Barqarorlik madaniyatini shakllantirish: “Yashil Uyim” ekofestivali namanganliklarni iqlimga oid chora-tadbirlarga chorlamoqda

23-July, 2026
Foto: UNDP O‘zbekiston

O‘zbekiston, Namangan shahri, 2026-yil 23-iyul — Bugun Namanganda uch kunlik “Yashil Uyim” ekofestivali ish boshladi. U shahar aholisi, yoshlar, oilalar, ekspertlar va mahalliy hokimiyat organlari vakillarini ekologik toza va iqlim o‘zgarishiga chidamli kelajak yaratishga qaratilgan amaliy yechimlarni izlash maqsadida bir joyga toʻplamoqda.

Mazkur festival Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magi asosida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan amalga oshirilayotgan ““Markaziy Osiyoda tabiiy ofatlar xavfi va iqlim oʻzgarishiga shaharlarning chidamliligini oshirish”  nomli mintaqaviy loyiha doirasida tashkil etildi. 23–25-iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan bu festival ekologik xabardorlikni oshirish hamda barqaror turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan. Shu sababli, ishtirokchilar iqlim o‘zgarishiga moslashish, shaharlar barqarorligini oshirish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida amaliy bilim va tajribaga ega bo‘ladilar.

Namangan shahri barqaror shahar taraqqiyoti tamoyillariga sodiqligi hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal etish borasidagi sa’y-harakatlari tufayli mintaqaviy tashabbusni amalga oshirish uchun tajriba shahar sifatida tanlandi. Ushbu loyiha innovatsion yechimlarni ilgari surish va mahallalar darajasida barqarorlik madaniyatini shakllantirish orqali Markaziy Osiyo shaharlariga haddan tashqari issiqlik, qurg‘oqchilik va iqlim o‘zgarishining boshqa oqibatlari bilan bog‘liq ortib borayotgan xavflarga javob qaytarishda ko‘maklashmoqda.

Festival dasturi o‘zaro bog‘liq to‘rtta mavzuli yo‘nalishga asoslangan bo‘lib, u interaktiv seminarlar, ekspert muhokamalari, ma’rifiy va mahalliy hamjamiyat ishtirokidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

23-iyul — Chiqindilarni boshqarish va barqaror shahar taraqqiyoti

Festivalning birinchi kuni chiqindilarni saralash va qayta ishlash, shuningdek, ekologik mas’uliyatli shaharsozlikka bag‘ishlanadi. Unda ishtirokchilar chiqindilar hajmini kamaytirish hamda taraqqiyot atrof-muhit muhofazasi bilan uyg‘unlashgan shaharlarni barpo etish bo‘yicha amaliy yondashuvlar bilan tanishadilar. Mashg‘ulotlarni shaharsozlik bo‘yicha mutaxassis Shuhrat Abdullayev, shuningdek, eko-faollar Mo‘tabar Xushvaqtova, Feruzbek Sayfullayev va boshqalar olib boradi.

Maxsus ochiq muloqot sessiyasi doirasida Namangan shahar hokimligi, Ekologiya boshqarmasi, “O‘zsuvta’minot” AJ hamda viloyat Obodonlashtirish boshqarmasi vakillari uchrashdilar. Aholi shaharning ustuvor ekologik masalalarini muhokama qilish va uning barqarorligini oshirish bo‘yicha o‘z g‘oyalarini taklif etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Muloqot markazida bir nechta muhim mavzu oʻrin olgan boʻlib, unda ishtirokchilar Namanganning suv ta’minoti muammolarini zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llagan holda hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni muhokama qildilar. Shuningdek, shaharni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha uzoq muddatli rejalar, daraxtlarni to‘g‘ri parvarishlash masalalari va qurilish loyihalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish choralari tahlil qilindi. Qolaversa, ishtirokchilar havo sifatini yaxshilash va chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni muhokama qildilar. Mintaqadagi eng dolzarb ekologik muammolarni hal qilishda fuqarolar ishtiroki hamda aholi va shahar ma’muriyatining birgalikdagi sa’y-harakatlari muhim o‘rin tutishi ta’kidlab oʻtildi.

24-iyul — Ilm-fan, innovatsiya va kelajak

Ikkinchi kun ilm-fan, texnologiya va ekologik barqarorlik o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikka bag‘ishlanadi. Ishtirokchilar sun’iy intellekt tomonidan resurslarning iste’mol qilinishi, xususan, “SI haqiqatan ham suv sarflaydimi?” degan savolni muhokama qiladilar. Muhokamani fizik Boburshoh Ibrohimov olib boradi. Shundan so‘ng ishtirokchilar astronom Orifjon Shermatov bilan birga koinot va astronomiya mavzulari bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi. Kun dasturi yaqindan tanishuv imkonini beruvchi tushlik va yakuniy ma’ruzalar bilan nihoyasiga yetadi. 

25-iyul — Oila ekologiyasi kuni

Festivalning oxirgi kuni bolalar va oilalarga bag‘ishlanadi. Dasturdan robototexnika bo‘yicha mahorat darslari, ilmiy tajribalar, ta’limiy o‘yinlar va interaktiv mutolaalar o‘rin olgan. Festival yosh tomoshabinlarni ekologik mas’uliyat haqida qiziqarli tarzda o‘ylashga undovchi “WALL-E” animatsion filmining o‘zbek tilidagi namoyishi bilan yakunlanadi.

Festival davomida tashrif buyuruvchilar ekologik toza mahsulotlar yarmarkasi bilan tanishishlari, kitob va o‘simliklar almashinuviga qaratilgan SWAP tashabbusida ishtirok etishlari, shuningdek, batareykalar, ishlatilgan o‘simlik yog‘i, plastmassa va qog‘oz chiqindilarini to‘plash uchun maxsus shoxobchalardan foydalanib, atrof-muhitni muhofaza qilishga o‘z hissalarini qo‘shishlari mumkin boʻladi.

Festivalning birinchi kuniga 100 dan ortiq kishi tashrif buyurdi. Uch kun ichida jami 450 nafardan 600 nafargacha, jumladan, davlat idoralari vakillari, xalqaro ekspertlar, talabalar, ko‘ngillilar va mahalliy aholi kelishi kutilmoqda.

Mazkur festival Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish va ofatlar xavfini kamaytirish sohasidagi innovatsion chora-tadbirlarni sinovdan o‘tkazishga qaratilgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlarning bir qismi bo‘lib, shaharlarning barqarorligini, ekologik chidamliligini va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga tayyorligini oshirishga xizmat qiladi.