Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (WESP) hamjamiyati tadbirkor ayollarning yutuqlarini e’tirof etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan ikki kunlik tadbirda birlashdi. Tadbir doirasida HAMROH FEST yarmarkasi, grantlarni topshirish marosimi, amaliy mentorlik mashg‘ulotlari hamda biznesni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar bir platfromada jam bo'ldi.
HAMROH FEST: Tadbirkor ayollar uchun hamkorlik va rivojlanish uchun platforma
6-August, 2026
1–2-avgust kunlari o‘tkazilgan HAMROH FEST O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan tadbirkor ayollar, hamkorlar va qo‘llab-quvvatlovchilarni jamlab, mamlakatda tadbirkor ayollarning erishayotgan yutuqlari va ularning salohiyati oshib borayotganini namoyon etdi. Tadbir tadbirkor ayollar uchun o‘z mahsulotlarini namoyish etish, mijozlar bilan bevosita muloqot qilish, tajriba almashish hamda biznesini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni kashf etish imkonini yaratdi. Festival doirasida, shuningdek, biznesini rivojlantirish uchun 5 000 AQSh dollarigacha miqdordagi asbob-uskunalar va jihozlar ko‘rinishidagi grant olgan 20 nafar tadbirkor ayolni taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
HAMROH FEST: Tadbirkor ayollar biznesi salohiyatini namoyon etuvchi maydon
HAMROH kompaniyasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda va The Coca-Cola Company ko‘magida tashkil etilgan HAMROH FEST festivali ikki kun davomida O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan 40 nafar tadbirkor ayol hamda ularning brendlarini bir joyda jamlab, ularning mahsulotlari va biznes salohiyatini keng jamoatchilikka namoyish etish imkonini yaratdi.
WESP hamjamiyatining bir qismi sifatida, festival ishtirokchisi bo‘lgan tadbirkor ayollar o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etish, yangi mijozlarni jalb qilish, professional aloqalarini kengaytirish hamda istiqbolli biznes hamkorliklarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Moda, qo‘l mehnati mahsulotlari, go‘zallik va uy bezaklari yo‘nalishlaridagi turli mahsulotlarni o‘zida jamlagan festival dastur doirasida qo‘llab-quvvatlanayotgan tadbirkor ayollar biznesining rang-barangligi, ijodkorligi va tobora ortib borayotgan salohiyatini yaqqol namoyon etdi.
“Biznesni endi boshlayotganimda, ishni qayerdan boshlash borasida juda ko‘p savollarim bor edi. WESP dasturi orqali o‘zim izlagan javoblarni topdim va ilk qadamlarimni tashladim. HAMROH FESTda ishtirok etish esa kutganimdan ham a'lo bo'lyapti. Festival menga boshqa tadbirkorlar bilan fikr va tajriba almashish uchun ajoyib imkoniyat yaratdi,” dedi kulolchilik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tadbirkor, HAMROH FEST ishtirokchisi Zarifa Polvonova.
HAMROH FEST nafaqat savdo yarmarkasi, balki tadbirkor ayollar uchun o‘zaro fikr va tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda festivaldan keyin ham biznesini rivojlantirishga xizmat qiladigan yangi imkoniyatlarni kashf etish maydoniga aylandi.
Grant topshirish marosimi: tadbirkor ayollar biznesining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash
Bayram tadbirining muhim qismiga grant mukofotlarini topshirish marosimi bo'ldi. Taqdirlash doirasida 250 nafardan ortiq ariza topshirgan ishtirokchilar orasidan yuqori raqobat asosida saralab olingan 20 nafar tadbirkor ayolga mukofot topshirildi. WESP dasturi doirasida The Coca-Cola Foundation tomonidan moliyalashtirilayotgan ushbu grantlar har bir biznesning o‘ziga xos ehtiyojlariga mos zarur asbob-uskunalar va jihozlarni xarid qilish uchun 5 000 AQSh dollarigacha bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashni taqdim etadi. Mazkur ko‘mak tadbirkor ayollarga o‘z faoliyatini mustahkamlash, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish hamda o‘z hududlarida yangi imkoniyatlar yaratishga yordam beradi.
Navoiy viloyati Nurota tumanidan bo‘lgan Marhabo Bakriyeva – grant sohibalaridan biri. U o‘z tikuvchilik biznesini rivojlantirish orqali o‘z hamjamiyatidagi ayollar uchun yangi imkoniyatlar yaratishni maqsad qilgan. Uning tikuv sexida ayni paytda besh nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Qo‘shimcha jihozlar yordamida Marhabo ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va yana 15 nafargacha ayol uchun yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirmoqda. Marhabo uchun biznesni rivojlantirish nafaqat o‘z faoliyatini kengaytirishni anglatmaydi, balki ayollar uchun ish imkoniyatlari kam bo‘lgan olis qishlog‘ida aholi turmush sharoitini yaxshilash uchun imkoniyat hamdir.
Yana bir grant sohibasi Madina Abulkasimova Samarqand shahrida o‘z tadbirkorlik faoliyatini yangi yo‘nalishda rivojlantirishni maqsad qilgan. Turizm sohasidagi ko‘p yillik tajribasiga tayangan holda, u o‘z bilim va tajribasini bo'lajak turizm mutaxassislari bilan baham ko‘rmoqchi. Madina o‘zining xususiy turoperatorlik kompaniyasi orqali turoperatorlar, turagentlar va gidlar uchun onlayn hamda an’anaviy (oflayn) o‘quv dasturlarini ishlab chiqmoqda. Madinaning maqsadi turizm sohasida faoliyat yuritayotgan insonlar uchun professional bilim va amaliy ko‘nikmalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Grant ko‘magi unga hozirda ishlab chiqilayotgan onlayn platformani tayyorlash va oflayn ta’lim maydonini jihozlashga yordam beradi.
Sayyora Kasimova uchun tadbirkorlik — jamiyatda barcha uchun teng imkoniyatlar yaratish yo‘lidir. U Namangan tumanida nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalarga yordam ko‘rsatuvchi kunduzgi markazni boshqaradi. Shuningdek, u boshqarayotgan bog‘chalari nogironligi bo‘lgan bolalarni ham qamrab oladi. Sayyoraning faoliyati alohida e’tibor va parvarishga muhtoj insonlar hamda ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Grant ko‘magi yordamida u nogironligi bor shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun qo‘shimcha jihozlar va maxsus moslamalar xarid qilishni reja qilgan.
“Men tadbirkorlik yo‘limni bir necha yil avval o‘z farzandim uchun imkoniyatlar izlashdan boshlaganman. WESP dasturi orqali bilimlarimni yanada mustahkamlab, zaruriy koʻnikmalarga ega bo‘ldim va yana yuzlab oilalar uchun imkoniyatlar yaratishga yordam beradigan grantni qo‘lga kiritdim. Barcha ayol tadbirkorlarga murojaatim oddiy: imkoniyatlarni kutib o‘tirmang, ularni ko‘ra oling, qo‘ldan boy bermang va insonlar hayotini o‘zgartirish uchun ulardan foydalaning”, dedi Sayyora Qosimova.
Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (WESP) HAMROH kompaniyasi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda The Coca-Cola Foundation ko‘magida amalga oshiriladi.
G‘oyadan amaliy biznes rivojigacha
Tadbir doirasida tadbirkor ayollar uchun amaliy mentorlik orqali o‘z bizneslarini rivojlantirish imkoniyatlari ham yaratildi. Grantlarni topshirish marosimidan so‘ng ishtirokchilar biznesni rivojlantirishning uchta muhim yo‘nalishiga qaratilgan amaliy mentorlik dasturida qatnashdilar. Ushbu yo‘nalishlar kuchli brend yaratish va uni katta mablag‘larsiz targ‘ib qilish, savdoni oshirish va mijozlarni saqlab qolish, shuningdek, kichik bizneslarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash mavzularini qamrab oldi.
Mutaxassislar real biznes misollari asosida tadbirkor ayollarga mavjud muammolarni aniqlash, rivojlanish imkoniyatlarini topish va o‘z bizneslarida qo‘llashi mumkin bo‘lgan amaliy yechimlarni ishlab chiqishda yordam berdilar.
Mahsulotlarni namoyish etish va yangi mijozlar bilan tanishishdan tortib, amaliy bilimlarga ega bo‘lish va biznesni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlaridan foydalanishgacha bo‘lgan jarayonlar orqali tadbir tadbirkor ayollarga o‘z bizneslarini mustahkamlash, maqsadlarini amalga oshirish va barqaror rivojlanishga erishish uchun qimmatli imkoniyatlar yaratdi.