Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi davlat xizmatlarini yanada takomillashtirishda katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data) va sun’iy intellektni ilgari surmoqda

4-August, 2026
Group photo of smiling conference attendees posing behind a long table in a meeting room.

“Dalillarga asoslangan davlat boshqaruvi uchun katta hajmdagi ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt” mavzusidagi seminar-trening ishtirokchilari

Foto: UNDP O‘zbekiston

Toshkent, 2026-yil 4-avgust – Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida Toshkent shahrida “Dalillarga asoslangan davlat boshqaruvi uchun katta hajmdagi ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt” mavzusidagi uch kunlik seminar boshlandi. Seminar maqsadi davlat xizmatchilarining ma’lumotlar va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish orqali yanada samarali, shaffof va fuqaroga yo‘naltirilgan davlat boshqaruvini rivojlantirish bo‘yicha salohiyatini kuchaytirishdan iborat. Seminarda davlat idoralari va mahalliy hokimiyatlardan 35 nafardan ortiq tahlilchi va mutaxassis ishtirok etmoqda. Ular amaliy yondashuv asosida dastlabki ma’muriy ma’lumotlarni siyosatni ishlab chiqish, muassasalar faoliyati samaradorligini monitoring qilish hamda xizmatlar ko‘rsatish jarayonlariga ko‘maklashuvchi muhim xulosalarga aylantirishni o‘rganmoqdalar.

O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jarayonlari davom etar ekan, davlat organlari tomonidan yaratilayotgan ma’lumotlar hajmi ham jadal sur’atlarda ortib bormoqda. My.gov.uz portali orqali 760 dan ortiq elektron xizmatlar taqdim etilayotgani bois, davlat muassasalari misli ko‘rilmagan hajmdagi ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda. Bugungi kundagi asosiy vazifa shunchaki ma’lumotlarni to‘plash emas, balki ulardan qaror qabul qilish jarayonini takomillashtirish, xizmatlar sifatini oshirish va fuqarolar ehtiyojlariga yanada samaraliroq javob berishda unumli foydalanishdan iboratdir.

Five panelists sit at a conference table on a stage with microphones and a blue banner behind.

“Dalillarga asoslangan davlat boshqaruvi uchun katta hajmdagi ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt” mavzusidagi seminar-trening ochilishi

Foto: UNDP O‘zbekiston

“Bugungi kunda asosiy qiyinchilik bu ma’lumotlarni to’plash emas, balki ularni samaraliroq siyosat, mustahkamroq institutlar va yuqori sifatli davlat xizmatlarini ta’minlashga xizmat qiluvchi ishonchli dalillarga aylantirishdadir. Yevropa Ittifoqi miqyosida ma’lumotlar strategik jamoat boyligiga aylandi. Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 ta davlat nomidan ish olib borishdagi boy tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, raqamli transformatsiya nafaqat texnologiyalarga, balki davlat xizmatchilarining axborotni tahlil qilish, talqin etish va undan samarali foydalanish ko‘nikmalariga ham bog‘liqdir. Ushbu seminar Yevropa Ittifoqining yangi texnologiyalar, shu jumladan sun’iy intellektdan mas’uliyat va axloqiy jihatdan foydalanishni ta’minlashda mazkur salohiyatni oshirishga bo’lgan umumiy majburiyatini aks ettiradi”, – dedi Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasining Muvaqqat ishlar vakili Renata Vrobel xonim.

Tashabbus Oʻzbekiston islohotlarining kengroq kun tartibini, jumladan, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturi hamda 2024–2030-yillarga mo‘ljallangan Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu hujjatlarda dalillarga asoslangan boshqaruv va ma’lumotlarga tayangan davlat boshqaruvi muhim ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

“O‘zbekiston davlat xizmatlarini raqamlashtirish borasida sezilarli natijalarga erishayotgan bir paytda, har kuni yaratilayotgan katta hajmdagi maʼlumotlar qaror qabul qiluvchilar uchun amaliy gʻoyalarga aylantirilishi muhimdir. Ushbu trening ma’lumot va amaliy harakat o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlaydi. Tahliliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va zamonaviy sun’iy intellekt vositalarini joriy etish orqali biz davlat organlariga fuqarolar ehtiyojlarini yaxshiroq tushunish, muammoli jihatlarni aniqlash va yanada samarali xizmatlarni ishlab chiqishda ko‘maklashmoqdamiz. Pirovard maqsadimiz — samarali, shaffof, inklyuziv va inson manfaatlariga xizmat qiluvchi davlat boshqaruvini rivojlantirishdir”, – dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim.

Davlat muassasalarida tahliliy va raqamli savodxonlikni mustahkamlash orqali mazkur tashabbus O‘zbekiston bo‘ylab davlat xizmatlarini yaxshilash, hisobdorlikni mustahkamlash va fuqarolar mamnunligini oshirishda ma’lumotlar hamda innovatsiyalardan foydalana oladigan zamonaviy davlat boshqaruvi tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

Ma’lumot uchun

“O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilmoqda, Umumiy byudjeti 4,900,000 evroni tashkil etadigan mazkur loyiha 2024-2029 yillar davomida amalga oshirilib, qishloq hududlarda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi, raqamlashtirish darajasining yuqori emasligi va eskirgan institutsional tizim kabi asosiy muammolarni yechishga qaratialdi. Ushbu natijalarga quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalish orqali erishiladi:

  1. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimining “bek-ofis”ini ta’minlovchi institutsional, huquqiy va me’yoriy bazani isloh qilish.
  2. Bek-ofis muassasalarining milliy, hududiy va mahalliy darajalarda samarali faoliyat yuritish salohiyatini oshirish.
  3. Bek-ofis muassasalarining raqamli va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan transformatsiyasini tezlashtirish.
  4. Hududiy va mahalliy institutlarning tezkorligi, mas’uliyati va bek-ofis sifatida faoliyat yuritishini yaxshilash uchun mahalliy boshqaruv tizimlarini o’zgartirish.

Loyiha O‘zbekistonning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga, jumladan BRM 16 – kuchli institutlar va BRM 9 – innovatsiya va infratuzilma maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. 2029 yilgacha tashabbus doirasida 11 ta institutsional tahlil o‘tkazish, 1 000 nafar davlat xizmatchisi malakasini inkyuzivlik va fuqarolarda yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oshirish, 35 ta xizmatni raqamlashtirish, 34 ta mahallada o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish zonasini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu keng qamrovli islohotlar aholining samarali, shaffof va inklyuziv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.

Yevropa Ittifoqi - bu Yevropa 27 mamlakatining iqtisodiy va siyosiy ittifoqi. U inson qadr-qimmatini hurmat qilish, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini, shu jumladan ozchiliklarga mansub shaxslarning huquqlarini hurmat qilish qadriyatlariga asoslanadi. U jamiyat, atrof-muhit va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida har kimning foydasi uchun global miqyosda harakat qiladi.