Oliy sud, Ayol sudyalar assotsiatsiyasi va UNDP O‘zbekistonda barcha uchun teng odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash maqsadida hamkorlik qilmoqda
10-July, 2026
Toshkent, 2026-yil 10-iyul – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Ayol sudyalar assotsiatsiyasi va BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) bilan hamkorlikda sudyalar, davlat organlari, fuqarolik jamiyati, akademik doiralar, diplomatik missiyalar, rivojlanish boʻyicha hamkorlar va xalqaro ekspertlarni birlashtirgan birinchi xalqaro davra suhbatini tashkil etdi. Tadbirda sud tizimida ayollar yetakchiligini ragʻbatlantirish, sudlar mustaqilligini mustahkamlash, sud amaliyotiga gender jihatlarini hisobga oluvchi yondashuvlarni qoʻllash hamda odil sudlovdan teng foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha tajriba almashildi.
Bugungi kunda ayollar Qonunchilik palatasi deputatlarining qariyb 39 foizini tashkil etsa-da, respublika boʻyicha sudyalar orasida ularning ulushi atigi 16 foiz atrofidadir. Shu bois sud tizimidagi rahbarlik lavozimlarida ayollar ishtirokini kengaytirish sud tizimining jamiyat xilma-xilligini aks ettirishi va sudlarga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini yanada mustahkamlashi uchun muhim ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.
2026-yil mart oyida tashkil etilgan Oʻzbekiston Ayol sudyalar assotsiatsiyasi ayol sudyalarni mentorlik (ustoz-shogirdlik), oʻzaro tajriba almashish, kasbiy rivojlanish va xalqaro hamkorlik orqali qoʻllab-quvvatlovchi professional platforma boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, assotsiyatsiya sud etikasi tamoyillarini ilgari surish, bilim almashishga rivojlantirish va Sudyalar oliy kengashining 2030-yilgacha ayol sudyalar ulushini 30 foizga yetkazish maqsadiga hissa qo‘shishni ko‘zda tutadi.
Tadbirni ochib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Robaxon Maxmudova ushbu tashkilotning ahamiyatini alohida taʼkidladi: “Assotsiatsiya ayol sudyalarning kasbiy rivojlanishi, yetakchilik salohiyatini oshirish, ustoz-shogird anʼanalarini rivojlantirish, yosh ayol huquqshunoslarni qoʻllab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam institutsional platformaga aylanadi. Shu bilan birga, Assotsiatsiya gender jihatilariga sezgir sud amaliyotini shakllantirish, ilmiy-tahliliy faoliyatni kuchaytirish va ilgʻor xalqaro tajribalarni milliy amaliyotga joriy etishda muhim o‘rin tutadi”.
BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi Akiko Fujii o‘z nutqida UNDPning ushbu sohadagi avvalgi faoliyati, jumladan, E-SUD elektron odil sudlov tizimi, huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirokidagi yuridik klinikalar hamda bugungi Ayol sudyalar assotsiatsiyasiga poydevor boʻlgan Ayol sudyalar klubiga koʻrsatilgan koʻmakni esga oldi. Shuningdek, u quyidagilarni qayd etdi:
“Gender tengligi nafaqat maqsad, balki barcha insonlarning ehtiyojlariga birdek javob beradigan chinakam inklyuziv odil sudlov tizimini barpo etish vositasidir. Ushbu islohotlarni ilgari surishda dalillarga asoslangan siyosatni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.”
Akiko Fujii UNDP, Finlyandiya va Yevroppa Ittifoqi ko‘magida tayyorlangan “O‘zbekiston aholisining huquqiy ehtiyojlarini tadqiq etish”, “O‘zbekistonda gender va korrupsiya” hamda “Milliy halollik tizimini baholash (NISA)” tadqiqotlari natijalariga ham e’tibor qaratib, UNDP qonun ustuvorligini mustahkamlash va hech kimni ortda qoldirmagan holda odil sudlovdan teng foydalanishni kengaytirishga qaratilgan dalillarga asoslangan sud-huquq islohotlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini tasdiqladi.
Tadbir davomida Buyuk Britaniya Okrug tribunali sudyasi hamda Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasi Boshqaruvi a’zosi Ita Farrelli xalqaro standartlar va qiyosiy tajriba asosida sud tizimida ayollar yetakchiligini rivojlantirish, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash hamda professional sudyalar tarmoqlari orqali gender jihatlariga sezgir odil sudlovni ilgari surish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Davra suhbati ishtirokchilaridan biri, yuridik yordam koʻrsatuvchi “Nihol” NNT vakili Feruza Jalilova ayollarning odil sudlovdan foydalanishida uchraydigan amaliy muammolar haqida so‘zlab berdi:
“Ayolning adolatga bo‘lgan huquqidan foydalanishiga nima to‘sqinlik qiladi? Ko‘pincha huquq va haqiqiy imkoniyat o‘rtasida tafovut mavjud bo‘ladi. Inklyuziv va genderga sezgir tizimni yaratish bilan birga, bizning umumiy vazifamiz bu tafovutni imkon qadar kamaytirishdir”.
Shuningdek, u odil sudlovdan foydalanish imkoniyatining turli amaliy jihatlariga ham e’tibor qaratdi.
Tadbir ishtirokchilari Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi ayol sudyalar o‘rtasida salohiyatni oshirish, tadqiqotlar, o‘zaro tajriba almashish va bilimlar almashinuvini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirish, jumladan, mintaqaviy sud tarmoqlari orqali xalqaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ham muhokama qildilar.