Kichik ishlab chiqarishdan eksport bozorlariga: ikki tadbirkor ayol “yashil” texnologiyalar yordamida oilaviy biznesni qanday rivojlantirmoqda
Javharoy va Munisa Namanganda “yashil” ishlab chiqarish bilan biznesni rivojlantirmoqda
6-April, 2026
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi / Rimma Muxtarova
Namangan viloyatida Javharoy va Munisa Inomovalarning oilaviy biznesi meva quritishga ixtisoslashgan kichik korxonadan boshlangan. Bugun esa ularning “Nateco Impex” kompaniyasi xalqaro bozorlarga mahsulot yetkazib beruvchi, ekologik toza texnologiyalarni joriy etuvchi, ish o‘rinlari yaratuvchi va mahalliy fermerlarni qo‘llab-quvvatlayotgan rivojlanayotgan biznesga aylangan.
“Biznesimiz oilaviy. Ishni kichik hajmdan boshlagan bo‘lsak-da, doim o‘sish va rivojlanishga intilganmiz”, deydi Javharoy.
Tajriba ortib, ishlab chiqarish kengaygani sari biznes mahalliy bozordan chiqdi. Ammo keyingi bosqich uchun yangi texnologiyalar, bilim va uskunalar, shuningdek ishlab chiqarish quvvatini oshirish zarur edi.
Shu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining Finlandiya hukumati moliyalashtirayotgan “Markaziy Osiyoda savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi muhim yordam berdi.
Burilish nuqtasi: qo‘l mehnatidan zamonaviy ishlab chiqarish sari
2025-yilda korxona elevator, yuvish (jumladan barabanli) va quritish uskunalari bilan jihozlandi. Bungacha jarayonlarning aksariyati qo‘lda bajarilar, mahsulotni yuvish, saralash va tayyorlash ko‘p vaqt va mehnat talab qilib, ishlab chiqarish imkoniyatlarini cheklardi. Yangi uskunalar esa ishlab chiqarishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi / Rimma Muxtarova
“Ilgari ko‘p ishlar qo‘lda bajarilar, bu esa vaqtni olardi va imkoniyatlarimizni cheklardi. Uskunalarni olganimizdan keyin esa hammasi o‘zgardi”, deydi Munisa.
Avvallari qayta ishlash ko‘p vaqt va qo‘l mehnatini talab qilgan bo‘lsa, bugun korxona soatiga bir tonnagacha mahsulotni qayta ishlay oladi. Samaradorlikning oshishi ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish bilan birga, eksport talablariga mos barqaror sifatni ta’minlash imkonini berdi.
Yangi yuvish va quritish liniyasi tozalash, kesish va qadoqlashni o‘z ichiga olgan to‘liq qayta ishlash jarayonini yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, korxona yil davomida ishlash imkoniga ega bo‘lib, bu biznes barqarorligini sezilarli oshirdi.
Ish o‘rinlari va mahalliy iqtisodiyot rivoji
Ishlab chiqarish kengayishi bandlikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bugungi kunda korxonada 26 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ularning aksariyatini xotin-qizlar egallagan.
“Biz uchun nafaqat biznesni rivojlantirish, balki boshqa ayollarga ham daromad topish imkonini yaratish muhim”, deydi Javharoy.
Bu esa yaqin hududlardagi aholi, jumladan kam ta’minlangan oilalar uchun barqaror daromad manbaiga aylandi.
Bundan tashqari, korxona faoliyati multiplikativ ta’sir ko‘rsatmoqda: “Nateco Impex” fermerlar va uy xo‘jaliklari bilan hamkorlik qilib, ulardan xomashyo xarid qiladi. Natijada, bitta biznes rivoji hududdagi qo‘shilgan qiymat zanjirini ham qo‘llab-quvvatlamoqda.
“Yashil” texnologiyalar — barqaror o‘sish asosi
Biznesni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekologik barqaror yechimlarni joriy etish bo‘ldi.
“Biz nafaqat foydali, balki atrof-muhit uchun ham xavfsiz tarzda ishlashga harakat qilamiz”, – deya tushuntiradi Munisa.
Zamonaviy yuvish tizimlari suvni bir necha martagacha qayta ishlatish imkonini beruvchi retsirkulyatsiya texnologiyasi bilan jihozlangan. Bu suv resurslari sarfini sezilarli darajada kamaytiradi va atrof-muhitga salbiy ta’sirni minimallashtiradi.
Qo‘shimcha ravishda, korxonada quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, bu yiliga 18 000 kVtgacha elektr energiyasini tejash va karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish imkonini beradi.
Shunday qilib, korxona nafaqat iqtisodiy samaradorligini oshirmoqda, balki o‘z faoliyatiga “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etmoqda – bu, ayniqsa, xalqaro bozorlarning o‘sib borayotgan talablari sharoitida muhim ahamiyatga ega.
Mahalliy ishlab chiqarishdan xalqaro bozorlargacha
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi
Ishlab chiqarish modernizatsiya qilingach, “Nateco Impex” mahsulot turlarini sezilarli darajada kengaytirdi. Bugungi kunda korxona quritilgan o‘rik, olxo‘ri, anjir, olma, ko‘katlar, yeryong‘oq, shuningdek, qayta ishlangan mahsulotlar, jumladan, snek va pastalarni ishlab chiqaradi va eksport qiladi.
“Biz doimo yangi yo‘nalishlarni izlaymiz va yangi mahsulotlarni sinab ko‘ramiz”, – deya ta’kidlaydi Javharoy.
Yangi yuvish liniyasi tufayli qo‘shimcha mahsulot toifalari, jumladan, ildizmevalarni qayta ishlash va yangi turdagi assortimentlar paydo bo‘ldi.
Mahsulot yetkazib berish geografiyasi ham ancha kengaydi. Korxona mahsulotlari Yevropa mamlakatlari, Rossiya, Xitoy va boshqa bozorlarga eksport qilinmoqda. O‘tgan yilgi yutuqlarning yorqin namunalaridan biri — kompaniya uchun yangi va istiqbolli bozor hisoblangan Shveytsariyaga 16 000 banka konservalangan tok barglari yetkazib berilganidir.
Shu bilan birga, korxona yirik savdo tarmoqlari va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilib, ichki bozorda ham faol ish olib bormoqda.
Ko‘rsatkichlar o‘sishi va kelajakka ishonch
Ishlab chiqarishni rivojlantirish va savdo bozorlarini kengaytirish korxonaning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Kompaniyaning yillik aylanmasi qariyb 1 million AQSH dollariga yetdi, xodimlarning ish haqi esa taxminan 20 foizga oshdi.
«Biz kichik ishlardan boshlaganmiz, ammo hozir yanada o‘sishimiz va yangi bozorlarga chiqishimiz mumkinligini ko‘rib turibmiz», – deydi Munisa.
Mahsuldorlikning o‘sishi va texnologiyalarning joriy etilishi biznes jarayonlari samaradorligini oshirish hamda kompaniyaning sifatli mahsulot yetkazib beruvchi ishonchli hamkor sifatidagi mavqeyini mustahkamlashga imkon berdi.
Loyihaning umumiy qiymati 800 million so‘mdan oshdi va uning salmoqli qismi korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplandi.
Ko‘rsatilgan yordam nafaqat uskunalar taqdim etish, balki treninglar o‘tkazish, maslahatlar berish, biznes jarayonlarini rivojlantirishda ko‘maklashish va xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasida ishtirok etishga yordam berishni ham o‘z ichiga oldi. Bu korxonaga ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish bilan birga boshqaruv salohiyatini ham oshirish imkonini berdi.
“Nateco Impex”ning tarixi birgina biznes tarixidan ancha kengroqdir. Bu – qo‘llab-quvvatlash qanday qilib butun bir hamjamiyat miqyosida barqaror o‘zgarishlarga aylanishi mumkinligiga yorqin misoldir.
Javharoy va Munisa ish o‘rinlari yaratib, fermerlarni qo‘llab-quvvatlab, ekologik toza texnologiyalarni joriy etib, mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirishga va yanada barqaror qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.
Bunday tashabbuslar shuni ko‘rsatadiki, ayollar va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish nafaqat iqtisodiyot, balki hududlarning barqarorligi, imkoniyatlari va kelajagi bilan ham bog‘liqdir.
BMTTD hozirgi kunda Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyoda savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish” mintaqaviy loyihasining beshinchi bosqichini amalga oshirmoqda. Loyiha “yashil” qo‘shilgan qiymat zanjirlarini ilgari surish va mintaqa iqtisodiyotlarining raqobatbardoshligini oshirish orqali Markaziy Osiyoda inklyuziv va barqaror o‘sishga yordam berishga qaratilgan. U iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish hamda o‘zgaruvchan bozor sharoitlari va iste’molchilik tendensiyalariga moslashish hisobiga yanada barqaror, xavfsiz va gender tengligini ta’minlaydigan iqtisodiy tizimlarni shakllantirishga hissa qo‘shadi.
Shuningdek, loyiha BRM 5 (gender tengligi), BRM 8 (munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish) hamda BRM 17 (barqaror rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik) maqsadlariga erishishga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda..