Yengil qadamlar bilan samarali boshqaruv sari
3-September, 2025
Toshkent viloyati, 2025 yil 3–4 sentabr — BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda “Davlat xizmatlari ko‘rsatishda biznes jarayonlarni qayta ishlash (BPR) bo‘yicha salohiyatni oshirish” mavzusida ikki kunlik seminar-treningni tashkil etdi. Tadbir Toshkent viloyatidagi Olmos Resort majmuasida o‘tkazilib, unda Adliya vazirligi, Davlat xizmatlari markazlari (DXM) va raqamlashtirish bo‘yicha mas’ul xodimlardan iborat 35 ga yaqin mutaxassislar ishtirok etdi. Maqsad — insonlar ehtiyojiga qaratilgan davlat xizmatlarini takomillashtirishda institutsional salohiyatni kuchaytirishdan iborat.
BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakili o‘rinbosari janob Anas Fayyad Qarman o‘z nutqida ta’kidlaganidek:
"Hozirgacha erishilgan yutuqlar tahsinga loyiq. Bugun my.gov.uz portalida 760 dan ortiq xizmat mavjud bo‘lib, ular 11 milliondan ortiq foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Bu jarayon xalqaro miqyosda ham e’tirof etildi — O‘zbekiston BMTning Elektron hukumat bo‘yicha global hisobotida “juda yuqori” rivojlanish guruhiga kirdi. Biroq haqiqiy transformatsiya — bu shunchaki hujjatlarni onlaynga o‘tkazish emas, balki butun xizmat jarayonini qayta ko‘rib chiqish, ortiqcha bosqichlarni olib tashlash va chinakam samarali hamda insonlar ehtiyojiga qaratilgan boshqaruvni shakllantirish demakdir".
Trening dasturi xalqaro tajriba va O‘zbekiston sharoitini uyg‘unlashtirdi. Amaliy usullar — keyslar, guruhlardagi mashg‘ulotlar, AS-IS va TO-BE jarayon xaritalarini tuzish orqali ishtirokchilar amaldagi sharoitni tahlil qilib, ortiqcha qadamlarni aniqladilar va ularni yanada sodda, tezkor va raqamli yechimlar vositasida qayta loyihalashni o‘rgandilar.
Mashg‘ulotlarda gender tengligi, huquqiy himoya va raqamli xizmatlarga teng imkoniyat tamoyillariga ham alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ishtirokchilar nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish, yer kadastri va ijtimoiy nafaqalar kabi xizmatlarga BPR usullarini qo‘llash bo‘yicha amaliy simulyatsiyalarni bajarishdi.
Trening yakunida mutaxassislar jarayonlarni tahlil qilish va qayta ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lib, o‘z tashkilotlarida islohotlarni amalga oshirishga tayyor bo‘ldilar.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi va BMTTDning qo‘shma loyihasi — “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” doirasida tashkil etildi. Loyiha BMT Barqaror Rivojlanish Maqsadlarining 16-maqsadi (“Tinchlik, adolat va samarali institutlar”) hamda 9-maqsadi (“Sanoat, innovatsiyalar va infratuzilma”)larga erishishga xizmat qiladi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun: Jaloliddin Badalov, kommunikatsiyalar bo‘yicha tahlilchi, BMTTD O‘zbekiston — jaloliddin.badalov@undp.org