‘ladi va bizneslarini rivojlantirayotgan ayollar boshchiligidagi 15 ta startapga texnik va amaliy yordam ko‘rsatdi.

Andijonda Dildora kabi tadbirkor ayollar hududning iqtisodiy kelajagini shakllantirishga hissa qo‘shmoqda. Ularning bizneslari kengaygani sari yangi ish o‘rinlari boshqa ayollar uchun turli yo‘nalishlarda imkoniyatlarni oshirmoqda, ularning bilim va tajribasi esa hamjamiyatlar va mentorlik tarmoqlari orqali yangi tadbirkor ayollar uchun yo‘l ochmoqda. Ishlab chiqarish salohiyati va biznes ko‘nikmalarini oshirgan ayollar boshchiligidagi korxonalar qishloq jamoalaridagi ayollar moliyaviy mustaqillikka erisha olishi va hatto aylanma iqtisodiyot yechimlarini ilgari surishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Dildora atrofidagi esa oila bularning barchasiga joy topadi — bolalarga g‘amxo‘rlik qilishga, uy-ro‘zg‘orni yuritishga, uskunalarni o‘rganishga va ErElDi’ni birgalikda rivojlantirishga.

Qayerdadir esa o‘sha jigarrang daftar yotibdi.

Unda hali juda ko‘p yangi qaydlar uchun joy bor.

---

BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) yaqinda Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan “Markaziy Osiyoda savdoga ko‘mak” mintaqaviy tashabbusini yakunladi. O‘n yildan ortiq vaqt davomida tashabbus Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda yanada diversifikatsiyalashgan, inklyuziv va kelajak talablariga tayyor, global bozorlar va savdoni o‘zgartirayotgan yashil va raqamli o‘zgarishlarga moslasha oladigan iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lida faoliyat yuritdi. U biznes va institutlarning ko‘plab ish o‘rinlarini yaratadigan barqaror qiymat zanjirlarini rivojlantirish bo‘yicha salohiyatini oshirdi hamda korxonalarning unumdorligi va raqobatbardoshligini mustahkamladi.

Loyiha BRM 5 — Gender tengligi, BRM 8 — Munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish hamda BRM 17 — Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik maqsadlariga erishishga hissa qo‘shdi. 

Shaxnoza Zafariy tomonidan tayyorlandi.