Stereotiplarni yengib: Gavhar Ruzmetova mehaniklikni tanlagan ayol
10-February, 2026
“33 yoshimgacha hech qayerda ishlamagan men kabi oddiy uy bekasiga butun boshli avtoservisni boshqara olishimga hech kim ishonmagan. Boshida ichimda ozgina qo‘rquv bor edi, ammo bo‘sh kelmadim…”, deya so‘zni boshladi qahramonimiz Gavhar Ruzmetova.
U Xorazm viloyatining Urganch tumanida tug‘ilgan. Hozirda yuk mashinalarini ta’mirlash ustaxonasini boshqaradi. Avtomobil ta’mirlash sohasiga kirib kelishiga esa akasining sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyat sabab bo‘lgan.
“Bir necha yil avval akam og‘ir kasal bo‘lib, davolanish uchun chet elga ketishlariga to‘g‘ri keldi. Ularga tegishli avtoservislarni ishonchli odam boshqarishi kerak bo‘ldi. Men shu mas’uliyatni o‘z zimmamga oldim”, deya eslaydi Gavhar.
Boshida akasi unga ishonmadi, chunki u shu paytgacha hali professional ish bilan shug‘ullanmagan. Ammo Gavhar qat’iyat bilan qaror qildi: u nafaqat ishni o‘z zimmasiga oldi, balki ayollarning har qanday sohada muvaffaqiyat qozonish imkoniyatini isbotlashni maqsad qildi.
“Men hozir buni uddalash uchun tinmay harakatqilyapman”, deydi u faxr bilan. “Ishni boshlaganimdan keyin ishchilarimni diqqat bilan kuzatdim, akamga tez-tez qo’ng’iroq qilib maslahat oldim va shu tariqa o‘rganib bordim”.
Avtomobil ta’mirlash sohasida asosan erkaklar ustun bo‘lsa-da, Gavhar kabi ayol mexaniklar bu stereotiplarni buzmoqda. Inson o‘z kasbini sevsa, yetarli bilim va mahoratga ega bo‘lsa, har qanday sohada muvaffaqiyat qozona olishiga ishonadi. Shu ishonch bilan maqsadlari sari olg‘a intilar ekan, Gavhar ham qiyinchilik va to‘sqinliklarga duch kelgan. Chunki, bu yo‘l oson emas, ayniqsa Gavhar tanlagan kasbning o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor.
Ish faoliyatining ilk davrida avtoservisdagi juda katta va kerakli motor buzilib qoladi. Uni Xorazmda tuzatishni iloji bo‘lmagan, Toshkentga olib borish esa katta harajat va kuch talab qilardi. Shu payt Gavhar o‘zida kuch topdi va Toshkentdagi bir mutaxassis bilan telefonda maslahatlashib, motorni o‘zi ta’mirlashga muvaffaq bo‘ladi. Bu voqea qahramonimizga kuchli ishonch va motivatsiya beradi, chunki u hatto erkak mexaniklar jur’at qilmagan ishni yolg’iz o’zi uddalay olgan edi.
Bundan tashqari, ushbu sohada ishlayotgan ayollar ko‘pincha gender tarafkashligiga duch keladi. Uzoq ish soatlari va og‘ir jismoniy mehnat ularning farovonligi hamda hayot sifatiga ham ta’sir qilishi mumkin. Ko‘plab jamoalarda hanuz “mentalitet to‘sig‘i” mavjud - ayol bo‘lgani uchun ayrim mijozlar tomonidan ishonchsizlik kuzatiladi, bu esa bevosita daromadga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yana bir muammo – Gavharning bilim va tajribasi yetarli emasligi edi. Shu sabab u bu kamchiliklarni bartaraf etishga qat’iy qaror qilib, bilim va ko‘nikmalarni oshirish yo‘lini tanlaydi. BMT Taraqqiyot Dasturi hamda “Hamroh” xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Tadbirkor ayollarni qo‘llab quvvatlash dasturi” doirasida o‘tkazilayotgan treninglar haqida habar topib, o‘qishni boshlaydi.
“O‘quv mashg‘ulotlari davomida biznes asoslarini, sotuv ko‘nikmalarini, mijozlar bilan muloqot madaniyatini va tadbirkorligimni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan ko‘plab bilimlarni egalladim”, deydi qahramonimiz.
Treninglarda ishtirok etish natijasida Gavhar boshqaruv bo‘yicha bilimlarini mustahkamladi va tadbirkorlik savodxonligi darajasini oshirdi. Olingan bilimlar unga biznesni to‘g‘ri yuritish va keyingi rivojlanishni rejalashtirishga yanada tizimli yondashishga imkon berdi.
Hozirda qahramonimiz tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadida yer sotib olishga muvaffaq bo‘ldi. Endi u kelajakda nafaqat Xorazm viloyatiga, balki qo‘shni viloyat va davlatlarga ham xizmat ko‘rsata oladigan zamonaviy avtoservis markazini qurishni rejalashtirmoqda.
Gavhar Karvanbayevnaning hikoyasi shuni ko‘rsatadiki, har qanday stereotipni yengish mumkin. Qat’iyat, bilim va ishonch bilan ayollar ham avtomobil ta’miri, biznes yuritish va jamiyatda yetakchilik qilishda hech kimdan kam emasligini isbotlay oladi. Yangi yilni yangi rejalar bilan boshlayotgan bunday ilhomlantiruvchi qahramonlar ko‘plab ayollarga o‘z orzulari sari dadil qadam tashlash uchun kuch bag‘ishlaydi.
Loyiha haqida:
Ayol tadbirkorlarni bilim va ko‘nikmalarini oshirishga yordam berayotgan treninglar “Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturi (WESP)” BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan, Hamroh ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va The Coca Cola Foundation bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyiha tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyihaning maqsadi – O‘zbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish va xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.