BMT Taraqqiyot Dasturi loyihalaridan adolatli energiya tadqiqotigacha

5-January, 2026
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan energiya islohotlari barqaror rivojlanish bilan bir qatorda ijtimoiy adolat masalasini ham kun tartibiga olib chiqdi. Bu jarayonda qabul qilinayotgan qarorlar, ayniqsa, kam himoyalangan aholi qatlamlari hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Aynan shu jarayonlarni yaqindan kuzatish va ularni amaliy jihatdan o‘rganish imkoniyati Xalqaro Mehnat Tashkiloti va BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan O‘zbekistonda adotatli enegetikaga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash qo‘shma dasturimiz orqali Nurillo Abdunabiyev uchun ochildi.

Dastur doirasidagi faoliyati davomida u barqaror rivojlanish va ijtimoiy adolat tushunchalari real hayotda qanday amalga oshirilayotganiga bevosita guvoh bo‘ldi hamda davlat siyosati tashabbuslari, xususan, kam himoyalangan aholi qatlamlari turmushiga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini amalda ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.

Uning professional va akademik yo‘li oson kechmadi. To‘rt yil davomida nufuzli universitetlarga kirish va xalqaro stipendiyalarni qo‘lga kiritish uchun 20 dan ortiq rad javoblaridan so‘ng, u nihoyat Chevening stipendiyasi sohibiga aylandi. Bu yutuq unga bilimlarini chuqurlashtirish va kelgusida O‘zbekiston rivoji uchun muhim bo‘lgan tajribani orttirish imkonini berdi.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Akademik bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash maqsadida, u Edinburgh universitetida Davlat siyosati yo‘nalishida magistratura bosqichida tahsil oldi. O‘qish jarayonida sifat va miqdoriy tadqiqot metodlari, energetika siyosati va siyosiy institutlar bo‘yicha nazariy bilimlarni egallash bilan birga, ularni real loyihalar doirasida qo‘llash imkoniga ham ega bo‘ldi.

Magistrlik dissertatsiyasi bizning “Energetikaga adolatli o‘tishni rag‘batlantirish” loyihamiz bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Tadqiqot doirasida Orolbo‘yi hududida aholi va “mahalla yettiligi” vakillari ishtirokida fokus-guruh muhokamalarini tashkil etdik. Ushbu muloqotlar energiya islohotlarining kam ta’minlangan oilalar farovonligiga ta’sirini chuqurroq anglashga qaratildi.

Group of professionals around a rectangular conference table in a workshop; papers and notebooks open.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Muhokamalar davomida elektr energiyasi tariflari, subsidiyalardan foydalanish jarayonlari, qaror qabul qilishdagi ishtirok imkoniyatlari hamda islohotlarning uy xo‘jaliklari xarajatlariga ta’siri muhokama qilindi. Natijalar aholining haqiqiy ehtiyojlarini ochib berdi. Masalan, energiya iste’molini kamaytirish imkoniyatining cheklanganligi ko‘pincha bolalarning issiqlikka bo‘lgan ehtiyoji yoki uy xo‘jaligida nogironligi bo‘lgan a’zolarning mavjudligi bilan bog‘liq ekanligi aniqlandi.

Fokus-guruh muhokamalari davomida men yana bir bor tushundimki, energiya islohotlari faqat raqamlar va tariflardan iborat emas. Ular odamlarning kundalik hayoti, farzandlarining iliq uyda yashashi va qarorlar qabul qilinayotganda o‘z ovozi eshitilayotganini his qilishi bilan bevosita bog‘liq,” – deydi Nurillo Abdunabiyev.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Ushbu suhbatlar Nurillo uchun muhim xulosani yana bir bor tasdiqladi. Energetika siyosati faqat texnologiya yoki iqtisodiy hisob-kitoblar bilan cheklanmaydi, u avvalo, odamlar hayoti haqida. Islohotlar hech kimni ortda qoldirmasligi, oilalar uylarini isitish masalasida moddiy qo‘rquvga duch kelmasligi va qarorlar qabul qilinayotganda ularning ovozi eshitilishi adolatli o‘tishning asosiy sharti hisoblanadi.

Bugungi kunda BMT Taraqqiyot Dasturidagi amaliy tajriba, chuqurlashtirilgan akademik ta’lim va jamoatchilik bilan bevosita muloqot Nurillo Abdunabiyev uchun mustahkam professional poydevorga aylangan. Bu tajriba unga eng kam imtiyozga ega bo‘lgan aholi manfaatlarini inobatga oluvchi, inklyuziv va adolatli siyosatlarni ishlab chiqish jarayonlarida faol ishtirok etish imkonini bermoqda. Hozirda u o‘z tadqiqot natijalari asosida bizning tahliliy ma’lumotnomamizning ishlab chiqilishini intiqlik bilan kutmoqda.