Bo‘lajak huquqshunoslar O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ilgari surish yo‘lida amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda

30-June, 2026
Photo: UNDP Uzbekistan

Toshkent viloyati, 2026-yil 26-iyun — O‘zbekistonning turli hududlaridagi yuridik klinikalarda faoliyat yuritayotgan 30 nafar talaba-ko‘ngilli Toshkent viloyatida nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda inklyuziv yuridik yordamni rivojlantirishga bag‘ishlangan to‘rt kunlik Yozgi maktabda ishtirok etdi.

"Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlashda yuridik klinikalarning o‘rni: amaliy ko‘nikmalar, ijtimoiy himoya va inklyuziv yondashuvlar" mavzusidagi Yozgi maktab O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (UNDP) hamda Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) tomonidan hamkorlikda tashkil etildi.

Tashabbusning asosiy maqsadi yuridik klinikalarda faoliyat yuritayotgan talaba-ko‘ngillilarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ularni nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yanada qulay, sifatli va inklyuziv yuridik yordam ko‘rsatishga tayyorlashdan iborat bo‘ldi.

Yozgi maktab dasturi O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRPD) doirasidagi majburiyatlari hamda mamlakatda ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, tenglikni ta’minlash va odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlar asosida ishlab chiqildi.

Yozgi maktab davomida ishtirokchilar inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar, jumladan CRPDning asosiy tamoyillari va qoidalari, xalqaro monitoring mexanizmlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan tanishdilar. Shuningdek, ular O‘zbekistonning nogironlik, ijtimoiy himoya, bandlik, ta’lim, qulay muhit yaratish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini tartibga soluvchi milliy qonunchiligini o‘rgandilar.

Dasturda amaliy va interaktiv yondashuvga alohida e’tibor qaratildi. Keyslar tahlili, rolli o‘yinlar, yuridik maslahat berish jarayonlarini modellashtirish, hujjatlar tahlili hamda mijozlar bilan suhbat o‘tkazish mashqlari orqali ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan shaxslarga ehtiyojlarini inobatga olgan holda yuridik yordam ko‘rsatish hamda murakkab ijtimoiy vaziyatdagi mijozlar bilan samarali muloqot qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladilar.

Yozgi maktab tajribali huquqshunos-amaliyotchilar va nogironlik masalalari bo‘yicha ekspertlarni bir maydonga jamladi. Ular ishtirokchilar bilan etik muloqot, inklyuziv xizmatlar ko‘rsatish hamda yuridik klinikalar faoliyati metodologiyasi bo‘yicha amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, Yozgi maktab yuridik klinikalar ko‘ngillilari o‘rtasidagi professional hamkorlikni mustahkamlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini amaliy yuridik yordam va mahalliy hamjamiyatlar bilan faol hamkorlik orqali ilgari surishga qaratilgan umumiy yondashuvni shakllantirishga xizmat qildi.

Yozgi maktab O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan hamkorlikda, Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan UNDPning "O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish" loyihasi doirasida tashkil etildi.