Qumda hosil yetishtirish: qishloq hududlarining barqaror rivojlanishi qishloq xo‘jaligini qanday o‘zgartirmoqda

Muallif: Jeyms Brindley

3-March, 2026
Person in a dark jacket with a blue scarf stands in a dry brushy field.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Oychehra Tohirova – Xorazm viloyati Shovot tumanidagi “Shovot-Qumtepa” fermer xo‘jaligining tashabbuskor rahbari. O‘z mahallasining yetakchilaridan biri sifatida Oychehra mahalliy bozorda organik va sifatli meva-sabzavotlar sotishi, shuningdek, bir nechta mahalladoshlarini ish bilan ta’minlagani bilan faxrlanadi.

Oychehra “Shovot-Qumtepa” xo‘jaligini Xorazm cho‘lining qumli tuproqlaridagi yerlarda 2017-yilda o‘z mablag‘i hisobidan tashkil qilgan. U dastlab tariq, kunjut va kungaboqar yetishtirgan. 2022-yildan boshlab esa, turli sabzavot va tarvuzlarni sinab ko‘ra boshlagan, ammo natijalar turlicha bo‘lgan. Uning tumanidagi fermerlar jamoalari umumiy muammo – cho‘llanishga duch kelishmoqda, bu holat hosildorlikni pasaytiradi va yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarning sifatini yomonlashtiradi.

Jamoalarga bunday uzoq muddatli muammolarni hal qilishda yordam berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan hamda Islom taraqqiyot banki va OPEKning Xalqaro Taraqqiyot Jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish” qoʻshma loyihasi (keyingi o‘rinlarda - loyiha) jamoalarni bevosita qo‘llab-quvvatlaydi va ularning ahvolini yaxshilash imkoniyatlarini kengaytiradi. Mazkur yondashuv haqidagi blogimizda dastlab Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida qo‘llanilgan mahallani rivojlantirish rejalariga (MRR) asoslangan loyiha metodologiyasi batafsil tushuntiriladi.

Bu faoliyatning muhim qismi mahalliy fermerlarga o‘z jamoalarida oziq-ovqat xavfsizligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri oshirish uchun tuproq sifati pastligi va suv tanqisligi kabi uzoq muddatli muammolarni qanday qilib samaraliroq hal qilish bo‘yicha maslahatlar berishdan iborat bo‘ldi.

Ayni yerdan yaxshiroq hosil

2023-yilda Oychehra mahallasidan saylangan tashabbus guruhi loyihasi ko‘magida moliyalashtirish va maslahatlar bilan hal qilmoqchi bo‘lgan bir nechta muammolarni aniqladi. Asosiy masalalardan biri barcha mahalliy fermerlarni qiziqtirgan – qaysi ekinlarni yetishtirish maqsadga muvofiq va eng yuqori natijaga erishish uchun cheklangan suv resurslaridan qanday oqilona foydalanish kerakligi haqida edi.

Ushbu savollarga mahalla tashabbus guruhi tashkil etgan bir qator o‘quv seminarlarida javob topildi. Seminarlarda tumanda faoliyat yuritayotgan 219 nafar fermer ishtirok etdi. Ishtirokchilarga ekinlarni barqaror ekish va sug‘orish usullari, cho‘llanishga qarshi kurashish va uning oqibatlarini kamaytirish yo‘llari, shuningdek, Shovot tumanida qaysi ekinlarni yetishtirish maqsadga muvofiqligi haqida amaliy ma’lumotlar taqdim etildi.

Olingan tavsiyalar asosida Oychehra qumli tuproqlarda yaxshi o‘sadigan, ham oshpazlikda, ham tibbiyotda qo‘llaniladigan o‘simlik – kovul (Capparis spinosa) ekishga qaror qildi. Shuningdek, unga pomidorning qaysi navini tanlash kerakligi haqida maslahat berildi. Tuproqda kalsiy yetishmasligi sababli oddiy navlar ko‘pincha qurib qolar va hosildorligi ham juda past edi. Buning o‘rniga unga murakkab sharoitlarga yaxshiroq chidamli va keskin iqlimga mos nav ekish tavsiya qilindi.

Seminarlar yakunlangach, trener fermerlarga (jumladan, Oychehraga) u bilan bogʻlanish ma’lumotlarini qoldirdi. Bu orqali ishtirokchilar qo‘shimcha savollar berishlari, muhim jihatlarga oydinlik kiritishlari, yangi amaliyotlarni butun jamoada barqaror qo‘llash va takrorlash mumkin bo‘lgan tarzda mustahkamlashlari mumkin bo‘ldi.

Loyihaning qo‘llab-quvvatlanishi tufayli “Shovot-Qumtepa” fermer xo‘jaligi amalda o‘z faoliyatini butunlay qayta ko‘rib chiqdi. Endi ular mahalliy sharoitga ko‘proq mos keladigan ekinlarni yetishtirmoqdalar, zamonaviy tomchilatib sug‘orish va boshqa ekologik toza agrotexnologiyalardan foydalanib, yiliga avvalgidan bir necha marta mo‘l hosil olmoqdalar.

Photograph of a woman in a white top presenting at a booth with blue banners and a large screen.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Milliy darajadagi tajriba va malakalarni mahalliy muammolarni hal qilish uchun qo‘llash

2023-yildan boshlab loyiha to‘rtta maqsadli hududda xususiy va davlat sektoridan 655 nafar mutaxassisni (shulardan 143 nafari ayollar) o‘qitdi. Bu oʻquv-seminarlari nafaqat qishloq xo‘jaligining yanada samarali usullarini, balki energiya tejamkor qurilish, binolarni axborotli modellashtirish (BIM-texnologiyalar), qishloq jamoalarida AKTni oqilona qo‘llashni ham qamrab oldi. 

2025-yilda loyihada qo‘shimcha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi, mintaqaviy bosh rejani tuzish bo‘yicha mahorat darsi, kiberhavfsizlik va elektron davlat xizmatlari bo‘yicha seminarlar, shuningdek, loyihasining asosiy vositasi bo‘lgan mahallalarni rivojlantirish rejalarini (MRR) ishlab chiqish bo‘yicha maslahatlar berildi. Eng ko‘p qiziqish uyg‘otgan “Samarali qishloq xo‘jaligi va qishloq iqtisodiyoti” kursida 835 kishi ishtirok etdi. Bu kurs murakkab sharoitlarda xo‘jalik yuritishning ilmiy asoslangan usullarini taqdim etdi. 

Dastur doirasida fermerlar nimani va qachon ekishni to‘g‘ri hal qilish uchun iqlim ma’lumotlari, tuproq xususiyatlari, agrometeorologik ma’lumotlar, almashlab ekish tamoyillarini hisobga olishni o‘rgandilar. Kurs ularning mos navlarni tanlash, sug‘orishni samarali boshqarish, hosildorlik va xavf-xatarlarga chidamlilikni oshiradigan zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlarini mustahkamladi.

BMTTD, shuningdek, mahallalarga jamoatchilikning bilimlarini oshirish bo‘yicha o‘z tashabbuslarini boshlashga yordam berdi. Misol uchun, to‘rtta tajriba hududda 3500 dan ortiq maktab o‘quvchilari yangi AKT uskunalarida ishlashga o‘rgatildi, 315 nafar aholi esa elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mazkur texnologiyalar aholi oʻrtasida farovonlikdagi tafovutni yanada samaraliroq qisqartirish uchun qo‘llanilmoqda.

Loyihaning boshqa yo‘nalishlaridagi kabi, mahallalardagi treninglar har bir jamoa uchun alohida tanlangan va aniq mahalliy ehtiyojlarni tahlil qilgan. Mahallasida hurmat qozongan Oychehra singari mahalliy mutaxassislarni o‘qitish va ularga bilimlarni boshqalarga yetkazishda yordam berish orqali loyiha yangi amaliyotlarning uzoq muddatga mustahkamlanishiga va odamlarga foyda keltirishda davom etishiga hissa qo‘shmoqda.

Muvaffaqiyatning yangi cho‘qqilari

Oychehraning fermer xo‘jaligi loyihadan ko‘plab yo‘nalishlarda yordam oldi. Uning jamoasi 2025-yilda ekkan kovullar allaqachon unib chiqqan va 2026-yilda bu oʻsimlikni 20 gektardan ortiq maydonda yetishtirish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, 2025-yil sentyabr va oktabr oylarida pomidorning yangi navi gullashda va hosil berishda davom etdi. Hozirda Oychehra pomidor qoqilarini bolalar bog‘chalari, maktablar, sanatoriylar va mahalliy bozorlarga sotmoqda.

Mahalla aholisi uning oldiga muvaffaqiyat sirlarini, ayniqsa, u o‘z yeridan qanday qilib eng samarali foydalanganini o‘rganish uchun kelmoqda. Oychehra shu kunga qadar kam ta’minlangan oilalarning 12 nafar ayoliga tomorqa yerlarida tomchilatib sug‘orish usulini qanday qo‘llash va qumli yerlarda pomidor yetishtirish sirlarini o‘rgatdi.

Uning muvaffaqiyati faqat mahalliy fermerlarga yordam berish bilan cheklanib qolmay, bu tajriba hatto Xitoyda ham ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston Bosh vaziri bu davlatga tashrif buyurib, murakkab tuproqlarda kovul yetishtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashganida, Oychehraning xo‘jaligi muvaffaqiyatning yorqin misollaridan biri sifatida keltirildi.

Loyihaning qo‘llab-quvvatlashi natijasida Xorazm viloyatidagi “Shovot-Qumtepa” fermer xo‘jaligi “Oz-oʻz oʻrganib dono boʻlur, Tomchi-tomchi yigʻilib daryo boʻlur,” – degan maqolning yaqqol isbotiga aylandi.

***

Mazkur tashabbuslar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan hamda Islom taraqqiyot banki va OPEKning Xalqaro Taraqqiyot Jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish” qoʻshma loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Loyiha haqida qoʻshimcha maʼlumot: https://www.undp.org/uz/uzbekistan/projects/qishloq-joylarini-barqaror-rivojlantirish