O‘zbekiston Ikkinchi MMBH 3.0 muvofiqlashtirish seminari doirasida iqlim bo‘yicha majburiyatlarini kuchaytirmoqda
21-May, 2025

Toshkent, 2025-yil 21-may - Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Parij bitimi doirasida O‘zbekistonning yangilangan Milliy miqyosda belgilanadigan hissasini (MMBH 3.0) tayyorlash bo‘yicha ikkinchi muvofiqlashtirish seminarini o‘tkazdi.
Toshkentda gibrid (onlayn va offlayn) shaklda o‘tkazilgan tadbirda 100 dan ortiq ishtirokchi - milliy vazirlik va idoralar, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar, BMT tashkilotlari, xalqaro moliya institutlari hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari qatnashdi.
"BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekistonning kam uglerodli, iqlimga barqaror iqtisodiyotga o‘tishini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi," deb ta’kidladi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii o‘zining kirish so‘zida. "Barqaror rivojlanish ustuvorliklarini MMBH 3.0 ga kiritish orqali biz mamlakatimiz bo‘ylab inklyuziv o‘sishni, ish o‘rinlari yaratilishini va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashni tezlashtirishimiz mumkin."

Seminarning maqsadlari quyidagilardan iborat edi:
MMBH 3.0 ni ishlab chiqish bo‘yicha erishilgan yutuqlar va uning mamlakat iqlim maqsadlariga muvofiqligini taqdim etish
Xalqaro miqyosda qabul qilingan BMT ICTU uslubiyati talablariga javob beradigan bo‘lajak hujjatning asosiy bo‘limlarini taqdim etish (aniqlik, shaffoflik va tushunishni ta’minlash)
O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi hozirgi MMBH majburiyatlari bilan milliy darajada qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklarni aks ettiruvchi innovatsion vizualizatsiya vositasini namoyish qilish.
"Iqlim o‘zgarishiga qarshi samarali choralar nafaqat yuqori darajadagi ambitsiyalarni, balki ularni amalga oshirish uchun real va dalillarga asoslangan mexanizmlarni ham talab qiladi", - dedi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Farrux Sattorov. ""Ushbu seminar iqlim o‘zgarishini yumshatish va uning oqibatlariga moslashish bo‘yicha jalb qilingan milliy va xalqaro tashkilotlarning sa’y-harakatlarini yaxshiroq muvofiqlashtirishga yordam beradi".

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi va Gidrometeorologiya xizmati agentligi mutaxassislari tomonidan texnik taqdimotlar o‘tkazildi. Tadbir davomida BMT Taraqqiyot dasturining “Climate Promise” global dasturi doirasida amalga oshirilgan, mamlakatning iqlim bo‘yicha majburiyatlari va barqaror rivojlanish maqsadlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklarni o‘rganishga oid tadqiqotning asosiy natijalari batafsil taqdim etildi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi innovatsion raqamli vositalar yordamida natijalarni vizual tarzda ko‘rsatish imkoniyatlari ham namoyish etildi.
BMTning O‘zbekistondagi Doimiy Koordinatori Sabina Maxl barcha BMT agentliklari uchun yagona yondashuvni ta’kidlab o‘tdi:
"BMT tizimi doirasida to‘plangan katta tajriba va tarmoqlararo hamkorlik orqali BMT O‘zbekistonga iqlim bo‘yicha ambitsiyalarini oshirishda har tomonlama ko‘maklashishga tayyor. Bu esa butun dunyo oldida turgan umumiy vazifaga - iqlim o‘zgarishi oqibatida global haroratning 1,5°C darajadan yuqoriga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslikka o‘z hissasini qo‘shishga xizmat qiladi".

Muvofiqlashtirish seminari doirasida Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, UNICEF hamda GIZ kabi rivojlanish bo‘yicha hamkor tashkilotlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Unda ushbu tashkilotlarning strategik mavzuli hissalari muhokama qilinib, bu yondashuvlar O‘zbekistonning MMBH 3.0 (Milliy miqyosda belgilanadigan hissalar) hujjatini ishlab chiqish jarayonini ilg‘or bilim va yangi ma’lumotlar bilan boyitishi qayd etildi.
Seminar O‘zbekistonning shaffoflik, inklyuzivlik va ilmiy asoslangan siyosatni shakllantirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Mamlakat joriy yil oxirida Braziliyada bo‘lib o‘tadigan COP 30 oldidan o‘zining yangilangan MMBHsini taqdim etishga tayyorlanmoqda.
Mazkur ishga ko‘maklashish Daniya, Lyuksemburg va Koreya Respublikasi hukumatlari tomonidan Funding Windows platformasi orqali ajratilgan muhim grant moliyalashtirish hisobiga amalga oshmoqda. Bu platforma BMT Taraqqiyot dasturining moslashuvchan va birlashtirilgan moliyalashtirish bo‘yicha asosiy mexanizmi hisoblanadi va butun dunyo bo‘ylab yuzaga kelayotgan ehtiyoj va muammolarga tezkor hamda har tomonlama javob berish imkonini yaratadi.
O‘zbekiston 2025-yil noyabr oyida Braziliyada bo‘lib o‘tadigan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida (COP30) rejalashtirilgan taqdimotidan oldin yangilangan Milliy miqyosda belgilangan hissasini (MMBH 3.0) qabul qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston 1993-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasiga (BMT IO‘DK) a’zo bo‘lgan va 2018-yilda Parij bitimini ratifikatsiya qilgan. U o‘zining birinchi MMBHsini 2017-yilda (10% qisqartirish maqsadi bilan), so‘ngra 2021-yilda yangilangan ma’lumotlarni (35% qisqartirish maqsadi bilan) taqdim etdi. Bu O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga qo‘shgan hissasi va uning oqibatlariga ko‘proq moslashishini aks ettiradi. MMBH3.0 iqlim bo‘yicha milliy majburiyatlarni kuchaytirish yo‘lidagi muhim navbatdagi qadam bo‘lib, gender va ijtimoiy inklyuziv jihatlarni mamlakatning iqlim bo‘yicha milliy siyosatiga har tomonlama integratsiyalashgan.