Yetti yil kutishdan keyin — Orol bo‘yi tuman mahallalarida tibbiy yordam eshiklari yana ochildi
10-February, 2026
Xo‘jayli tumanining Kulab, Qumbiz va Sarishungul mahallalari aholisi yetti yillik kutishdan so‘ng yana uy yonidagi "Toza baz" oilaviy shifokorlik punktiga murojaat qilishlari mumkin.
Qutligul Yesemuratova Xo‘jayli tumani, Kulab mahallasidagi "Taza Baz" oilaviy shifokorlik punktiga ilk bor kelganida ko‘zlariga ishonmadi. Yosh pediatr endigina Qoraqalpoq tibbiyot institutini tamomlab, mehnat faoliyatini boshlashga oshiqardi. Ammo uning qarshisidagi bino tasavvuridagi zamonaviy klinikadan ancha boshqacha ko‘rinardi.
“Klinika oldida turib o‘yladim, bu yerda bemorlarni qanday qabul qilaman”, deya eslaydi Qutligul. "Bino sovuq, kunduzgi bo‘limda atigi ikkita o‘rin bor, elektr ta’minoti esa tez-tez uzilib turardi. Hatto ortga qaytim ketishni ham o‘ylab qoldim”.
Lekin shu lahzada u nima uchun tibbiyotni tanlaganini esladi. Bolaligida Qutligulning o‘zi ham og‘ir kamqonlikdan aziyat chekib, yiliga 4-5 marta kasalxonaga tushardi. Uning sog‘lig‘ini kuzatib borgan shifokor sog‘ayishiga umid bag‘ishladi va o‘z misoli bilan ilhomlantirdi. O‘sha paytda Qutligul shifokor bo‘lishga qat’iy qaror qildi.
Qutligul Yesemuratova, Xo‘jayli tumanidagi "Toza baz" tibbiyot punkti katta shifokori.
1995-yilda qurilgan “Toza baz” oilaviy shifokorlik punkti bir vaqtlar uchta qo‘shni mahalla, Kulab, Qumbiz va Sarishungulga xizmat ko‘rsatgan. Ammo 2017-yilga kelib bino shunchalik eskirdiki, uni yopishga majbur bo‘lishdi. Natijada 6 mingdan ziyod aholi birlamchi tibbiy yordamdan foydalana olmay qoldi.
Yetti yil davomida aholi tuman poliklinikasiga yoki qo‘shni aholi punktlariga qatnab yurdi. Ko‘krak yoshidagi bolasi bor yosh onalar, surunkali kasalligi bor keksalar, shoshilinch yordamga muhtoj insonlar uchun shifokorga qilingan har bir murojaat sinovga aylandi.
Bu yetti yil birlamchi tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyati yo‘qligi nimalarga olib kelishini ko‘rsatdi. Qoraqalpog‘iston XX asrning eng yirik ekologik fojialaridan biri - Orol fojiasining markazida joylashgan. Orol dengizining qurishi mintaqa aholisi salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Har yili qurigan tubdan 100 mln tonnagacha zaharli chang ko‘tarilib, mahalliy aholi uchun og‘ir oqibatlar keltirib chiqarmoqda.
Natijada Qoraqalpog‘iston aholisi nafas yo‘llari kasalliklari, kamqonlik, onkologik va ovqat hazm qilish muammolaridan aziyat chekmoqda. Viloyatda sil bilan kasallanish ko‘rsatkichi 100 ming aholiga 147 tani tashkil etadi, bu mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori. Bunday sharoitda birlamchi tibbiy yordamdan foydalanish nafaqat huquq, balki omon qolish masalasiga aylanadi.
O‘pkasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan ikkinchi guruh nogironi Xo‘jamurat Davlatmuratov muntazam davolanish uchun avval qo‘shni Go‘sht kombinati posyolkasiga, keyin esa Nukusga borishga majbur edi. "Yo‘l ko‘p vaqt va transport xarajatlarini talab qilardi. Men esa zo‘rg‘a yuraman," - deydi 50 yoshli kishi.
Akusher-ginekolog Gulchehra Zarimbetova uchta mahallada 1567 nafar tug‘ish yoshidagi ayolni kuzatadi. Yillar davomida u muntazam tekshiruvlar yo‘qligi qanday oqibatlarga olib kelishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.
"Olti oy oldin bir bemorni yo‘qotdik. U 40 yoshda edi, ko‘krak bezi saratoni bilan og‘rirdi. Yordam so‘rab murojaat qilganida esa allaqachon kech bo‘lgan, uch marta kimyoterapiya ham naf bermadi," - deydi Gulchehra. "Muntazam tekshiruvlar muammoni erta aniqlashi mumkin edi. Ammo yaqin atrofda klinika bo‘lmagani uchun ayollar shifokorga qabulni keyinga surib kelishgan."
Bachadon bo‘yni saratoni bilan og‘rigan yana bir bemor hozir kimyoterapiyaning o‘n ikkinchi bosqichini o‘tamoqda. "Har kuni o‘nga yaqin ayolni qabul qilaman. Nazoratimda 54 nafar homilador ayol bor. Tibbiy xizmatlar uzoq bo‘lsa, odamlar faqat ahvoli og‘irlashganda keladi. Keyin esa davolanish ancha qiyin bo‘ladi."
2025-yil boshida tuman sog‘liqni saqlash xizmati bosh shifokori Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida BMT Taraqqiyot Dasturining “Iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali Orolbo‘yi mintaqasida barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida grant olish uchun ariza topshirdi. "Taza Baz" oilaviy poliklinikasi bazaviy infratuzilmani tiklash dasturi doirasida qo‘llab-quvvatlanadigan viloyat tibbiyot muassasalaridan biriga aylandi.
"Taza baz" oilaviy poliklinikasi to‘rt oyda to‘liq rekonstruksiya qilindi. Bino kengaytirilib, har bir palata va xonalarga kanalizatsiya, sovuq va issiq suv o‘rnatildi. Ochiq hojatxona yopiq sanitar xonalarga almashtirildi . Bu har qanday ob-havoda ko‘chaga chiqishga majbur bo‘lgan keksalar va harakatlanish imkoniyati cheklangan bemorlar uchun muhim o‘zgarish bo‘ldi. Ikkita karavotli tor xona o‘rniga kunduzgi palata, sovuq kabinetlar o‘rniga esa issiq, to‘liq jihozlangan xonalar tashkil etildi.
Quyosh panellari va isitgichlar energiya mustaqilligini ta’minlaydi, klinika endilikda elektr uzilishlari paytida ham uzluksiz ishlaydi. Elektron poliklinika tizimi va yuqori tezlikdagi internet elektron tibbiy kartalarni yuritish, tuman hamda respublika shifoxonalari mutaxassislari bilan tezkor maslahatlashish imkonini beradi. Videokuzatuv tizimi esa bemorlar va xodimlar xavfsizligini ta’minlaydi.
Rekonstruksiya inklyuzivlik va hammaboplik tamoyillariga amal qilgan holda amalga oshirildi, bino ichida aholining barcha guruhlari erkin harakatlanishi uchun sharoitlar yaratildi. Bu nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksa yoshdagi bemorlar va aravachasi bor yosh onalar uchun tibbiy xizmatlardan teng foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.
“Avval bilan hozirni qiyoslasak, kecha bilan kunduzdek farq qiladi”, - deydi Qutligul. "Endi bizda issiq ko‘rik xonalari, kunduzgi bo‘lim uchun yetarli joy bor. Kuniga 50-60 nafar bemorni qabul qila olaman”.
Qutligul umumiy aholisi 6 mingdan ortiq bo‘lgan uchta mahalladan 1886 nafar bemorni kuzatadi. Uning ro‘yxatida birinchi guruh nogironligi bo‘lgan va og‘ir kasallikka chalingan 17 kishi, ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan 20-25 kishi, uchinchi guruh nogironligi bo‘lgan qariyb 50-60 ga yaqin kishi bor. Ular uchun klinikaning yaqinligi juda muhim.
Qutligul har kuni ertalab Qorao‘zak tumanidan Xo‘jayli tumaniga ishga qatnaydi, bu bir necha soatlik yo‘l. Mana bir yildirki, u haftasiga besh kun shu yo‘lni bosib o‘tadi.
"O‘qishni tugatganimda, menga tanlash uchun ikkita lavozim taklif qilishdi. Men “Taza Baz”ni tanladim," - deydi u. "Do‘stlarim hayron bo‘ldi: nega shunchalik uzoq qatnaysan, deb so‘rashdi. Lekin men o‘zimga kerakli joyda ishlashni xohlardim".
Uning chekka mahallada ishlash uchun besh yillik shartnomasi bor. Bunday sharoitga ko‘plab yosh mutaxassislar tayyor emas, ayniqsa jamiyat ulardan oilasiga yaqinroq bo‘lishni kutayotgan yosh ayollar.
"Ota-onam meni qo‘llab-quvvatladi. Klinikikadagi sharoitni, ish qanday yo‘lga qo‘yilganini ko‘rganimda, to‘g‘ri qaror qabul qilganimni angladim", - deydi Qutligul.
Hozir 27 yoshda bo‘lgan Qutligul oilaviy sog‘liqni saqlash klinikasining katta shifokori bo‘lib, uch nafar shifokorni ishini muvofiqlashtiradi.
“Ko‘p eshitardim, sen juda yoshsan, qiz bolasan, senga qiyin bo‘ladi, deyishardi”, deya eslaydi u. “Lekin munosabat asta-sekin o‘zgaryapti. Ishingni sidqidildan qilsang, odamlarga yordam berishda yosh ham, jins ham ahamiyatini yo‘qotadi.”
Qutligul Yesemuratova "Toza baz" oilaviy shifokorlik punktida bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
Gulchehra Zarimbetova uchun klinikaning qayta ochilishi muntazam skrining o‘tkazish imkonini berdi. “Endi muammolarni erta bosqichda aniqlay olamiz, hali samarali davolash mumkin bo‘lgan paytda”, - deydi u. “Bu hayotlarni saqlab qoladi. Sog‘liqni tiklash har doim kasallikning oldini olishdan ko‘ra qiyinroq va qimmatroq.”
Qutligul esa har kuni ertalab avtobusga o‘tirib, odamlarni davolash uchun bir tumandan boshqasiga yo‘l oladi. "Bolaligimda shifoxonada yotganimni eslayman. Shifokor menga qanday g‘amxo‘rlik qilganini unutmayman. Endi boshqalarga g‘amxo‘rlik qilish navbati menga keldi," - deydi u. U yordamiga haqiqatan ehtiyoj bor joyda ishlayotganidan mamnun.
***
“Taza Baz” tajribasi iqlim o‘zgarishidan ta’sirlangan boshqa mintaqalar uchun ham qo‘llash mumkin bo‘lgan modelni namoyish etadi. Quyosh panellari energiya mustaqilligini ta’minlaydi, teletibbiyot uzoq jamoalarni mutaxassislar bilan bog‘laydi, inklyuziv dizayn esa xizmatlardan hammaning foydalanishini osonlashtiradi. Bu yechimlar birgalikda hatto eng chekka mahallalarda ham barqaror sog‘liqni saqlash tizimini yaratish mumkinligini ko‘rsatadi.
***
Aloqa uchun ma’lumot:
- Alisher Utemisov, BMT Taraqqiyot dasturining Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha rahbari, alisher.utemisov@undp.org
- Gulnur Kaypnazarova, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis, gulnur.kaypnazarova@undp.org